Nokia’ning 15 ta afsonaviy mobil telefonlari

Nokia’ning 15 ta afsonaviy mobil telefonlari

 

Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi — telekommunikatsiya uskunlari va dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi, ehtimol o‘tmishning eng afsonaviy va mashhur mobil telefon hamda smartfon ishlab chiqaruvchisi. Kompaniya 2011 yilga qadar smartfon va mobil qurilmalar sotish bo‘yicha xalqaro bozorda yetakchilik qilgan.

Faoliyati davomida kompaniya 20 taga yaqin mobil qurilmalarni ishlab chiqargan.  So‘nggi yillarda Windows Phone operatsion tizimi tufayli kompaniyaga tegishli Symbian tizimidan voz kechildi. Ayni paytda Nokia brendi ostida mobil telefon va smartfonlar ishlab chiqarish huquqi Microsoft kompaniyasiga tegishli. Nokia brendi ostida Android tizimida ishlaydigan ilk planshet taqdim etilgan ayni paytda biz uning eng ommalashgan telefonlari to‘g‘risida ma’lumot bermoqchimiz.

1

Nokia 8110

Nokia 8110 mobil telefoni harakatlanuvchi va old paneldagi tugmalarni yopuvchi ustki qopqoq-slayderga ega o‘ziga xos imijdagi model bo‘lgan. Uning korpusining tom va quyi qismi birmuncha bukik shaklda bo‘lgan. Shu sababli ham xalq tilida unga “banan” deb nom qo‘yilgan. Nokia 8110 garchi, 1997 yilda taqdim qilingan bo‘lsa ham, 1999 yilda Gollivudning «Matritsa» filmida uning slayderi maxsus tugmani bosgach avtomatik harakatlanadigan talqini namoyish etilganidan so‘ng ommalashib ketadi. Ammo, bu talqindagi telefon cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan va tezda sotilgan.

Nokia 8110 yagona diapazonli mobil telefon bo‘lib, aloqaning GSM 900 tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatgan. Unda SMS-xabar ham almashish mumkin bo‘lgan. Uning monoxrom ekraniga 4x13 belgi siqqan. Uning o‘lchamlari: 141x48x25 mm bo‘lib, 152 gramm tosh bosgan. Standart talqinda akkumulyator sig‘imi — 400 mA soat, maxsus talqinda — 900 mA soat bo‘lgan.

2

Nokia 3310

Navbatdagi “g‘isht telefon”ni tanimaydigan, qo‘liga olmagan odam bo‘lmasa kerak. O‘sha yillarda jahonda u kirib bormagan xonadon kam edi. Bu — afsonaviy va o‘lmas Nokia 3310! Ha, o‘sha — bir vaqtlar eng ko‘p sotilgan telefon.

2000-yilning to‘rtinchi choragida taqdim etilgan telefon apparati jahon bo‘ylab 126 million dona sotilgan. Jahonda boshqa biror oddiy telefon modeli bu qadar ko‘p sotilgan emas.

3310 — 2 diapazonli mobil telefon bo‘lib, aloqaning GSM 900 hamda 1800 tarmoqlarida ishlagan. Qurilma funksional jihatdan biror o‘ziga xoslikka ega bo‘lmagan: 5 yozuv qatorga ega va grafikani qo‘llab-quvvatlaydigan monoxrom displey, monofonik musiqa imkoniyati va 8 ta kirish hamda 8 ta chiqish qo‘ng‘iroqlari namoyon bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlar jurnali.

Nokia 3310 telefonida SMS-xabar almashish, 4 ta o‘yin, jumladan taniqli “Snake” o‘yinini o‘ynash mumkin bo‘lgan. Ko‘pchilik odamlar bu tarixiy telefonni oila muzeyida saqlab qo‘yganlar. Uni 90-yillarning texnologiyalari savdosi bilan shug‘ullanadigan Lekki platformasi orqali hanuz xarid qilishmoqda.

