Nokia yana bir afsonaviy brendni «tiriltirmoqchi»

  •   DiMaX
  •  3630
  •  30.08.2018 14:46

Nokia yana bir afsonaviy brendni «tiriltirmoqchi»

HMD Global kompaniyasi ayni damda Nokia brendi ostida bir qator smartfonlarni chiqarayotganidan xabaringiz bor. Jumladan, u bir paytlar mashhur bo‘lgan modellarni yangi talqinda taqdim etish orqali ham e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.

O‘QING: 4G va Wi-Fi’li «g‘isht» telefon – Nokia 3310 4G taqdim etildi!

Endi ushbu kompaniya PureView savdo belgisini ham hayotga qaytarishni rejalashtirmoqda. Bir zamonlar ushbu nom ostida Nokia kamerofonlari chiqqan.

Yevropa Ittifoqi Intellektual mulk idorasining ma’lumotlar bazasida aniqlangan hujjatga ko‘ra, joriy yilning 23 avgustida HMD Global kompaniyasi PureView brendiga egalik huquqini Microsoft kompaniyasidan sotib olgan.

Aytish kerakki, finlyandiyalik smartfonsozning PureView brendi bilan chiqqan ilk smartfoni Nokia 808 edi. Sifatni yo‘qotmagan holda 5 karrali zumga ega 41 megapikselli kamerasi bo‘lsa-da, bu model ommalashib ketmagan. Buning asosiy sababi esa ushbu model Symbian platformasi boshqaruvi ostida ishlashi edi; zero, u chiqqan 2012 yilga kelib mazkur tizim «o‘lib» bo‘lgandi.

O‘shandan keyin ham Microsoft kompaniyasiga qarashli bo‘lgan Nokia yana (jami 10 modelda) PureView brendli smartfonlar ishlab chiqargan. Ammo ulardan faqatgina ikkitaginasining kamerasi ajoyib sifatli kameraga ega bo‘lgan. Bugungi kunga kelib Android tizimli Nokia smartfonlari jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilinmoqda. PureView brendi bilan ular yanada kuchayishi aniq, voqealar rivojini birga kuzatamiz.

O‘QING: Nokia 3310 (2017) savdosidan ilhomlanib, endi brendning QWERTY-smartfonini «tiriltirishmoqchi»