Nokia bu yilgi eng arzon smartfonlarini taqdim etdi: ikkalasiyam Android 11 tizimli! (+video)

  •   DiMaX
  •  1103
  •  09.04.2021 13:43

Nokia bu yilgi eng arzon smartfonlarini taqdim etdi: ikkalasiyam Android 11 tizimli! (+video)

HMD Global kompaniyasi kecha – 8 aprel kuni bir nechta rusumdagi yangi smartfonlarini taqdim etdi. Ular orasida eng arzonlari esa Nokia C10 hamda Nokia C20 modellari bo‘ldi.

O‘QING: Nokia quvvati 2 kunga yetuvchi arzon smartfon namoyish qildi

Ushbu gadjetlar bu ishlab chiqaruvchining 2021 yildagi eng arzon smartfonlari bo‘ldi: Yevropa bozorida Nokia C10 modeli 75 yevro, Nokia C20 esa 89 yevro narxida sotiladi. Narxiga yarasha, ularning texnik xususiyatlari ham past bo‘lib, shunaqa telefonlarga moslangan – Android 11 Go Edition operatsion tizim talqiniga ega.

Nokia C10

Har ikkala smartfonning ham old va orqa kameralari bir xilda – 5 megapiksellik yakka datchik va fotochaqnoqlarga ega. Ularning dizayni ham bir xil: bosh kamera va chaqnog‘i doirasimon blokka joylangan, selfi sensori displey kemtigiga, chaqnog‘i esa ekran tepasiga o‘rnatilgan.

O‘QING: Nokia G10 – afsonaviy brendning birinchi o‘yinbop smartfoni!

Mazkur qurilmalarning ikkalovi ham diagonaliga 6,5 dyuymlik, tasvir aniqligi HD+ formatli (1600x720 piksellik) ekran bilan jihozlangan. Nokia C10 modelida displey yuzasiga Panda Glass himoya shishasi yotqizilgan.

Nokia C20

Nokia C10 hamda Nokia C20 modellari bir xilda 3000 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlangan. Ularda Wi-Fi (802.11 11 b/g/n), Bluetooth 4.2, GPS hamda GLONASS interfeyslari, micro-USB porti, 3,5 mm.lik audiotirqish hamda FM-radio mavjud.

O‘QING: Birovning ustidan kulmagin zinhor... Yoxud, audiotirqish mashmashasi

Farqlariga keladigan bo‘lsak, Nokia C10 modeli to‘rt yadroli Unisoc SC7331e protsessoriga tayanadi va 3G standartigacha bo‘lgan aloqa texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Nokia C20 esa Unisoc SC9863A chipseti bazasida tayyorlangan va to‘rtinchi avlod – 4G VoLTE uyali aloqa standartiga ham ega.

Quyidagi videoda ularning o‘zaro farq qiluvchi barcha jihatlari ko‘rsatilgan:

Nokia C20 modeli shu aprel oyidanoq sotuvga chiqariladi, Nokia C10 ochiq savdolari esa iyundagina boshlanadi.

O‘QING: O‘zbekistonda ilk 5G tijoriy tarmog‘i ishga tushdi!