3

Nokia 8310

O‘z davrining yana bir “chempion” telefon apparati — 8000-turkumi vakili 8310 aloqa vositasi bo‘lgan. 2001 yilning so‘nggida taqdim qilinib, ko‘p o‘tmasdan jahonning barcha mintaqasida qimmat narxda sotuvga chiqarilgan. U o‘zining ixcham o‘lchami hamda boshqa telefonlar havas qiladigan bir qator ilg‘or funksiyalari bilan maqtanishga haqli bo‘lgan. Telefon simsiz ma’lumot almashish mumkin bo‘lgan infraqizil port hamda  FM-tyuner bilan ta’minlangan, GPRS (mobil aloqa orqali ma’lumot almashish) hamda WAP (mobil telefon orqali internetga ulanish) xizmatlarini qo‘llab-quvvatlagan.

8310 aloqa vositasida 5 yozuv qatoriga ega monoxrom ekrandan foydalanilgan. Uning panellarini ham almashtirish mumkin bo‘lgan. Telefon 9 xil rangda ishlab chiqarilgan. Uning Li-Ion akkumulyatori 750 mA soat elektr toki sig‘imli bo‘lgan. Bu quvvat oddiy rejimda qurilmaning 100 dan 400 soatgacha ishlashini, tinmasdan esa 4 soatlik suhbatni ta’minlagan.

4

Nokia 6310

Nokia 6310 — biznes-turkumidagi telefonlar vakili bo‘lib, Nokia uni juda ommalashib ketgan 6210 telefonining o‘rniga bozorga tushiradi. U  Bluetooth (Nokia qurilmalari orasida birinchisi) texnologiyasiga ega jahonning ilk telefonlaridan bo‘lgan. 2001 yilda taqdim etilgan telefon 2002 yildan sotuvga chiqarilgan.

O‘z “ajdodlari”ga qaraganda ixchamroq va yengilroq bo‘lgan Nokia 6310 apparatining dizayni muxlislarga ma’qul kelgan avvalgi telefonlarnikidan farq qilmaydi.

Shu bilan birga, mobil telefonda Bluetooth,  GPRS, WAP, infraqizil port texnologiyalarining mavjudligi ham ayni muddao bo‘lgan.

Telefon 6 ta yozuv qatoriga ega,  96x65 sig‘imli  monoxrom displey, oddiy rejimda 18 soat hamda 5 soatgacha muloqotga yetadigan 1100 mA soat sig‘imli litiy-polimer turidagi akkumulyator bilan ta’minlangan bo‘lgan. Bu akkumulyator o‘sha kezlarda jahonning eng ilg‘or mobil quvvat toshi bo‘lgan. Shuningdek, telefon o‘zining “akasi” bo‘lgan 6210 apparatining akkumulyatori bilan ham ishlay olgan.

5

Nokia 8910

2002 yilda mobil telefon ishqibozlari diqqatiga havola etilgan, o‘ziga xos imijga ega Nokia 8910 jahoninng ilk seriyali mobil telefoni bo‘ldi. Uning korpusi titan – kumushrang metallidan tayyorlanib, kumush va qora rang talqinlarda sotuvga chiqdi. Shu boisdan uning narx-navosi ham ancha baland bo‘ldi. Uning yana bir o‘ziga xos jihati konstruksiyasi bo‘ldi: korpusning yon qismlarida ikkita ovoz boshqaruvi tugmalari o‘rnatilgan. Mobil telefonda 4 ta yozuv qatorini sig‘dira olgan, ekranosti yoritish tizimiga ega monoxrom ekran mavjud. Ma’lumotlar uzatish uchun Bluetooth, IrDA, GPRS texnologiyalaridan foydalanish mumkin bo‘lgan. Undan keyin uning takomillashgan, rangli ekranga ega 8910i talqini namoyish etildi.

6

Nokia 7650

Navbatdagi apparat — Nokia 7650, kompaniyaning Symbian OS operatsion tizimi hamda kameraga ega ilk smartfon.  Bunga qadar 9210 telefoni taqdim etilgan bo‘lib, u tuzilishidan klaviaturali kitobchani eslatar, xotira kartasi uchun bo‘lmachaga ega edi. 7650 smartfonining korpusi slayder ko‘rinishida edi. Uning 2.1 dyuymdi rangli, piksel sig‘imi 208x176 piksel bo‘lgan ekrani 4096 xildagi rangni o‘zida aks ettira olgan.

