Nokia G10 – afsonaviy brendning birinchi o‘yinbop smartfoni!

  •   DiMaX
  •  870
  •  09.03.2021 11:28

Nokia G10 – afsonaviy brendning birinchi o‘yinbop smartfoni!

Xabaringiz borki, HMD Global kompaniyasi Nokia brendini sotib olgach, bir qator smartfonlar va tugmachali telefonlar taqdim etib kelmoqda. O‘tgan oyda u quvvati 27 kunga yetuvchi, WhatsApp, Facebook, YouTube va Google Assistant kabilar o‘zida mavjud bo‘lgan Nokia 6300 4G modelini sotuvga chiqargan.

O‘QING: Tugmachali telefonlar bozori: Nokia ikkinchi o‘rinda, unda yetakchi kim?

Turli manbalardan sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, xitoylik kompaniya geymerlar uchun ushbu brend ostida Nokia G10 rusumli smartfon tayyorlagan. Yangi qurilma allaqachon bir necha tashkilotda, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasida (Eurasian Economic Commission, EEC), Tailandda hamda TÜV Rheinlan’da sertifikatsiyadan o‘tgan.

Kutilayotgan geymerofonning ayrim texnik xususiyatlari ham ma’lum: 6,4 dyuymlik displey, sakkiz yadroli (modeli aniq emas), kamida 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotira, microSD sloti. Nokia G10 kvadrokamerasida asosiy sensor 48 megapiksellik datchik bo‘lishi ham ma’lum, lekin taqdimot vaqti haqida biror ma’lumot yo‘q.

Darvoqe, Nokia hali 2003 yiliyoq telefon va o‘yin konsoli funksiyalarini o‘zida jamlagan N-Gage nomli antiqa gadjet chiqargan (yuqoridagi fotosuratda). Biroq ushbu qurilma geymerfonlar erasini boshlab bera olmadi. Sababi – kompaniya o‘z mahsulotining aynan o‘yin uchun moslanganligini yetarlicha targ‘ib qila olmagan. Natijada ko‘plab mijozlar bu devays – shunchaki o‘ta xunuk va noqulay telefon, degan fikrga borganlar. N-Gage’ning muvaffaqiyatsizligi uzoq yillar davomida o‘yin telefonlari/smartfonlarining yaratilishiga soya solib turgan.

O‘QING: O‘yin smartfonlarining kelajagi porloqmi?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!