Nokia 9: moviy flagman suratini ko‘rsatishdi

  •   DiMaX
  •  2103
  •  03.10.2017 15:28

Nokia 9: moviy flagman suratini ko‘rsatishdi

Aftidan, HMD Global kompaniyasining «haqiqiy» flagmani – Nokia 9 yaqin orada taqdim etilsa kerak. Ushbu qurilma bilan bog‘liq ma’lumotlarning ko‘plab «sizib» chiqayotganligi shundan darak beradi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

Yangi rangi

Gap-so‘zlarga qaraganda, bu smartfon bozorga yaqin oylarda va asosiysi – yuqori xususiyatlarga qaramay, munosib narxda taqdim etiladi. Bugun esa Nokia 9’ning yangi – ko‘k rangdagi korpusga ega namunasining surati chiqdi.

Avvalgi renderlarda Nokia 9 qurilmasining «Copper Gold» rangli namunasi ko‘rsatilgan edi. Endi esa ko‘k rangdagi flagmanning sifatli rasmi taqdim etilgan. Ularga qarab, smartfonning old va orqa tomonidan ko‘rinishlari haqida yetarlicha tasavvur hosil qilish mumkin.

Ustunliklari bisyor

«Sizib chiqqan» ma’lumotga qaraganda, Nokia 9 ikki tomoni qayrilgan, romsiz ekranga ega, displeyi OLED asosida ishlangan. Smartfonning ekrani ham, korpusining orqa paneli ham 3D-shishadan ishlangan. Bu esa gadjetning simsiz quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashidan dalolat beradi.

Smartfonlar platformasini baholaydigan Geekbench benchmarkida «HMD Global (Nokia) TA-1004» nomi bilan imtihondan o‘tganidayoq Nokia 9 xususiyatlari yuqori ekanligi ma’lum bo‘lgandi. Nokia 8 modelidagi singari, yangi flagmanning qo‘shaloq kamerasi ham Carl Zeiss optikasiga ega, ammo «kuchliroq» bo‘ladi.

Nokia 9’ning asosiy xususiyatlari:

  • Displey: QHD sifatli, 3D-shishali, 5,5 dyuymli OLED-displey;
  • Chip: Snapdragon 835;
  • Xotira: 6/8 GB tezkor va 128 GB doimiy;
  • Kamera: Carl Zeiss optikali, asosiy – 12+12 Mp, old kamera –12 Mp;
  • Operatsion tizim: Android 8.0 Oreo.

Himoya va narx-navo

HMD Global kompaniyasining ushbu flagmani IP68 sertifikatiga ega, ya’ni suvga va changga chidamli bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, Nokia 9 ko‘z yoy pardasi skaneri bilan ham jihozlanishi haqida ma’lumotlar mavjud. Barmoq izi datchigi esa orqa paneldan o‘rin oladi.

So‘nggi tarqalgan xabarlarga qaraganda, Nokia 9 narxi 749 yevroni tashkil etadi. Ammo uning qachon taqdim etilishi haqida hozircha aniq bir ma’lumot yo‘q.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!