Smartfon Symbian OS v6.1 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatgan. U SMS, MMS, Email, WAP 1.2.1 va xHTML xizmatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Ma’lumotlar almashish uchun esa mobil vositada GPRS, Bluetooth1.1 hamda IrDA texnologiyalari tatbiq etilgan. Uning doimiy ichki xotirasining sig‘imi 4 MB bo‘lgan. Nokia 7650 kamerasi 640x480 sig‘imli suratlar olgan.

7

Nokia 5140

Nokia dunyoda birinchilardan bo‘lib suv bo‘yida dam olishni xush ko‘ruvchilar uchun tashqi ta’sirlardan himoyalangan mobil telefonlarni ishlab chiqara boshlagan. Bu jihatga ega ilk telefon bo‘lgan Nokia 5140 modeli 2003 yilda namoyish qilingan va 2004 yildan sotuvga chiqarilgan. Yana bir nisbatan zamonaviy himoya tizimiga ega Siemens M65 telefoniga ashaddiy raqib bo‘lgan Nokia 5140’ning korpusi kauchuk platigidan tayyorlangan va uning barcha port va konnektorlari korpusga suv o‘tkazmaydigan maxsus tiqin bilan himoyalangan bo‘lgan.

To‘g‘ri, bu himoya uni yuqoridan asfaltga qulash yoki suvga tushib ketganda muqarrar halokatdan saqlab qola olmagan, biroq u kichik masofadan qulash, yomg‘ir va suv sachrashiga bardoshli. Shu bilan birga, unda fonarning mavjudligi apparatning yana bir o‘ziga xosligi bo‘lgan.

Mobil telefon 28x128 piksel sig‘imli rangli, CSTN-ekraniga ega bo‘lib, unda 4096 xildagi rang aks etgan. Qurilma GPRS, EDGE, infraqizil port texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlagan, Bluetooth texnologiyasidan esa mahrum edi. Shuningdek, unda  VGA-kamera va FM-tyuner o‘rnatilgan.

8

Nokia 9500 Communicator

Symbian-smartfonlari turkumidan joy olgan Nokia 9500 Communicator telefoni kitobcha shaklida bo‘lib, uning ichki va tashqi ekranlari bo‘lgan. Ichki klaviatura va ekran yanada keng va sig‘imdor bo‘lgan. Xususan, QWERTY-klaviaturada barcha lotin harflari alohida tugmachada o‘rin egallagan. Nokia 9500 telefoni 2004 yilda taqdim etilgan. Smartfon 4.5-dyuymli bo‘lib, sensor texnologiyasining boshi bo‘lgan 640x200 piksel sig‘imli va rangli TFT-ekran bilan ta’minlangan.  Uning og‘irligi 204 gramm bo‘lgan.

Apparat kompaniyaning Symbian OS v7.0s operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatgan. Uning kommunikatsiya jihatlari Wi-Fi 802.11b, Bluetooth 1.1 hamda IrDA simsiz aloqa tarmoqlariga ulanish imkoniyatini bergan. Shu bilan birga, telefon apparatida MMC xotira kartasi va video suratga oladigan VGA-kamera ham mavjud bo‘lgan.

9

Nokia 6230

Nokia 6230 — Nokia’ning biznes sohasi vakillari uchun ishlab chiqargan va juda ommalashgan telefoni. MMC standartidagi almashtirish mumkin bo‘lgan xotira kartalarini o‘qiy oladigan ilk mobil telefonlar sirasiga kirgan va 32 MB ma’lumot sig‘imiga ega bo‘lgan. Uni 2004 yildan boshlab sotib olish mumkin bo‘lgan. Mobil aloqa vositasi 1.5 dyuymli, 128x128 belgi sig‘imi, 5 yozuv qatori, TFT-ekran bilan ta’minlangan. Telefonda Bluetooth 1.1, IrDA modullari, 640x480 sig‘imli surat oladigan va video tasvirga oladigan kamera mavjud. Unga MP3 formatidagi musiqa yuklab olish mumkin bo‘lgan. Shuningdek, unda FM-tyuner ham o‘rnatilgan.

