Nothing'ning ikkinchi smartfoni Amerikada taqdim qilinadi

Nothing'ning ikkinchi smartfoni Amerikada taqdim qilinadi

Nothing kompaniyasining ikkinchi smartfoni, Phone 2, bu safar rasman AQSHda chiqariladi. Bu haqda kompaniya bosh rahbari Karl Pey Inverse nashriga bergan intervyusida tasdiqladi.

Londonlik kompaniyaning Phone 1 nomli ilk smartfoni Amerikani bozorini ko'rmadi. Nothing o'zining shaffof orqa panelli telefonini Yevropa va Osiyo mamlakatlari uchun taqdim qildi. Biroq, 2023-yilda kompaniya o'z e'tiborini Qo'shma Shtatlar tomon qaratadi.

"Biz AQShni bozorlar nuqtayi nazaridan birinchi o'ringa qo'yishga qaror qildik", - deydi Karl Pey Inverse nashriga.

Avvalroq, Nothing amerikaliklar uchun o'zining beta dasturini ishga tushirgan edi. Bunda kompaniya 299 dollar evaziga 8/128 xotira konfiguratsiyasidagi Phone 1 smartfonining qora rangli versiyasini beradi. Biroq buni Nothing smartfonining AQSHda to'liq sotuvga chiqarilishi deb bo'lmaydi. Ma'lum bo'lishicha, bu kompaniya uchun Amerika bozoriga kirishda qo'yiladigan ilk qadam: bozorni o'rganish va foydalanuvchilar fikri bilan tanishish hisoblanadi.

"AQSH uchun smartfon ishlab chiqarayotganda siz aloqa operatorlar bilan sertifikatlash ishlarida va ularning ba'zi xususiyatlarini operatsion tizimga moslashtirish ustida ishlashingiz kerak. Ilgari bizda buning uchun resurslar yo'q edi, hozir esa bor", – deydi Karl Pey. Shu yerda aytish kerakki, bugungi kunda Nothing kompaniyasining ishchi kuchi 400 ga yaqin kishini tashkil qiladi, bu 2021-yildagidan ikki baravar ko'p.

Karl Peyning qo'shimcha qilishicha kompaniya naushniklar savdosining taxminan uchdan bir qismi AQSHga to'g'ri keladi. O'z smartfonini Qo'shma Shtatlarda ishga tushirmaslik esa kompaniyaga potentsial foydaning uchdan bir qismidan quruq qolayotganini anglatadi.

Bo'lajak Phone 2 qanday bo'lishi haqida gap ketganda esa Karl Pey og'ziga mum tishlab olgan. Kompaniya rahbari yangi avlod Nothing Phone smartfoni hozirgi Phone 1'ga qaraganda ancha yuqori darajadagi smartfon (ehtimol, flagman) ishlab chiqayotganliklari va unda dasturiy ta'minotga katta e'tibor qaratilishidan boshqa hech qanday ma'lumotlarni oshkor qilmagan.

Nothing Phone 2 shu yilning oxirida chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Apple tahlilchisi Buklama iPad kelasi yil boshida paydo bo‘lishini aytdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!