Nokia X6 "Malika"dagi eng yaxshi hamyonbopning kushandasi

Nokia X6

Nokia X6 — ko‘rinishdanoq didni qitiqlaydigan munosib o‘rta narxli smartfon.

Bir qarashda qimmatbaho Huawei P20 modelini eslatib yuboradigan devays 5.8 dyuymli Full HD+ sig‘imli va tomonlari nisbati 19:9 o‘lchamli, 2280×1080 pikselli ekran bilan ta’min qilingan. Ekran Corning Gorilla Glass 3 himoya shishasi bilan qoplab olingan bo‘lsa, orqa tomon shishador hamda metall sinchlar old va orqa panellarni mahkamlab turibdi.

Redmi Note 5 esa 18:9 nisbatli, 5.99 dyuymli hamda FHD+ sig‘imli ekranga ega bo‘lgan. Bu borada imkoniyatlar bir xil.

Garchi bu model ko‘rinishidan hashamdor flagmanlarni eslatib yuborsa ham, narxiga ko‘ra bu devaysning jihatlari ham o‘rtamiyona. Korpus ichida o‘rtacha imkoniyatli 8 yadroli Snapdragon 636 protsessori, 6 gigabaytli tezkor hamda 64 gigabaytli doimiy xotira uchun joy ajratilgan. Ma’lumot hajmi ko‘p bo‘ladigan bo‘lsa, microSD orqali xotirani kattalashtirish mumkin. Buning uchun SIM karta bo‘lmachalaridan birini "fido qilish" kerak bo‘ladi.

Redmi Note 5 uchun 2.0 Ggs chastota tezligida ishlaydigan 64 bitli va 8 yadroli Snapdragon 625 chipseti, 3/4 Gb tezkor va 32/64 GB doimiy xotira o‘rnatilgan. Ya’ni, samaradorligi raqibinikidan bir oz past.

Suratga olish uchun esa orqa panelda 16 + 5 megapikselli egizak sensorli bosh kamera mavjud. Ulardan yirigi rangli, ikkinchisi oq-qora surat oladi va tizim olingan kadrlarni yaxlit ko‘rinishga keltiradi. Selfi uchun esa 16 megapikselli kamera xizmatingizda. Har ikkala kameralarda "sun’iy aql" texnologiyasi joriy qilingan. Ular orqa fonni g‘ira-shira qilish, yuz-qiyofani tanish hamda filtrlashda faol ishtirok etadi.

Nokia X6 modeli Nokia’ning "imzosi". Gap shundaki bir vaqtning o‘zida uning ham orqa, ham old kameralarida tasvir yozish mumkin.

Korpusning orqa qismida barmoq izi skaneri bo‘lsa ham, foydalanuvchi tizimni ochishda old kameradagi Face Unlock funksiyasidan ham foydalanishi mumkin. Smartfon kuch-quvvati uchun 3,060 mA soat sig‘imli akkumulyator muhim rol o‘ynaydi. Bu "quvvat toshi"ni USB Type-C porti orqali Quick Charge 3.0 yordamida tezkor quvvatlash mumkin.

Nokia’ning yangi va o‘rta narxli Android telefonidagi yana bir o‘ziga xos jihat Nokia X6 qadoqdayoq eng so‘nggi Android 8.1 Oreo tizimi boshqaruvida ishlaydi.

Nokia 6X narxi xususida:

Nokia X6 — 4 gigabaytli tezkor, 32 gigabaytli doimiy — CNY1,299 (200 AQSh dollari);
Nokia X6 — 4 gigabaytli tezkor, 64 gigabaytli doimiy — CNY1,449 (225 AQSh dollari);
Nokia X6 — 6 gigabaytli tezkor, 64 gigabaytli doimiy — CNY1,699 (265 AQSh dollari).

Bu gadjet narx borasida Xiaomi Redmi Note 5 smartfoni bilan bellashish barobarida, jihatlariga ko‘ra u Redmi Note 5'ni mag‘lub qiladi. "Toza" Android tizimida ishlashi, nisbatan sifatli va jozibador korpusga ega bo‘lgani hamda kamera imkoniyatlari bilan Xiaomi’ning birinchi raqamli hamyonbop devaysini "yer tishlatadi".

O‘qing: Galaxy S9'ning munosib raqibini qarshi oling

Xiaomi Redmi Note 5 Xitoyda 155 AQSh dollari (3/32), 187 AQSh dollari (4/64). Umid qilamizki, yurtimiz bozoriga Nokia 6X kirib kelishi bilan arzon va munosib devayslar savdosida raqobat yanada kuchayadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.