Nokia shuhratini Zeiss optikasi yordamida qaytarishmoqchi

  •   DiMaX
  •  1320
  •  06.07.2017 16:03

Nokia shuhratini Zeiss optikasi yordamida qaytarishmoqchi

Yaxshi eslaymiz – Nokia uyali telefonlar bozorida yetakchi bo‘lganidek, mobil fotografiya sohasida ham o‘ziga yarasha obro‘ga ega edi. Bunda esa Carl Zeiss optikasidan foydalanganligi ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Masalan, N95 yoki Lumia 1020 modellarini ishlatib ko‘rganlar buni yaxshi bilishadi.

Endi esa, ishlab chiqaruvchi yana Nokia brendining o‘sha davrdagi shuhratini qaytarmoqchi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru. Gap shundaki, hozirda Nokia brendi ostidagi qurilmalarni ishlab chiqarayotgan HMD kompaniyasi Zeiss’ning sifatli tasvirga olish texnologiyasini smartfonlarga qaytarish bo‘yicha bitim imzoladi.

Bu yerda hamkorlik faqat ob’yektivlar bilan cheklanib qolmaydi. Kompaniyalar «vizualizatsiyaning standartlashtirilgan imkoniyatlari» ustida hamkorlikda ishlashni rejalashtirishmoqda. Bu esa tasvirlar bilan bog‘liq barcha jihatlarni qamrab oladi – dasturiy ta’minotdan tortib smartfonlar ekranining sifatigacha.

Zeiss optikasi bilan jihozlangan ilk Nokia smartfoni qachon taqdim etilishini hozircha ikkala kompaniya ham oshkor etmayapti. Biroq HMD endilikda Nokia nomini tiklashda mahsulotlarning sifatli kamerasiga ko‘proq tayanmoqchi ekanligi ma’lum.