Noodatiy dizaynga ega 10 ta mobil telefon

Noodatiy dizaynga ega 10 ta mobil telefon

Hozirgi kunda aksariyat mobil telefonlar sensorli ekranlar bilan jihozlangan va standart chorqirra shakldagi yoki sovun quti ko‘rinishidagi dizaynga ega hamda bir-biridan faqat o‘lchamlari, rangi va korpusining materiali bilan farqlanadi. Kamdan-kam hollarda ekran ostida fizik klaviatura mavjudligi yoki slayder ko‘rinishidaligi bilan farq qiladi. Darhaqiqat, esda qoladigan telefonlar juda oz. Ilgari dizaynerlar ko‘proq bosh qotirishar va fantaziya qilishar, natijada foydalanish uchun u qadar qulay bo‘lmagan, lekin noodatiy mahsulotlar dunyo yuzini ko‘rardi.  Quyida ko‘p miqdorda ishlab chiqarilgan va o‘z shakli bilan lol qoldiradigan apparatlar bilan tanishasiz.

Toshiba Portege G450

Yaponiyaning Toshiba kompaniyasi o‘z davrida juda g‘alati Portege G450 uyali telefonini ishlab chiqargan. U qo‘shimchasiga 3G-modem vazifasini ham bajarar edi. Uning o‘lchamlari ixcham (98x36x16 mm), cho‘zinchoq shaklda, chetlari yumaloq edi. Old paneli uchta doiradan iborat bo‘lib, birinchisida OLED-ekran, qolgan ikkitasida esa ikkiga bo‘ligan klaviatura blogi    joylashgan. Ularda tugmachalar markaziy tugmacha atrofida aylana bo‘ylab joy olgan. Birinchisida u “5”, ikkinchisida esa “0” tugmachasi. Bunday tuzilish u qadar ergonomika bilan ajralib turmasdi, shu bois ko‘pchilik uni asosan portativ USB-modem sifatida ishlatgan.

CEC F88 Wrist Watch (Telson TWC 1150)

Mana bu apparatni esa ilk “aqlli” soatlardan biri, desak adashmagan bo‘lamiz. CEC F88 Wrist Watch (Hindistonda Telson TWC 1150 nomi ostida ishlab chiqarilgan) tashqi tomondan fantastik filmlarda bo‘ladigan qandaydir qurilmalarni yodga soladi. Bu kattagina texnika mo‘’jizasini rostdan ham qo‘lda ko‘tarib yurish zarur edi. Keng tasmadan raqamli tugmachalar blogi, yuqorida rangli ekran va navigatsiya blogi joy olgan. Qurilmaga garnitura va ko‘chma kamerani ulash mumkin bo‘lgan. Endi ish boshlagan yashirin agentga bundan ortiq yana nima kerak?!

Haier Pen Phone P7

U qadar sog‘lom bo‘lmagan fantaziyaning yana bir maxsuli – o‘z shakliga ko‘ra ruchka va termometr qorishmasini eslatuvchi uyali telefon. O‘zining 15 sm.dan iborat salmoqli uzunligiga (o‘sha davr uchun albatta) qaramay, apparat ingichka va ensiz edi (27x18.2 mm) va atigi 65 g tosh bosgan. Shu holida unga rangli LCD-displey, 90 daqiqa yoza oladigan diktofon, 0,3 megapikselli raqamli kamera, raqamli blok va joystik hamda boshqa odatiy boshqaruv organlari to‘plami joylashtirilgan. Tashqi ko‘rinishi ruchka va termometrga o‘xshashiga qaramay, u na yoza, na havo haroratini o‘lchay olardi, ammo GPRS mobil internetini ko‘tara olgan, quvvati esa 4 soat gaplashishga yetgan.

NEC Medias W

Yaponiyaning NEC kompaniyasi Android-smartfonga anchayin ekzotik ko‘rinish bera olgan. Uning Medias W nomli modeli ikkita sensor ekranli gorizontal buklama apparatdir. Bu ochiq holatda qulay brauzing uchun bitta katta ekran ko‘rinishini olish yoki ekranlardan birining maydonini kamaytirmagan holda ikkinchisini QWERTY-klaviatura sifatida ishlatish uchun qilingan ish edi. Smartfonda har biri 4,3 dyuymli 960x540 razresheniyeli ikkita ekran qo‘llanilgan. Smartfon OS Android 4.1 Jelly Bean boshqaruvida ishlagan, ichiga takt chastotasi 1,5 GGs, operativ xotirasi 1 GB va o‘rnatma xotirasi 16 GB bo‘lgan Qualcomm Snapdragon MSM8960 ikki yadroli protsessor o‘rnatilgan.

Nokia 7600

Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi o‘z davrida o‘z apparatlarining shakli ustida tajribalar o‘tkazishdan tortinmagan. Oqibatda bugungi kunda uning modellar portfelidan ko‘plab g‘alati apparatlarni topish mumkin. Kompaniya tijorat nuqtai nazaridan biror bir muvaffaqiyatlarni ko‘zda tutmagan holda ana shunday tajribalar o‘tkazib turgan. Nokia 7600 – tashqi ko‘rinishidan tashtakachni eslatuvchi nostandart shakldagi apparatdir. Bu – rangli displeyli va uning yon atrofiga tugmachalar joylashgan asimmetrik monoblok. Texnik nuqtai nazardan 7600 to‘ldirib tashlangan (2003 yil uchun albatta) edi: unda ichiga o‘rnatilgan VGA-kamera, Bluetooth, infraqizil port va MP3-pleyer bor.