10

Nokia 8800

Nokia telefonlarining o‘ziga xos imiji, ya’ni slayderga ega yana bir mobil telefon — Nokia 8800’ning ilk partiyasi 2005 yilda sotuvga chiqarilgan. Uning ekrani pishiq shishadan tayyorlangan himoya qatlamiga ega bo‘lgani smartfon sanoatida muhim yangilik bo‘ldi. Uning tashqi ko‘rinishi va shisha himoyasidan boshqa o‘ziga xosliklari ko‘zga tashlanmaydi. Dastlabki talqin 1.7 dyuymli, 208x208 sig‘imli TFT-displeyga ega bo‘lgan.  Telefonda Bluetooth 1.2 moduli, FM-tyuner va 800x600 piksel sig‘imli s SVGA turidagi kamera o‘rnatilgan.

Hatto hozir ham Nokia 8800’ning zamonaviy talqinlaridan foydalanib kelayotgan odamlar soni kam emas. Uning bugungi versiyalarida  material korpusi yaxshilanib, ekran kattalashgan, kamera imkoniyatlari oshirilgan, xotira sig‘imi kengaytirilgan.

11

Nokia N91

Nokia N91 smartfoni — qattiq disk o‘rnatilgan noyob mobil telefonlar sirasiga kirgan. Unga o‘rnatilgan Hitachi Microdrive turidagi qattiq diskning ma’lumot sig‘imi 4 yoki 8 GB (Music Edition talqinidi 8 GB) bo‘lib, bu jihati uni smartfon sanoatining eng yaxshi multimedia yechimi tatbiq etilgan gadjet sifatida bozordagi o‘rnini mustahkamlaydi. Nokia N91 korpusi zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan va kumush hamda qora talqinda ishlab chiqarilgan. Uning slayderining tashqi tomoniga musiqa  yoki videoni boshqarish mumkin bo‘lgan mexanik tugmacha o‘rnatilgan. Smartfonda 2.1 dyuymli, 208x176 piksel sig‘imli TFT-ekran o‘rnatilgan bo‘lib, qurilma Symbian OS v9.1 operatsion tizimining Series 60 UI 3rd Edition talqinida faoliyat ko‘rsatgan.

Nokia N91 mobil aloqa vositasida Wi-Fi 802.11b/g, Bluetooth 1.2 modullari, 1600x1200 sig‘imli surat oladigan, video tasvirga oladigan 2 megapikselli kamera, 8 GB talqinida A2DP texnologiyasi joriy qilingan.

12

Nokia 3250

Symbian turkumiga kiruvchi navbatdagi Nokia 3250 smartfoni ommaviy reklama hamda targ‘ibot evaziga yoshlar auditoriyasi o‘rtasida ommalashib ketadi. U smartfon bozorida nisbatan arzon va yuqori multimedia imkoniyatlariga ega, xotira kartasini o‘qiydigan, klaviatura bloki 180° gradusga burila oladigan o‘ziga xos imijdagi telefon sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Uning klaviaturasining orqa tomonidan pleyerni boshqarish mumkin bo‘lgan menyu tugmalari o‘rin egallagan edi.

Bu orqa-oldinga burila oladigan korpus blogidan kamera ham o‘rin olgan edi. Pleyer menyusidagi Play knopkasi s’yomka jarayonida suratga ham olish mumkin bo‘lgan. Uning kamera sig‘imi 2 megapikselli bo‘lgan. Telefon Symbian OS v9.1 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatgan. Uning 2.1 dyuymli displeyi TFT texnologisidagi 208x176 sig‘imli ekranga ega bo‘lgan.

13

Nokia N93

Nokia N93 — korpusi qo‘sh raskladushkali panellardan iborat smartfon. Uning ekran qismidan turli yoqqa burash mumkin bo‘lgan kamera sifatida ham foydalanish mumkin bo‘lgan. S’yomka vaqtida ekrandan manzarani ko‘rish mumkin bo‘lgan vizor sifatida ham foydalanish mumkin bo‘lgan.

