Nima uchun VPN'dan foydalanish kerak? (+bonus)

Nima uchun VPN'dan foydalanish kerak? (+bonus)

Aksariyat odamlar internetdagi faoliyati maxfiy bo‘lishiga har qachongidanda ko‘p e’tibor qaratmoqda. O‘z xavfsizligini o‘ylovchilar uchun VPN yoki, inglizcha qilib aytganda, «virtual private network» (virtual maxfiy tarmoq) mavjud bo‘lib, uning yordamida internetdan foydalanayotganda shaxsingizni yashirishingiz mumkin.

Quyida VPN vositasida yashirish mumkin bo‘lgan 9 elementni sanab o‘tish asnosida, bu turdagi tarmoqning afzalliklariga to‘xtalamiz. Maqola davomida sarlavhada va’da qilingan bonusni keltirib o‘tamiz. Post oxirida esa asosiy sovg‘aga ega bo‘lasiz.

1/9. VPN IP manzilingizni yashiradi

IP manzil haqida oldin ham yozgan edik. Shunday bo‘lsada, yana eslatib o‘tamiz: IP manzil — internetga ulangan qurilmangizning unikal adresidir. IP adresning yomon jihati shuki, uning yordamida sizning internetdagi faoliyatingiz kuzatib borilishi mumkin. Uchinchi tomon, jumladan, sizning qidiruv tarixingiz, tashrif buyurgan sahifalaringiz, ijtimoiy tarmoqdagi faolligingiz va ko‘plab boshqa harakatlaringizni kuzata oladi.

VPN'dan foydalanish esa sizning haqiqiy IP manzilingizni yashiradi. Bu bilan esa internet-servis provayderingiz (ISP), qidiruv tizimlari, veb-saytlar, marketingchilar va xakerlar sizni sharpadek ta’qib qila olmaydi.

+Bonus
Brauzeringizning maxfiy yoki inkognito rejimi ma’lum darajada maxfiyligingizni ta’minlaydi, ammo ISPingiz bu bilan ham sizni kuzata olishi mumkin. Provayder kuzatuvini oldini olish uchun VPN yoki boshqa xizmatlardan foydalanishni tavsiya qilamiz.

2/9. VPN geoma’lumotlaringizni yashiradi

VPN xizmatlari IP manzilingiz hamda geografik joylashuvingizni boshqacha qilib ko‘rsatish orqali butun dunyo bo‘ylab joylashgan turli serverlardan foydalanib, internetga ulanishingizni ta’minlaydi. Bu, xususan, bloklangan saytlarga kirish, siz joylashgan hududda cheklangan xizmatlar (masalan, O‘zbekistonda YouTube Music, Spotify, SoundCloudu kabi) va IP-telefoniya servisidan foydalanish imkonini beradi.

Qo‘shimcha ravishda, haqiqiy IP manzilingizni o‘zgartirish bilan aviachipta, mehmonxonalar va boshqa mahsulotlarga arzonroq narxda ega bo‘lishingiz mumkin. Buni sinab ko‘rish uchun turli mamlakatlarda joylashgan serverlarga VPN bilan ulaning va biror bir xizmat turi narxlarini taqqoslang. Farqni sezdingizmi?

+IP adresingiz sizni qayerda deb ko‘rsatyapti? Buni bilish whatismyipaddress.com saytiga kiring.

3/9. VPN shaxsiy ma’lumotlariningizni yashiradi

Bir tomondan qulay bo‘lsa-da, ommaviy Wi-Fi'lar maxfiyligingizga katta xavf soladi. Bu turdagi tarmoqlar orqali xakerlar hech qiyinchiliksiz sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘g‘irlashi va hatto qurilmangizga virus jo‘natishi mumkin. Bu ham yetmagandek, parollaringiz bilan login ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanishi ham hech gap emas. Xakerlar hatto messenjerlardagi suhbatingizga ham «burnini suq»a olishi hech gap emas.

VPN bilan tarmoqqa ulanish esa maxfiy ma’lumotlar maxfiyligicha qolishini kafolatlaydi. Inkapsulyasiya va shifrlash usullaridan foydalanib, VPN ishonchli bo‘lmagan tarmoqlar va ommaviy Wi-Fi'lar bo‘ylab yashirin tunnel yaratadi. Shundagina aeroport, mehmonxona, kafe va restoranlardagi faol nuqtalardan qo‘rqmasdan foydalana olasiz.

O‘QING: Nega internetda hamma uchun joy topilaveradi?

4/9. VPN torrentni yashiradi

Brauzerdagi qidiruv tarixingiz va kukilarni o‘chirib yuborsangiz ham, sizni kuzatmoqchi bo‘lgan odam uchun internetdagi faoliyatingiz ochiqligicha qolaveradi, IP adresingizni olish bilan siz internetda qidirgan hamma narsani ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Yuqorida ham aytilganidek, brauzerning maxfiy/inkognito rejimi yoqilgan taqdirda ham, ISP brauzeringiz turi, operatsion tizimingiz va plag-inlar yordamida sizning shaxsingizni aniqlay oladi. VPN'ni yoqib olish bilan esa, torrentni (BitTorrent - bu birga-bir fayl almashish uchun aloqa protokoli bo‘lib, internet orqali ma’lumotlar va elektron fayllarni tarqatishda foydalaniladi) yashirishingiz va ma’lumotlar maxfiyligiga erishishingiz mumkin.

