Nokia naq Android 14’gacha yangilanuvchi «o‘lmas» 5G-smartfon chiqardi!

  •   DiMaX
  •  1110
  •  27.07.2021 11:30

Nokia naq Android 14’gacha yangilanuvchi «o‘lmas» 5G-smartfon chiqardi!

Biz avvalroq qaysi smartfonlar «yashil robotchali» operatsion tizimning naq Android 14 talqinigacha yangilanishi haqida ma’lumot chiqargan edik. Ular safiga yana bir model qo‘shildi – HMD Global kompaniyasi Nokia XR20 rusumli yangi qurilmasini taqdim etdi.

O‘QING: Ushbu 38 ta rusumdagi Samsung smartfon va planshetlari naq Android 13’gacha yangilanadi!

Mazkur yangi smartfonning asosiy afzalligi – korpusining mustahkam himoyaga ega ekanligidir: u AQShning MIL-STD810H harbiy standarti talablariga javob beradi. Shuning evaziga Nokia XR20 modeli 1,8 metrlik balandlikdan tushib ketsa ham shikastlanmaydi, deyishmoqda. Suv va changdan uni IP68 darajasida muhofaza qilishgan, ekrani yuzasiga Gorilla Glass Victus himoya shishasi yotqizilgan.

Nokia XR20 smartfonining texnik xususiyatlari o‘rtacha, ammo u beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. HMD Global buning uchun uni Qualcomm Snapdragon 480 5G protsessori bazasida tayyorlagan.

Devaysning IPS matritsali ekrani o‘lchami – diagonaliga 6,67 dyuym, tasvir uzatishi esa Full HD+ formatida. Nokia XR20 old kamerasi displeyning tirqishiga o‘rnatilgan va 8 megapiksellik yakka datchikdan iborat. Bosh kamerasi esa qo‘shaloq – uning jamlanmasiga 48 va 13 megapiksellik sensorlardan tashqari, bir juft LED-chiroq ham kirgan.

O‘QING: Ulefone Power Armor 13 – rekord akkumulyatorli «o‘ldirib bo‘lmas» smartfon! (+video)

Nokia XR20 modelining xususiyatlari qatoriga yana stereodinamiklarni hamda korpusning yon qirrasidagi barmoq izi skanerini kiritish mumkin. Qo‘shimcha klavishni esa istalgan bir ilovani tezkorlikda ishga tushirish uchun tayinlab qo‘ysa bo‘ladi.

HMD Global ushbu mahsulotini 4630 mA/soatlik akkumulyator bilan ta’minlagan. Smartfon simli usulda 18 vattlik, smsiz usulda esa 15 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Nokia XR20 qadoqdanoq Android 11 operatsion tizimi bilan taqdim etilgan, ishlab chiqaruvchi uni yana uchta yirik Android yangilanishi hamda to‘rt yil davomida xavfsizlik patchlari bilan ta’minlab borishni va’da qilmoqda.

Nokia XR20 tezkor/ichki xotira hajmiga ko‘ra 6/128 gigabaytlik bittagina variantda taqdim etilgan va microSD-karta uyachasi ham bor. HMD Global uni 24 avgustdan, 550 dollarlik narxda sota boshlaydi. Xaridorlar bu smartfonni Ultra Blue yoki Granite Grey rangli korpusda olishlari mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Nokia brendining Android’siz flagmanlari: 6000 mAs batareya va 200 MPlik kamera!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!