Motorola A925

Motorola kompaniyasining ko‘plab qiziqarli va novatorlik uyali telefonlari bor. Bugun esa g‘alatiroq hisoblangan A925 monoblogi haqida so‘z yuritamiz. U sensorli displey va ekranning ham ust, ham ost qismida fizik tugmachalar bilan jihozlangan edi. Uning o‘lchami katta, uzun antennasi  bo‘lib, tashqi ko‘rinishi sayyohlarning GPS-navigatorini eslatib yuboradi. Bu bejiz emas. Chunki aynan GPS-modul ushbu smartfonning eng asosiy afzalliklaridan biri edi, unga tashqi antenna ham ulash imkoniyati bo‘lgan. Gadjetga kamera o‘rnatilgan, xotira kartasini, GPRS-internet, Bluetooth 1.1 ni ko‘tara olgan, OS Symbian OS v7.0, UIQ 2.0 da ishlagan.

Samsung SGH-E910 Serene (Bang & Olufsen)

Samsung kompaniyasi vaqti-vaqti bilan telefonlar yaratish borasida Bang & Olufsen bilan hamkorlik qilib turgan. Ana shu hamkorlik har safar g‘alati ergonomikaga ega, dizayni yodda qoladigan apparatlarning yaratilishi bilan yakunlangan. Ana shunday mobil qurilmalardan biri SGH-E910 Serene hisoblanadi. U upa qutisini yodga soluvchi avtomat tarzda ochiladigan mexanizmga ega yig‘ma apparat bo‘lib, turli yo‘nalishlarda ishlatish mumkin (xatto tasvirni teskari qilib ko‘rish ham mumkin bo‘lgan), klavishlar blogi dumaloq shaklda. Ichida navigatsiya doirasi bo‘lib, uning atrofida raqamli-harfli tugmachalar joylashgan.

Sharp Touch Wood SH-08C

Yana bir yapon telefoni Sharp Touch Wood SH-08C bo‘lib, u tashqi ko‘rinishidan dukkakli ekinlar donini esga qoladi. Yaponiyada 15 000 dona ishlab chiqarilgan. Korpusining asosiy qismi maxsus ishlov berilgan kiparis yohochidan ishlangan. Yog‘och bir xil rangli bo‘lmagani bois har bir nusxa o‘ziga xos ko‘rinishga ega.  Tabiat bilan ana shunday uyg‘unlikka qaramay, mazkur telefon anchayin texnologik bo‘lgan: unga 854×480 li 3,4 dyuymli ekran o‘rnatilgan, GSM va 3G tarmoqlarida ishlash mumkin, MicroSD xotira kartalari uchun g‘ovak va 5 megapikselli kamera mavjud.

Q Qube Z2

Siemensning mobil bo‘linmasini sotib olishdan sal odinroq, 2005 yilda BenQ kompaniyasi kvadrat shakldagi, tashqi ko‘rinishidan Xitoyning arzon MP3-pleyerlarini yodga soluvchi Qube Z2 mobil telefonini ishlab chiqardi. Navigatsiya blogi ekraning ostiga joylashtirilgan, boshqa tugmalar esa uning o‘ng tomonidan joy olgan. Bunday yechim foydalanuvchi uchun qulay bo‘lgan degan fikrdan yiroqman. Telefonda rangli ekran, MP3-pleyer, miniSD standartidagi xotira kartalarini ishlatish imkoniyati, 1.3-megapikselli kamera, yozib oluvchi qurilmali FM-radio mavjud. Telefondan MMS-xabarlar jo‘natish mumkin, GPRS (10-sinf) va Java dan foydalanish imkoniyati bo‘lgan.

Sony Ericsson Xperia X5 Pureness

Bugungi sharhimizga o‘z toifasidagi ilk shaffof ekranli telefon yakun yasab beradi. Sony Ericsson Xperia X5 Pureness – imijga ishlovchi apparat bo‘lib, ishlab chiqaruvchi ataylab unga turli funksiyalarni to‘ldirib tashalamagan, balki asosiy e’tibor noodatiy tashqi ko‘rinish va “yengillik”ka qaratilgan. Telefonga 1,8 dyuymli shaffof ekran o‘rnatilgan bo‘lib, uni har doim ham o‘qishning imkoni bo‘lavermagan, ammo bu hol “vau” omilni bekor qila olmaydi. Xperia X5 Pureness nisbatan kamtarin o‘lchamga – 102x43x13 mm va og‘irlikka – 70 g ega bo‘lgan. Nomida Xperia so‘zi bo‘lsa-da, u smartfon emasdi va unga kamera o‘rnatilmagandi. Faqat asosiy funksiyalar to‘plami va mediaproigrivatel bo‘lgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!