5/9. VPN torrentni yashiradi

Media kompaniyalari birga-bir fayl almashish tarmoqlaridagi torrent trafikka qarshi kurashni kuchaytirmoqdalar. Agar mana shu vaziyatda siz mualliflik huquqini buzgan deb topilsangiz, ogohlantirsh olishingiz yoki undan ham yomonrog‘i, katta jarimaga tortilishingiz ham hech gap emas.

Agar torrentdan ko‘p foydalansangiz, IP manzilingizni yashirish va torrent faoliyatingizni maxfiy saqlash uchun VPN'dan foydalanishingiz mumkin. Yuqori darajadagi maxfiylikni ta’minlovchi, tezlik va eng so‘nggi shifrlash protokollariga ega taniqli VPN provayderidan foydalanishingizni maslahat beramiz.

6/9. VPN ijtimoiy tarmoqlarda shaxsingizni yashiradi

Ijtimoiy tarmoq, blog va forumlarning foydalanuvchisi bo‘lsangiz va atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga faol ravishda kommentlar qoldirsangiz, sizga shaxsingizni yashirish uchun aqlli soxta nomdan ko‘prog‘i kerak bo‘ladi. Veb-sayt ma’muri nafaqat sizning sharhlaringizni ko‘rishi, balki IP manzilingizdan foydalanib sizni kuzatishi ham mumkin.

Agar sharh va fikrlaringizni anonim saqlashni istasangiz, IP manzilingizni niqoblash uchun VPN'dan foydalaning. Shunda, sizni kimdir aniqlamoqchi bo‘lsa, buzilgan IP manzil bilan sizni kuzatishlari qiyin kechadi.

O‘QING: Internet haqida qiziqarli faktlar

7/9. VPN xaridlar borasidagi odatlaringiz haqidagi ma’lumotlarni yashiradi

Onlayn xarid qilish odatlarimiz shaxsiy hayotimiz haqida ko‘p narsani ochib beradi. Ba’zi hollarda, xaridlaringiz haqidagi ma’lumotlarni maxfiy saqlashni xohlashingiz mumkin. VPN kompyuteringiz va siz mahsulot sotib olayotgan veb-sayt o‘rtasida tunnel vazifasini bajaradi. Bu elektron tijorat veb-saytlarining IP manzilingizni kuzatishi va uni xarid qilish amaliyotlaringiz bilan bog‘lashidan asraydi. Natijada, maxfiyligingiz himoya qilinib, sizga maqsadli reklamalar berilishining oldi olinadi.

8/9. VPN telefoningizda amalga oshirayotgan faoliyatingizni yashiradi

Bugungi kunda internetga kirish uchun mobil telefonlardan foydalanayotganlar soni ortib bormoqda. Ammo shuni yodda tutish kerakki,
uyali telefoningiz orqali internetdan foydalanganingizda, o‘zingizning IP manzil, joylashuv va faoliyatingizni tarmoqqa uzatasiz. Ofisingizdagi VPN kabi mobil VPN ilovasi ma’lumotlar shifrlanishi va maxfiylikni ta’minlaydi. Internetga qayerda turib kirishingizdan qat’i nazar, mobil faoliyatingiz anonim bo‘lishiga yordam beradi.

9/9. VPN ish beruvchingizdan veb-syorfingizni yashiradi

Ko‘pgina kompaniyalar ish vaqtida ishchilarga internetga kirishga ruxsat beradi. Ammo xo‘jayiningiz Facebook yoki Instagram'da necha soat sarflayotganingizni ko‘rishini xohlamasangiz kerak, albatta. Yashiradigan ma’lumotingiz bo‘lmasa ham, kompaniyangiz tarmog‘ida VPN'dan foydalanish brauzeringiz faoliyatini maxfiy saqlashga yordam beradi. Ortiqcha ehtiyotkorlik zarar qilmaydi!

*****

Ana endi va’da qilingan asosiy bonusga ham yetib keldik. Quyida eng ishonchli bo‘lgan VPN ilovalarining top o‘ntaligini keltirib o‘tamiz. Istalgan nom ustiga bosib, dasturni Android uchun yuklab olishingiz mumkin bo‘ladi.

1. NordVPN;
2. Hotspot Shield;
3. Windscribe;
4. Hide me;
5. PrivateVPN;
6. TunnelBear;
7. ProtonVPN;
8. Opera VPN;
9. Speedify;
10. Better net.

Veb-faoliyatiningiz maxfiy va xakerlar kuzatuvidan xoli bo‘lishini tilagan holda, bizni kuzatishda davom eting, deb qolamiz.

O‘QING: Internet biz kutgandek bo‘lmadi(mi)?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!