Oʻ va Gʻ harflari, tutuq belgisi: muammolar va yechimlar

Oʻ va Gʻ harflari, tutuq belgisi: muammolar va yechimlar

I. MUAMMOLAR

1.1. Bu harflardagi maxsus belgilarning unikal emasligi, shuningdek, ularni yozishda O va G harflaridan keyin aynan qaysi belgini ishlatish to‘g‘ri ekanligi hech yerda rasman belgilanmagan.

Bu harflarni yozishda har kim o‘zi bilgan va klaviaturasida (Windows, Mac, Android, iOS va h.k.) mavjud belgidan foydalanib kelmoqda. Xususan, odamlar sharoitdan kelib chiqib quyidagi belgilardan foydalanishmoqda:

a) O'zbekiston | to'g'ri | ma'naviyat

' – bu belgining nomi ingliz tilida APOSTROPHE (apostrof) deyiladi va uning UNICODE tizimidagi kodi U+0027 hisoblanadi. Bu belgi tinish belgisi hisoblanadi. Bu belgi standart apostrof hisoblangani tufayli, odatda, barcha turdagi klaviaturalarda mavjud, shuning uchun o‘zbek tilida yozganda ham odamlar xoh kompyuter, xoh mobil qurilmada bo‘lsin, shu belgidan osongina foydalanib ketishadi.

Xususan, mobil qurilmalardan yozganda 99% odam Oʻ va Gʻ harflari hamda tutuq belgisi uchun shu belgidan foydalanadi, desak bo‘laveradi.

b) O`zbekiston | to`g`ri | ma`naviyat

` – bu belgining nomi ingliz tilida GRAVE ACCENT (gravis) deyiladi va uning UNICODE tizimidagi kodi U+0060 hisoblanadi. Bu belgi ham tinish belgisi hisoblanadi. Bu belgi kompyuter klaviaturalarida Tab tugmasining tepasida joylashgan, shuning uchun odamlar kompyuterda yozayotganda ko‘pincha Oʻ va Gʻ harflaridagi belgi uchun undan foydalanishadi, biroq tutuq belgisi sifatida bu belgidan kamroq holatda foydalanishadi.

v) O’zbekiston | to’g’ri | ma’naviyat

– bu belgining nomi ingliz tilida RIGHT SINGLE QUOTATION MARK (o‘ng bir tirnoq) deyiladi va uning UNICODE tizimidagi kodi U+2019 hisoblanadi. Bu belgi ham tinish belgisidir. Bu belgi aslida yuqorida (a) tilgan olingan standart apostrofning (ʼ) bir ko‘rinishi hisoblanadi. Shuning uchun ham ingliz tilidagi matnlarga e’tibor bersangiz apostrof sifatida har ikkalasidan ham foydalanishaveradi va bu ular uchun to‘g‘ri hisoblanadi. Masalan:

I don't like yoga. (standart apostrof, U+0027)

I don’t like yoga. (o‘ng bir tirnoq, U+2019)

Bu, odatda, matn yozilayotgan shriftga va matn qayerda yozilayotganiga bog‘liq. Ikkala belgi ham kompyuter klaviaturadasidagi bitta tugma orqali – Enter tugmasining chap tomonidagi tugma orqali yoziladi. Xususan, Microsoft Word dasturida matn yozayotganda mazkur tugma bosilganda o‘ng bir tirnoq (ʼ) chiqsa, deylik, Facebook saytida post yozayotganda yoki Telegram orqali xabar yozayotganda mazkur tugma bosilsa standart apostrof (') chiqadi.

Ingliz tilshunoslari orasida ham qaysi apostrofni ishlatish maqsadga muvofiq ekani yuzasidan ko‘p bahslar bo‘ladi. Xususan, standart apostrof yozuv mashinkasi paydo bo‘lgan paytda uning klaviaturasiga apostrof sifatida kiritilgan yagona belgi hisoblanadi. Biroq, keyinchalik kompyuterlar paydo bo‘lishi bilan apostrofning gulli ko‘rinishi – (o‘ng bir tirnoq, U+2019) paydo bo‘lgan. Shuning uchun aksariyat tizimlarda standart apostrof (') matnda avtomatik ravishda o‘ng bir tirnoqqa () almashtiriladi.

O‘zbek lotin yozuvida to‘g‘ri yozishga qaror qilgan odamlar (tilshunoslar, olimlar, tarjimonlar va h.k.) tutuq belgisi uchun mana shu o‘ng bir tirnoqni (’) ishlatish to‘g‘ri, deb hisoblashadi, chunki lotin yozuvi joriy qilingan paytdan boshlab turli plakatlarda, darsliklarda tutuq belgisi uchun aynan shu belgi ishlatilgan.

