Nokia 3.4 hamda Nokia 2.4 taqdim etildi: NFC chipli arzon smartfonlar! (+videolari)

  •   DiMaX
  •  2565
  •  23.09.2020 13:17

Nokia 3.4 hamda Nokia 2.4 taqdim etildi: NFC chipli arzon smartfonlar! (+videolari)

HMD Global kompaniyasi kecha – 22 sentyabr kuni Nokia brendi ostida ikkita telefon namoyish qildi. Nokia 3.4 hamda Nokia 2.4 rusumli mazkur qurilmalar arzon bo‘lsa-da, har ikkalasiyam NFC moduli bilan ta’minlangan.

O‘QING: Nokia uchta modelda tugmachali 4G-telefon chiqaryapti: sun’iy ongli, YouTube, WhatsApp va Facebook’li!

Nokia 2.4 modeli tomonlari o‘zaro 20:9 nisbatli, diagonaliga 6,5 dyuymlik HD+ displeyga ega. Uning 5 megapiksellik old kamerasi ekranning tomchisimon kemtigiga o‘rnatilgan. Smartfonning bosh kamerasi 12 va 2 megapiksellik datchiklarni va fotochaqnoqni o‘z ichiga oladi. Orqa panelda tikkasiga joylangan kamera moduli ostida barmoq izi skaneri bor.

Ushbu smartfonning samaradorligi uchun MediaTek Helio P22 protsessori mas’ul. Nokia 2.4 tezkor xotirasi 2 va 3 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 32 va 64 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Uning avtonomligini 4500 mA/soatlik akkumulyator ta’minlab beradi.

Quyida Nokia 2.4 smartfonining rasmiy videosini tomosha qilamiz:

Nokia 2.4 smartfoni Android One dasturi doirasiga kirgan bo‘lib, Android 11 va hatto Android 12 talqinigacha yangilanishi kafolatlangan. Bundan tashqari, HMD Global uni uch yilgacha xavfsizlik patchlari bilan ta’minlab turishga va’da bermoqda.

O‘QING: Ushbu 38 ta rusumdagi Samsung smartfon va planshetlari naq Android 13’gacha yangilanadi!

Yangi smartfonlarning ikkinchisi – Nokia 3.4 modeli esa 6,39 dyuymlik HD+ ekranga ega. Selfi-kamera uchun uning displeyida kemtik emas, balki tirqish ochilgan va 8 megapiksellik datchik joylangan. Gadjetning bosh kamerasi esa 13 + 5 + 2 megapiksellik uchta sensor va fotochaqnoqdan iborat. Doirasimon kamera blogidan pastroqda daktiloskop o‘rnatilgan.

Nokia 3.4 apparat ta’minoti asosini Snapdragon 460 protsessori tashkil qiladi. Ishlab chiqaruvchi bu modelini 3 va 4 gigabaytlik tezkor xotirali variantlarda sotadi. Akkumulyatorining tok sig‘imi 4000 mA/soatlik bo‘lgan mazkur smartfonda ham «toza» Android tizimi qo‘llangan – tizim yangilanishlari, xavfsizlik patchlari va boshqa apdeytlar borasida xavotirga o‘rin yo‘q.

Nokia 3.4 rasmiy videoroligiga ham nazar solamiz:

Nokia 3.4 modeli oktyabrning boshida 160 yevro narxida (3/32 gigabaytligi) sotuvga chiqadi. Uning boshqa – nisbatan katta hajmli xotiraga ega variantlari keyinroq chiqadi. Nokia 2.4 esa shu oyning oxirigacha, 2/32 gigabaytligi 120 yevrodan sotila boshlaydi.

O‘QING: 95 dollarlik Nokia C3 chiqdi: Android 10 tizimli smartfon naq 400 GB xotirani qo‘llab-quvvatlaydi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!