Kamera ob’yektivi smartfon korpusining yuqorisidan o‘rin olgan bo‘lib, kamera moduli Carl Zeiss kompaniyasida ishlab chiqarilgan va 3 karra optik yaqinlashtirish funksiyasiga ega bo‘lgan. Yana bir muhim jihati – kamera svetodiodli fotochaqnoq bilan ta’minlangan bo‘lgan. Kamera 3.15 megapikselli bo‘lib, maksimal 2048×1536 sig‘imli surat, 640x480 sig‘imli video tasvirga olgan. Kamera soniyasiga 30 ta kadr olgan.

Smartfonda 2.4 dyuymli, 320x240 sig‘imli ekran tatbiq etilgan. Nokia N93 telefonida Wi-Fi 802.11 b/g, Bluetooth 2.0. modullari mavjud. Smartfon Symbian OS 9.1 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatgan. Undagi 3D-akselerator texnologiyasi uch o‘lchamli o‘yinlarni o‘ynashga sharoit yaratgan.

14

Nokia N95

Yana bir ommalashgan va funksiyalarga boy bo‘lgan Nokia mobil aloqa vositasi bo‘lmish N95 Symbian-smartfoni 2007 yilda taqdim etilgan. Uning korpusi ham 2 panelli, slayder shaklida tayyorlangan: quyida — klaviatura, yuqorida — pleyerni boshqarish tugmalari mavjud. Smartfon 2.6 dyuymli, 320x240 piksel sig‘imli ekranga,  MicroSD qo‘shimcha xotirani o‘qish bo‘lmachasi,  UPnP texnologiyasidagi Wi-Fi 802.11 b/g, A2DP texnologiyasidagi Bluetooth 2.0 modullari, Nokia Maps navigatsiya tizimiga ega bo‘lgan. Kamera moduli ham maqtanishga arzigulik bo‘lib, 5 megapikselli matritsa bilan ta’minlangan. U Carl Zeiss moduli va fotochaqnoqqa ega bo‘lgan. Va, nihoyat u video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan old kameraga ham ega bo‘lgan. Smartfon Symbian OS 9.2 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatgan. Ko‘p o‘tmasdan uning 8 GB xotiraga ega talqini ham taqdim etilgan.

15

Nokia E71

“E” turkumiga kiruvchi biznes-fonlarni ham aytib o‘tish joiz. Ular orasida eng mashhuri Nokia E71 yirik va metall korpusli, QWERTY-klaviaturali bo‘lib, unda biznes sohasi yoki boshqa soha vakillari zarur mahalda matn, xabar va elektron xatlarni katta qulaylik bilan terishgan. Mazkur smartfon 2008 yilda taqdim etilgan. U E61 telefon apparatining merosxo‘ri bo‘lgan. Nokia E71 o‘z “ajdodi”ga nisbatan ancha ixcham va qulay korpusga ega bo‘lgan. “Aqlli” telefon Symbian S60 3rd Edition platformasidagi Symbian OS v9.2 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatgan. Feature Pack 1 proshivkasi bilan ta’minlangan gadjet 3G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, unda  A2DP texnologiyasidagi Wi-Fi 802.11 b/g, Bluetooth 2.0 modullari, infraqizil port va  navigatsiya funksiyalari mavjud. Uning kamerasi 3.2 megapikselli bo‘lgan va qurilma MicroSD xotira kartasini qo‘llab-quvvatlagan. Nokia E71 2.36 dyuym va 320x240 piksel sig‘imli ekranga ega bo‘lgan.

Brain-ma’lumot: Kompanii tarixi 1865 yilda tog‘-kon muhandisi Frederik Idestam Finlyandiyada kichkina qog‘oz fabrikasiga asos solishidan boshlangan. Kompaniyaga 1871 yilda Nokia Ab. deb nom beriladi.

1980-yillarda kompaniya keng miqyosida elektronika vositalari ishlab chiqara boshlaydi. 1987 kompaniyaning asosiy biznesini maishiy texnika vositalari savdosi tashkil qilgan. Bu brend Yevropadagi televizor ishlab chiqaruvchi eng ommalashgan kompaniya bo‘lgan. Kompaniya nomi “Nokianvirta” daryosi nomidan olingan bo‘lib, bu finncha “nois” (ko‘plikda “nokia”), ya’ni qora suvsar degani.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.