Nima sababdan maxsus xizmatlar Telegram'ni yomon ko‘radilar?

Nima sababdan maxsus xizmatlar Telegram'ni yomon ko‘radilar?

Pavel Durov o‘z so‘zida turdi - Telegram Rossiyada bloklanishi aytilsa ham Federal Xavfsizlik Xizmati (FSB)ga tarmoqdagi yozishmalarni o‘qish imkonini bermadi. Qo‘yilgan talab bajarilmagandan keyin Roskomnadzor Telegram xizmati ustidan sudga ariza berdi va bugun bo‘lib o‘tadigan sud natijasi Telegram'ning Rossiyadagi taqdirini hal qilishi kutilmoqda. Biz bu haqida kecha xabar bergan edik.

Telegram va Rossiya hukumati o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygandan so‘ng bir qancha manbalar, jumladan, bizning saytimiz ham messenjerga qo‘yilgan to‘siqni qanday aylanib o‘tish haqida maslahatlar bera boshladi. Ammo bir savolga javob topish ko‘pchilikning hayoliga kelmagan ko‘rinadi: Maxsus xizmatlar nega Telegram'ni bunchalik yomon ko‘radilar va uning rahbariyatiga bosim o‘tkazishga harakat qiladilar? Ko‘rinishidan oddiy savoldek tuyiladi, lekin uning javobi jo‘n emas. Keling, masalaning siyosiy va huquqiy tomonlarini aylanib o‘tib, o‘zimizga mos - texnik yondashuv orqali savolga javob topib ko‘rsak.

O‘QING: Pavel Durov Rossiya hududida Telegram'ning bloklanishiga rozi bo‘ldi

Haqiqiy shaxsiy maxfiylik

Maxsus xizmatlar Telegram'dan talab qiladigan asosiy narsa - bu tarmoq orqali jo‘natiluvchi xabarlarni o‘qish imkonini berilishi. Roskomnadzorning da’vo qilishicha, ushbu messenjer xizmatidan nafaqat oddiy fuqarolar, balki jinoyatchilar ham foydalanadilar. Masalan, messenjerdagi maxfiy chatlar ko‘p hollarda noqonuniy tovar ayirboshlash, ya’ni qora bozor markaziga aylanadi. Bunday yozishmalarni fosh qilish uchun esa messenjerning yaratuvchilaridan boshqa hech kim yordam bera olmaydi. Telegram'da xabarlar shunday kuchli himoyalanganki, uni manaman degan maxsus xizmatlar ham ocha olmaydi. Hozircha, albatta.

Bundan tashqari messenjer rahbariyati o‘z foydalanuvchilari kim bo‘lishidan qat’iy nazar ular haqidagi ma’lumotlarni hatto davlatga ham taqdim etmaydi.

O‘QING: Rossiyalik jurnalistlar Telegram masalasi bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilishdi

Murakkab struktura

FSB Pavel Durovdan yozishmalarni o‘qishga yordam beruvchi kriptogrammani shunchaki taqdim qilishni talab qilmoqda. Biroq asosiy masala shundaki, hatto Pavel Durov va uning jamoasi ham texnik jihatdan tarmoqdagi xabarlarni o‘qish imkoniga ega emas - messenjerning arxitekturasi shunday o‘ziga xos tuzilgan. Xabarlarni to‘liq ochish uchun zarur bo‘ladigan kripto-kalitlar yaratuvchilarda mavjud emas - kripto-kalitlar foydalanuvchidan foydalanuvchiga ko‘chib yuradi, serverlarda saqlanmaydi. 

Serverlarning joylashuvi

Maxsus xizmatlarning hisoblashicha, Rossiyada Telegram serverlarining mavjud emasligi tarmoq bilan bog‘liq ikkinchi jiddiy muammodir. Messenjer Rossiya Federatsiyasi hududida “axborot tarqatishni tashkil qiluvchilar reestri“ga kiritilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bunday reestrga kiritilgan operatorlar bir qator talablarni bajarishi lozim. Masalan, Rossiyada ro‘yxatga olingan tarmoq o‘z ma’lumotlarini aynan mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlashi kerak. Telegram'ning esa Rossiya hududida bunday ma’lumotlar omborxonasi yo‘q. Ya’ni biror hukumat vakillari, politsiya yoki FSB zarur paytlarda Telegram serverlariga kirib, undagi qattiq disklarda saqlanayotgan ma’lumotlarni olib keta olmaydi.

Blokirovkadan himoya

Hozirgi voqealar Pavel Durov kun kelib maxsus xizmatlar uning messenjeriga qarshi chiqishlarini oldindan bilgani va bu kun kelishiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganidan dalolat bermoqda, ya’ni messenjerning kompyuter va mobil ilovalarida proksi-serverlarga ulanish imkoniyati anchadan buyon mavjud. Bunday serverlar internetga chiqish yo‘liga qo‘yilgan to‘siqni chetlab o‘tib, boshqa davlatda joylashgan kompyuter orqali tarmoqqa ulanish imkonini beradi. Bundan tashqari Telegram'ning o‘zida ham qo‘shimcha dasturlar o‘rnatilishini talab qilmaydigan VPN-botlar mavjud. Mobil qurilmaga o‘rnatilgan VPN ilovalar ham internetga qo‘yilgan to‘siqni osonlikcha olib tashlab, messenjerning odatdagidek ishlashiga sharoit yaratadi. Soddaroq aytganda, Roskomnadzor Telegram'ni butunlay bloklash imkoniga ega emas.

O‘QING: Telegram va Roskomnadzor mojarosiga Ramzan Qodirov ham aralashdi

Ikki bosqichli shaxsni tasdiqlash

Maxsus xizmatlar uchun Telegram'ning yana bir kamchiligi - unda ikki bosqichli shaxsni tasdiqlash jarayoni joriy qilinganidir. Bundan bir necha yil oldin maxsus xizmatlar tarmoqdagi istalgan akkauntni osonlikcha ocha olar edi. Buning uchun nishonda turgan shaxsning telefon raqamini messenjerga terish va tasdiqlash kodi yuborilgan SMS xabarni tutib olishning o‘zi kifoya edi. 2015 yilda esa yaratuvchilar mavjud akkauntga yangi qurilmadan kirish chog‘ida SMS koddan tashqari qo‘shimcha parol ham so‘raydigan ikki bosqichli himoyani joriy qildilar. Biroq ushbu ikki bosqichli shaxsni tasdiqlash funksiyasi foydalanuvchi tomonidan yoqib qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Aks holda yangi qurilmadan mavjud akkauntga kirish uchun SMS tasdiq kodining o‘zi kifoya bo‘ladi.

Pavel Durov

Maxsus xizmatlarning jig‘iga teguvchi navbatdagi omil Pavel Durovning o‘zidir. Bir vaqtlar bu yosh milliarder hukumat tomonidan bo‘layotgan bosimlar tufayli o‘z jamoasini olib, Birlashgan Arab Amirliklariga ko‘chib ketgan edi. Durov istalgan davlat tomonidan uning messenjer xizmatiga qarshi bosim o‘tkazilishidan qo‘rqmasligini ochiq aytib keladi. Shu sababli ham Rossiya maxsus xizmatlari bu yigitchaning popugini pasaytirib qo‘yishni istar balki.

Ayni paytda Moskva shahrida Telegram messenjer xizmati ustida sud jarayoni boshlandi. Bizdan uzoqlashmang va biz bu boradagi so‘nggi yangiliklarni o‘z vaqtida sizga yetkazamiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!