Nubia Red Magic 5S ham chiqdi: Snapdragon 865+ va 144 Gs displeyli, 540 dollarlik geymerofon! (+video)

  •   DiMaX
  •  1220
  •  29.07.2020 10:07

Nubia Red Magic 5S ham chiqdi: Snapdragon 865+ va 144 Gs displeyli, 540 dollarlik geymerofon! (+video)

Qualcomm kompaniyasi 8 iyul kuni taqdim etgan flagman – Snapdragon 865+ protsessori bazasida dastlabki uchta smartfon taqdim qilindi. Bulardan biri Galaxy Z Flip 5G buklamafoni bo‘lsa, ikkitasi o‘yinbop – Legion Duel hamda ROG Phone 3 modellaridir.

O‘QING: AnTuTu’da taxt talashayotgan ikki flagmanning yangi raqibi – Red Magic 5S ham tayyor!

Kecha – 28 iyul kuni ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi ham Red Magic 5S rusumli o‘yinbop smartfonini taqdim qildi. Bu – joriy yilning martida namoyish etilgan geymerofonning, ya’ni Red Magic 5G modelining kuchaytirilgan versiyasidir.

Dizayni

Yangi smartfon ham o‘sha Red Magic 5G qurilmasidagi kabi 6,65 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Uning tasvir uzatishi FHD+ formatida, ekranning yangilanish chastotasi 144 Gs bo‘lsa, sensor qatlamining yangilanish chastotasi 240 gerslik. Barmoq izi skaneri ham ekranga integratsiya qilingan, old kamera bo‘lsa yuqori romga joylangan.

Nubia Red Magic 5S korpusining yon qirralarida o‘yinda qo‘llanuvchi sensorli triggerlar bor, ularning diskretizatsiya chastotasi 320 gersni tashkil etadi.

Korpusda, oldingi avlod «Qizil jodu»lardagi kabi, RGB-yoritqichlar mavjud.

Ichiga razm solamiz

Nubia Red Magic 5S geymerofoni eng ilg‘or Android-protsessor – Snapdragon 865+ bazasida ishlaydi; unda tavsirlarning aniq va ravon yetkazib berilishi uchun chipset jamlanmasidagi Adreno 650 grafik tezlatgichi mas’ul. Smartfonning LPDDR5 toifali tezkor xotirasi 16 gigabaytgacha, UFS 3.1 standartidagi doimiy xotirasi esa 256 gigabaytgacha hajmda taklif etiladi.

Qurilmani o‘yinlar jarayonida qizib ketishdan saqlash uchun kumush qoplamali plastina hamda daqiqasiga 15 000 aylanish tezligidagi kuler qo‘llangan.

O‘QING: Eng qizib ketuvchi va eng qizimaydigan smartfonlar (Master Lu reytingi, 2020 yil 2-chorak)

Red Magic 5S akkumulyatori 4500 mA/soatlik bo‘lib, smartfon 55 vattlik quvvatda tezkor zaryadlana oladi, natijada uning batareyasi atigi 39 daqiqada to‘lib ulguradi. Nubia bu gadjetini yap-yangi, hali to‘liq tatbiq etilishga ham ulgurmagan Wi-Fi 6 moduli hamda quloqchin uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish bilan ham ta’minlagan.

Kameralariga kelsak...

Yangi geymerofon kameralari ham o‘sha – martda chiqqan Red Magic 5G bilan bir xil: 64 megapiksellik Sony IMX686 datchigi, 8 MPlik keng burchakli kamera hamda 2 MPlik makros’yomka moduli. Selfilar uchun esa 8 megapiksellik yakka sensorli kamera qo‘llangan.

Quyida Nubia Red Magic 5S smartfonining rasmiy videosini tomosha qilamiz:

Qanchadan bo‘lyapti endi?

Nubia Red Magic 5S modeli tezkor/ichki xotirasiga ko‘ra quyidagicha narxlarda sotiladi:

8/128 gigabaytligi – $543

12/256 gigabaytligi – $628

16/256 gigabaytligi – $714

Xitoyda uning uchun oldindan buyurtma ola boshlashgan, ochiq savdoga esa 1 avgustdan chiqarishadi. Nubia Red Magic 5S boshqa mamlakatlar bozorlariga taqdim etilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Dirvoqe, o‘yinbop smartfonlar safiga tez kunlarda yana bitta jiddiy raqobatchi qo‘shiladi...

O‘QING: Xiaomi ham Snapdragon 865 Plus chipli flagmani taqdimotini rasman e’lon qildi!