Nokia 3310: qayta tug‘ilgan afsona haqida 8 fakt

  •   DiMaX
  •  4092
  •  02.03.2017 16:17

Nokia 3310: qayta tug‘ilgan afsona haqida 8 fakt

MWC 2017 ko‘rgazmasida, Nokia brendi ostidagi yangi smartfonlar qatori, 3310 telefoni ham namoyish etildi. Bu – Nokia tarixidagi eng muvaffaqiyatli modellardan birining remeyk versiyasidir. 2000-yillarning boshlarida bu qurilma haqiqiy afsonaga aylangan edi.

Xo‘sh, uning «qayta tug‘ilgan» versiyasida bizni qanday yangiliklar kutmoqda?

Originalidan ko‘ra 10 barobar uzoqroq ishlaydi

Smartfon – qulay narsa, ammo uni har kuni quvvatlantirib turish kerak bo‘ladi. «Qadrdon» Nokia 3310 esa kutish rejimida 260 soatgacha ishlar edi. Tasavvur qilyapsizmi: o‘n kundan oshiq vaqtgacha siz umuman rozetka izlamaysiz! To‘g‘ri, suhbatlashish rejimida batareya quvvati tezroq – 2-4 soatda tugab ulgurar edi, lekin shu natija ham ko‘pchilik smartfonlar sohiblari uchun orzu-ku!

Yangi Nokia 3310 esa, ishlab chiquvchilarning bayonotiga ko‘ra, quvvatlantirishsiz yanayam uzoqroq vaqt turib bera oladi. Ta’kidlanishicha, kutish rejimida 30 kungacha uning batareyasi quvvati tugamasdan turadi. To‘xtovsiz suhbat rejimida esa u endi ikki emas, balki naq 22 soatga bardosh beradi! Ha, telefoningizning zaryadidan avval hisobingizdagi pulingiz tugashi ham hech gapmas…

Endi u «g‘isht» emas!

Eski Nokia 3310 modelini «g‘isht» deb atashardi, ammo bu hazildan telefon egalari xafa bo‘lishmasdi. Hozirda – olti dyuymlik «belkurakfon»lar davridagina 133 gramm vaznga va 22 mm qalinlikka ega telefon kishining kinoyali tabassumiga sabab bo‘ladi. 2000 yillarda esa bu qandaydir bahaybat qurilma edi!

3310 modelining remeyki bo‘lsa eskisi kabi «qo‘pol» ko‘rinmaydi. Uning vazni 85 grammni tashkil etadi, korpusi qalinligi esa 12,8 mm.gacha ixchamlashtirilgan.

«Zmeyka» o‘yiniyam bor!

Afsonaviy Nokia 3310 ishlatganlar undagi oddiygina, ammo qadrdon «Zmeyka» o‘yinini hozir ham yaxshi eslashadi. Qayta chiqarilgan modelda ham shu nomdagi o‘yin bor, biroq u originaliga umuman o‘xshamasligi hafsalani pir qiladi. Faqat bir jihati yaxshi – endi o‘yin rangli tasvirda. Original Nokia 3310 modelida 84x48 pikselli monoxrom ekran bo‘lgan bo‘lsa, remeykka 240x320 nuqta sig‘imli 2,4 dyuymli suyuq kristalli ekran o‘rnatilgan.

Mustahkamligi hali sinalmagan

Nokia 3310 mustahkamligi haqida afsonalar ko‘p – uni o‘n yettinchi qavatdan tushirib yuborishgan, unitazda cho‘ktirishgan, devorlarga urishgan, to‘p o‘rnida tepib futbol o‘ynashgan… Garchi uning himoya standartlari haqida ishlab chiqaruvchi tomonidan birorta ham balandparvoz bayonot qilinmagan bo‘lsa-da, gadjet bu sinovlarning barchasiga mardona turib dosh bergan!

Uning «o‘lmas»ligi siri, qisman, qurilmaning tuzilishida edi. Kuchli zarbalarda Nokia 3310 shunchaki uchta qismga bo‘linib qolar edi: batareya, orqa qopqoq va asosiy tanasi. Keyin esa ularni yana joy-joyiga qo‘yib, telefonni yoqib, xotirjam ishlataverish mumkin edi.

