Tug‘ilmasidan avval o‘ldi: Nvidia'ning RTX 40 seriyasidagi yangi taqdim qilingan videokarta sotuvga chiqarilmaydigan bo‘ldi

Tug‘ilmasidan avval o‘ldi: Nvidia'ning RTX 40 seriyasidagi yangi taqdim qilingan videokarta sotuvga chiqarilmaydigan bo‘ldi

Nvidia o‘tgan oyda o‘zining RTX 4080 videokartasini 12 GB va 16 GB variantlarda chiqarganida siz ham dovdirab qolganmidingiz? Albatta, bitta nom ostida ikki xil xotirali videokartaning bo‘lishini hammani gangiratib qo‘yadi. Kompaniya ham shu fikrda va shuning uchun ham Nvidia o‘zining RTX 4080 12 GB videokartasini sotuvga chiqarmaslikka qaror qildi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, "12 GB xotirali RTX 4080 ajoyib grafik karta, lekin u to‘g‘ri nomlanmagan" va 4080 nomi ostida ikkita video karta bo‘lishi chalkashlikni keltirib chiqaradi.

"Shuning uchun, biz 12 GB xotirali 4080 ga "ishga tushirmaslik" tugmasini bosamiz." deydi Nvidia o‘zining blog postida.

RTX 4080 12 GB ning kuchliroq varianti, 16 GB xotirali RTX 4080 esa 16-noyabrdan do‘kon peshtaxtalariga yolg‘iz o‘zi chiqadi. Ta’kidlash joizki, ikki model o‘rtasida sezilarli darajada farq bor. RTX 4080 12 GB modeli 7680 CUDA yadrosi, 2,61 gigagersgacha chiqa oladigan 2,31 gigagersli bazaviy chastota, 639 Tensor-TFLOP, 92 RT-TFLOP va 40 Shader-TFLOP'ni o‘z ichiga olgan va u 899 dollar narxda sotuvga chiqarilishi kutilayotgan edi. RTX 4080 16 GB esa bundan ancha kuchliroq: 9728 CUDA yadrolari, 2,51 gigagersgacha chiqa oladigan 2,21 gigagersli bazaviy chastota, 780 Tensor-TFLOP, 113 RT-TFLOP va 49 Shader-TFLOP. Narxi ham "kuchli" albatta - 1,199 dollar. 

Shuningdek, kompaniya o‘zining 1,599 dollar narxdagi RTX 4090 videokartasi uchun do‘konlarda paydo bo‘lgan navbatlarga qarab aytishicha, 12 GB xotirali RTX 4080'siz ham RTX 4080 (16 GB) sotuvlari ajoyib bo‘ladi.

Shunday qilib, agar RTX 40 seriyasidan arzonroq narxdagi model sotib olishni niyat qilgan bo‘lsangiz, endi uni yana bir qancha muddat kutishingiz kerak, chunki kompaniya RTX 4080 12 GB modelini boshqa nom bilan qayta sotuvga chiqarishi mumkin.

O‘QING: Endi Windows'da ekranni yozib olish uchun qo‘shimcha dastur o‘rnatish shart emas

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!