Keling, shartli ravishda tutuq belgisi uchun shu o‘ng bir tirnoqni () ishlatish to‘g‘ri, deb qabul qilib turaylik.

g) O‘zbekiston | to‘g‘ri | ma‘naviyat

– bu belgining ingliz tilidagi nomi LEFT SINGLE QUOTATION MARK (chap bir tirnoq yoki teskari bir tirnoq) deyiladi va uning UNICODE tizimidagi kodi U+2018 hisoblanadi. Yuqorida (v) tilga olingan chap bir tirnoq (‘) va ushbu o‘ng bir tirnoq (’) bir-birining jufti hisoblanadi, shuning uchun ham ularning UNICODE tizimidagi kodlari mos ravishda U+2018 va U+2019 hisoblanadi. Masalan, ingliz tilida bu belgilar ichki iqtibos belgilarini (inner quotes) ifodalash uchun ishlatiladi:

Bobbi asked, “Did Delia say, ‘This will never work’?”

Yana lotin yozuvimizga qaytsak, o‘zbek lotin yozuvida to‘g‘ri yozishga qaror qilgan odamlar (tilshunoslar, olimlar, tarjimonlar va h.k.) Oʻ va Gʻ harflarida mana shu chap bir tirnoqni (‘) ishlatish to‘g‘ri deb hisoblashadi, chunki lotin yozuvi joriy qilingan paytdan boshlab turli plakatlarda, darsliklarda Oʻ va Gʻ harflaridagi belgi vizual jihatdan aynan shunday.

Keling, shartli ravishda Oʻ va Gʻ harflari uchun shu chap bir tirnoqni (‘) ishlatish to‘g‘ri, deb qabul qilib turaylik.

d) O´zbekiston | to´g´ri | ma´naviyat

´ – bu belgining nomi ingliz tilida ACUTE ACCENT (akut) deyiladi hamda uning UNICODE tizimidagi kodi U+00B4 hisoblanadi. Bu belgi ham tinish belgisi hisoblanadi. Akut – yuqorida (b) tilga olingan gravis (`) belgisining jufti hisoblanadi.

Bu belgini yozish kompyuter klaviaturalarida ham, mobil qurilmalar klaviaturalarida ham juda qiyin, shuning uchun bo‘lsa kerak, bu belgini odamlar juda kamdan-kam holatda ishlatishadi, lekin shaxsan o‘zim bu belgi ishlatib yozilgan matnlarni ko‘rganman.

Shunday qilib, Oʻ va Gʻ harflarini hamda tutuq belgisini yozishda odamlar ishlatadigan belgilar shular. Biroq, bunday belgilar yuqorida keltirib o‘tilgan 5 xil belgi bilan cheklanib qolmaydi, biz asosiylarini keltirdik xolos. UNICODE tizimida tinish belgilari, xususan, ko‘rinishi chap va bir tirnoqqa o‘xshash belgilar juda ko‘p.

Yuqoridagilarni xulosa qilib, shartli ravishda quyidagi belgilarni to‘g‘ri deb qabul qilib turaylik:

Oʻ va Gʻ harflari uchun – ‘ (chap bir tirnoq, U+2019)

Tutuq belgisi uchun esa – ’ (o‘ng bir tirnoq, U+2018)

Xususan, yozuvda:

Ozbekiston | togri

Manaviyat | surat

Demak, o‘zimiz uchun to‘g‘ri belgilarni tanlab oldik. Biroq, aslida, Oʻ va Gʻ harflarida chap bir tirnoqni (‘), tutuq belgisi uchun esa o‘ng bir tirnoqni (’) ishlatish ham noto‘g‘ri! Bu gapimdan ko‘pchilik shokka tushishi mumkin. Xato deyishimni maqolaning pastrog‘ida izohlayman va eng to‘g‘ri belgini sizlarga aytaman.

Hozircha, yuqorida aytganimdek, Oʻ va Gʻ harflarida shartli ravishda chap bir tirnoqni (‘), tutuq belgisi uchun esa o‘ng bir tirnoqni () ishlatish to‘g‘ri, deb qabul qilib turaylik.

Endi, mana shu biz to‘g‘ri deb hisoblayotgan belgilar qanday muammolarga sabab bo‘lishi haqida gaplashamiz.

1.2. Bu belgilarni kompyuter va mobil qurilmalar klaviaturalari orqali yozishning juda murakkabligi

Yuqorida aytilganidek, kompyuter va mobil qurilmalarning klaviaturalarida biz yuqorida to‘g‘ri deb qabul qilgan belgilar standart holatda mavjud emas. Ularni yozish uchun har xil murakkab usullardan foydalaniladi. Xususan:

Kompyuterda Word dasturida (1) Oʻ va Gʻ harflarini yozish uchun avval O yoki G harfini yozib, keyin bitta bo‘sh joy (probel) tashlab, keyin Enter tugmasining chap tomonida joylashgan apostrof tugmasi bosilsa, bizga kerakli chap bir tirnoq (teskari bir tirnoq ham deyiladi) yoziladi; (2) alohida raqamlar paneli bor klaviaturada Alt + 0145 tugmalari birikmasini bosish orqali. Tasavvur qilyapsizmi, birgina harfni yozish uchun naq 5 ta (!) tugma bosilishi kerak; (3) o‘zbek tilida tarkibida Oʻ va Gʻ harflari qatnashgan so‘zlarning ko‘pligi bois yuqoridagi ikki usul kattaroq matn yozishda juda-juda murakkablik qiladi. Shuning uchun «ishbilarmon» odamlar avval Word dasturida matnni istalgan apostrof yordamida kiritib olib, keyin dasturning qidirib topish va almashtirish (Find & Replace) funksiyasi yordamida bir tirnoqlarni avtomatik tuzatib chiqishadi. Bu usul har doim ham to‘g‘ri ishlayvermaydi, uning ham o‘ziga xos kamchiliklari bor, bu haqda to‘xtalish menimcha shart emas.