Xo‘sh, yangi 3310 ham shunaqa sinovlarga bardoshli ekanmi? Hozircha bunisi noaniq, ammo bu devaysning tuzilishi ham xuddi avvalgisi kabi. Buni yaqin orada bilib olsak ham kerak – qiziquvchan foydalanuvchilar yangi devays ustida turlicha «mustahkamlik testlari» o‘tkazib, videolarini internetga joylashlari tabiiy. Bizni kuzatib borsangiz, bu boradagi yangiliklardan ham birinchilar qatorida xabardor bo‘lasiz.

Yangi 3310 suratga oladi

2000 yili dunyoga kelgan Nokia 3310 modelida, tabiiyki, kamera degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Monoxrom ekranli telefonga kameraning nima keragi bor o‘zi? O‘sha paytdagi o‘smir-yoshlar uchun eng katta baxt – kompyuter klubidagi bir soatlik o‘yin, yangi rington yoki displeyga qo‘yiladigan chiroyli rasm edi…

Yangi Nokia 3310 esa 2 megapikselli haqiqiy kamera bilan jihozlangan, yana yorug‘lik-diodli chaqnog‘i ham bor. To‘g‘ri, bu bilan maqtanib bo‘lmaydi, ammo shoshilinchda bundayroq suratlar olishga yaraydi.

Ikkita «simka», microUSB va «fleshka»

Tabiiyki, 2017 yilgi «trubka» 2000 yilgisiga nisbatan zamonaviyroq bo‘lishi talab etiladi. «Qayta tug‘ilgan» Nokia 3310 ham batareyani quvvatlash uchun aylanasimon mitti tirqishdan voz kechib, zamonaviy microUSB bilan jihozlangan.

Buning ustiga, unga birvarakayiga ikkita SIM-karta qo‘yish mumkin. telefonning 16 MBlik doimiy xotirasini esa microSD yordamida kengaytirish imkoniyati mavjud.

Endi u «Made in China»

«Qadimgi» Nokia 3310 modelini Finlyandiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridagi malakali ishchilarning mehnatsevar qo‘llari yig‘ar edi. Yangisi esa Xitoyda ishlab chiqarilyapti. To‘g‘ri, «Osmon osti saltanati»dagi ishchilar haqida yomon gapirmoqchi emasmiz, ammo bu mamlakatda sifat tushunchasi o‘ta nisbiy ekanligi hozirga kelib sir bo‘lmay qolgan.

Darvoqe, Nokia brendi ostida uyali telefonlar, smartfon va planshetlar ishlab chiqarish borasidagi barcha huquqlar endi HMD Global kompaniyasiga tegishli. To‘g‘ri, bu Finlyandiya kompaniyasi va unda qadimgi Nokia’ning ko‘pgina faxriylari ham ishlashadi. Ammo baribir bu – biznesga boshqacha nazar bilan qaraydigan yangi tashkil etilgan tuzilma. Ular ishining natijalarini esa vaqt ko‘rsatadi.

Remeyk 50 yevro turadi

«Qayta tug‘ilgan» Nokia 3310 savdoga joriy yilning ikkinchi choragidan chiqarilishi rejalashtirilgan. Uning narxi ham ma’lum – 49 yevro. Xitoyda ishlab chiqarilgan, xuddi shunday funksiyalarga ega bo‘lgan ko‘plab telefonlar bundan ancha arzon turishini hisobga olsak, finlar bu modelga mijoz yig‘ish uchun ancha ter to‘kishlariga to‘g‘ri kelishi aniq. Foydalanuvchilarning afsonaviy, qadrdon brendga bo‘lgan muhabbatlari tufayligina yaxshi savdodan umid qilish qiyin.

Mayli, nima bo‘lganda ham, mazkur qurilma haqida foydalanuvchilarning fikrlari, videolari ham chiqishini kutamiz. Bu boradagi yangiliklarni darhol sizga yetkazishga oshiqamiz, bizdan uzoqlashmang!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.