Nubia o‘yinbop smartfonlari uchun Red Magic brendini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1252
  •  11.04.2018 12:08

Nubia o‘yinbop smartfonlari uchun Red Magic brendini taqdim etdi

2017 yilda Razer Phone taqdim etilganidan so‘ng ko‘plab smartfonsozlar aynan mobil o‘yinlar o‘ynashga moslashtirilgan qudratli telefon ustida ishlay boshlashdi. Shulardan biri – «xitoycha Apple» tayyorlayotgan Black Shark brendi ostidagi smartfondir.

O‘QING: Kun fotosi: ajraluvchi kontrollerga ega Black Shark o‘yin smartfoni

Xitoyning ZTE korporatsiyasiga tegishli Nubia kompaniyasi ham unga ergashib, o‘z o‘yinbop smartfonini yangi – Red Magic brendi bilan taqdim etishga qaror qildi.

Kuni kecha Nubia ko‘plab ommaviy axborot vositalariga o‘zining Red Magic brendi logotipi tushirilgan tizer tasvirini jo‘nata boshladi. «Red Magic» – «Qirmizi Jodu» (yoki «Alvon Afsun») deb atalganiga qaraganda, bu nom bilan taqdim etiladigan geymerofonda ko‘p miqdorda qizil rang bo‘lsa kerak. Ehtimol, geymerlarga yoqadigan usulda – telefonning logotipi ham qizil rangda yonib turuvchi qilib chiqarishar.

Yaqindagina ZTE rahbari korporatsiyaning shu gadjeti haqida ilk bor Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining rasmiy akkaunti orqali xabar bergan, o‘shanda uni Nubia Red Dev deb atagan edi.

O‘QING: Galaxy S9 va Razer Phone’ni «yer tishlatuvchi» qudratli smartfon e’lon qilindi!

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, yaqin kelajakda Red Magic brendi doirasida ko‘plab miqdorda har xil elektron gadjetlar ishlab chiqariladi. Ularning barchasi geymerlarning mobil o‘yinlardan to‘laqonli zavq olishlarini ta’minlash maqsadiga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Nubia’ning ma’lum qilishicha, o‘zining ilk o‘yinbop smartfonini yaratishdan avval u bir necha oylar mobaynida geymerlarning turli gadjetlar haqidagi fikrlarini o‘rganib chiqqan. O‘zi ushbu fikrlarni inobatga olgan holda, ideal qurilma yaratishga harakat qilgan.

Afsuski, ishlab chiqaruvchi o‘zining Red Magic o‘yinbop smartfonining taqdimot sanasi va aniq texnik xususiyatlarini ma’lum qilmayapti. Aftidan, unga 2,8 GGs takt chastotasida ishlovchi 8 yadroli Snapdragon 845 chipi va Adreno 630 grafik tezlatgichi o‘rnatilsa kerak. Shuningdek, brend nomini tarqata boshlaganiga qaraganda, Nubia o‘zining ilk geymerofonini shu bahordayoq namoyish etishini kutish mumkin.

O‘QING: AuTuTu’da yangi rekord: dunyodagi eng qudratli smartfon endi iPhone X emas!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!