Nokia: «Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz...»

  •   DiMaX
  •  1888
  •  06.05.2020 14:03

Nokia: «Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz...»

Koronavirus pandemiyasi sababli ko‘plab ishlab chiqaruvchilar zarar ko‘rayotgani aniq, xususan – smartfonsozlar. Ayniqsa, nisbatan yaqinda Nokia brendi ostida smartfonlarni qayta chiqara boshlagan HMD Global kompaniyasi...

O‘QING: Nokia 5.3 va Nokia 1.3 taqdim etildi – «krizisga qarshi» smartfonlar! (+videolar)

Counterpoint Research tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yil ichida ilk bora mana shu yilning birinchi choragida dunyo bo‘ylab 300 milliontadan kam smartfon sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 13 foizga pastdir. Eng yirik smartfon bozorlaridan biri bo‘lmish Xitoyda esa ahvol yanada chatoq – pasayish 27 foizga yetgan!

Ushbu davrda eng yirik o‘sish Realme brendida kuzatilgan – 157 foiz! Boshqa brendlarda esa yo yuksalish kam, yo umuman pasayish bor. Yilning ilk choragida Samsung kompaniyasi eng ko‘p smartfon sotgan, ikkinchi o‘rinda esa Huawei va uning Honor brendi kelyapti. Kuchli uchlikni yakunlayotgan Apple smartfonlari savdosi esa donabay hisobda 5 foizga, daromad jihatidan esa 7 foizga pasaygan. Xiaomi kompaniyasi savdolari 7 foizga oshgan – bunda uning Hindiston smartfon bozorida 30 foizlik ulushini saqlab turgani e’tiborli.

O‘QING: 1000 dollarlik Galaxy S20+’ni mag‘lub etgan, o‘zi atigi 200 dollarlik smartfonni bilasizmi? («Jonli» test videosi)

2020 yilning birinchi choragida sotilgan jami smartfonlarning 8 foizi 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi modellardir. O‘tgan yilning so‘nggi choragida bu ko‘rsatkich atigi 1 foiz bo‘lganini hisobga olsak, 5G-smartfonlar kelajagi porloq.

Yakuniga yetgan kvartalda mobil qurilmalar bozorida HMD Global kompaniyasidan omad yuz o‘girdi. Nokia brendi ostidagi tugmachali telefonlar savdosi bir yilda 34 foizga pasayib, atigi 8,6 million donagacha tushgan. Nokia smartfonlarining savdosi esa 2019 yilning ikkinchi choragidan buyon pasayib kelmoqda. Ammo bu yilning birinchi kvartalida kompaniya tarixida eng yirik – naq 45 foizlik pasayish bo‘ldi!

Bu yerda gap faqat koronavirusda emasligi aniq, ammo baribir HMD Global rahbariyati Nokia brendini bevaqt jonlantirgan-ov...

O‘QING: Siz kutgan funksiya qaysi Android-smartfonlarga qaytyapti – Google aniqlik kiritdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!