Nubia Alpha taqdim etildi – bilakka taqiluvchi soat-smartfon (+video)

  •   DiMaX
  •  1286
  •  26.02.2019 13:22

Nubia Alpha taqdim etildi – bilakka taqiluvchi soat-smartfon (+video)

MWC 2019 ko‘rgazmasiga Nubia kompaniyasi Alpha (Nubia α) rusumli g‘ayrioddiy devaysini olib keldi. Uni smart-soat desa ham bo‘laveradi, ammo katta ekrani, kamerasi va aloqa imkoniyatlarini hisobga olib, taqiluvchi smartfon degan ma’qulroq.

O‘QING: Nubia qayishqoq displeyli ilk «aqlli» soat-smartfonni tayyorladi

Nubia Alpha futuristik dizaynga va 4 dyuymlik qayishqoq OLED-displeyga ega. Visionox kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ekran metall bilaguzukda uzunasiga joylashtirilgan. Shu bois displey juda ensiz va uzun – tomonlari o‘zaro 36:9 nisbatda, tasvir aniqligi esa 960x192 piksellik.

Qurilmaga Snapdragon Wear 2100 protsessori va 1 gigabaytlik tezkor xotira o‘rnatilgan, doimiy xotirasining hajmi esa 8 gigabaytga teng. Kompaniyaning ta’kidlashicha, 500 mA/soatlik akkumulyatorning quvvati Nubia Alpha’ni bir-ikki kun ishlatishga yetadi.

Mazkur qurilma ikki xil versiyada ishlab chiqariladi, ulardan bittasi faqat Bluetooth va Wi-Fi modullariga ega. Ikkinchi versiya esa eSIM texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi – unda 4G tarmoqlarida qo‘ng‘iroqlashish va matnli xabarlar yuborish, hatto videoqo‘ng‘iroq funksiyalari bor.

Kompaniya bu mahsulotida Wear OS, Tizen yoki Watch OS operatsion tizimlaridan birini qo‘llamagan, balki aynan shunday ekranlarga moslashtirilgan alohida tizim yaratgan. U ishoralar orqali boshqarish uchun multi-touch texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, bilaguzuk-smartfonni ovozli buyruqlar orqali, hatto ekranga teginmay turib havodagi qo‘l ishoralari yordamida ham boshqarish mumkin!

Nubia Alpha videomuloqot uchun 5 megapiksellik kameraga va boshqarish uchun ikkita tugmachaga ega. Shuningdek, yurak urishini o‘lchovchi datchik, jismoniy faollikni va uyquni kuzatuvchi sensorlar ham mavjud – xuddi barcha «aqlli» soatlardagidek. Gadjet korpusi suvdan himoyalanganligi taqdimotda aytilgan, ammo aynan qaysi standart ekanligi ochiqlanmagan.

Nubia Alpha devaysini quyidagi videoda tomosha qilamiz:

Ushbu antiqa soat-smartfonning oddiy versiyasi qora rangda bo‘lib, joriy yilning aprelida, 450 yevro narxida sotuvga chiqadi. eSIM-kartali versiyasi esa qora korpusda 550 yevrodan, keyinroq 18 qirotlik oltindan ishlangan talqini 650 yevrodan savdoga qo‘yiladi.

Terashop.uz internet-do‘konimizda esa 570 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda turli smart-soatlarni sotib olish mumkin. Ayniqsa, shu kunlarda – aksiya doirasida bu xaridingiz yanada yoqimli va manfaatli bo‘ladi.

O‘QING: Sony taqdim etgan «aqlli» tasmacha hatto Apple Watch’dan ham qimmat!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!