Kompyuterda tutuq belgisini yozishda ham aynan Oʻ va Gʻ harflaridagi belgini yozishdagi muammolar mavjud. To‘g‘ri, ba’zi holatlarda tutuq belgisini Word kabi dasturlarda yozish oson, bu haqda yuqorida ham aytib o‘tdim. Lekin boshqa holatlarda muammo saqlanib qolaveradi.

Mobil qurilmalarda esa bu belgini yozishning birdan-bir usuli klaviaturaning tinish belgilari paneliga o‘tib, standart apostrof (') joylashgan tugma biroz bosib turilsa, uning tepasida boshqa turdagi bir tirnoqlar chiqib keladi, keyin shulardan mosi tanlab olinadi.

Mobil qurilmalarda odamlar tez yozishni yoqtirishadi, shunga odatlanishgan, shuning uchun deyarli hech kim yuqoridagi usul yordamida Oʻ va Gʻ harflaridagi yoki tutuq belgisidagi bir tirnoqni yozmaydi!

1.3. Bu belgilar matnning vizual ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, lotin yozuvidagi o‘zbekcha matnlarni o‘qishda ko‘zning toliqishiga sabab bo‘ladi

Xo‘p, har qanday qiyinchilik bilan bo‘lmasin, yuqorida o‘zimiz uchun to‘g‘ri deb qabul qilgan belgilarni yozishga muvaffaq bo‘ldik deylik, lekin undan keyin hosil qilingan matn bilan ishlash, uni o‘qish qanchalik qulay?

Bu belgilar har xil shriftlarda turlicha ko‘rinishi, ba’zan esa so‘zlar orasini buzib yuborishi ham mumkin.

Yuqoridagi rasmda barcha qatorlarda Oʻ va Gʻ harflari uchun chap bir tirnoq (U+2018) va tutuq belgisi uchun esa o‘ng bir tirnoq (U+2019) ishlatilgan. Ko‘rib turganingizdek, Verdana va Tahoma kabi shriftlarda bu belgilar boshqa shriftlardagidan keskin farq qilmoqda.

Qolaversa, Oʻ va Gʻ harflarining yozma ko‘rinishi ularning bosma ko‘rinishidan keskin farq qiladi:

Bosma shaklda chap bir tirnoq (U+2018) shaklida bo‘lgan bu belgi yozma shaklga o‘tganda to‘lqinli chiziqchaga aylanib qolgan. Shaxsan men mana shu yerda mantiqsizlikni ko‘raman doim, chunki ana o‘sha yozma shakldagi to‘lqinli chiziqchaning UNICODE tizimidagi nomi COMBINING TILDE (birlashtiruvchi tilda) deyiladi va uning kodi U+0303 hisoblanadi. Ko‘rib turganingizdek, chap bir tirnoq (U+2018) va birlashtiruvchi tilda (U+0303) alohida belgilar hisoblanadi. Hozirgi o‘zbek lotin alifbosining boshqa hech qaysi harfida bunday holat uchramaydi.

1.4. Lotin yozuvidagi ro‘yxatlarni alifbo tartibida avtomatik saralashning imkonsizligi

Istalgan tildagi biror ro‘yxatni (masalan, biror tadbirda qatnashuvchilarning ism-familiyalari) alifbo tartibida saralash funksiyasining ishlash prinsipi juda oddiy: bu funksiyaga oldindan har bir tilning alifbosi kiritilgan bo‘ladi, funksiya ro‘yxatdagi so‘zlarni shu alifbo asosida tartiblaydi.

Lekin, o‘zbek lotin yozuvida bunday ishni avtomatik bajarish imkoni yo‘q, sababi o‘sha funksiyaga Oʻ va Gʻ harflari bittadan harf ekanligini uqtira olmaysiz, chunki har qanday kompyuter tizimi bu harflardagi belgini tinish belgisi sifatida, Oʻ va Gʻ harflarini esa mos ravishda 2 tadan belgi sifatida qabul qiladi. Shuning uchun ham bunday funksiya Oʻ bilan boshlanuvchi so‘zlarni ham O bilan boshlanuvchi so‘zlar qatoriga kiritadi. Xuddi shunday qilib, Gʻ bilan boshlanuvchi so‘zlarni ham G bilan boshlanuvchi so‘zlar qatoriga kiritadi.

Muammo so‘zning birinchi harfini hal qilish bilan tugamaydi. Xabaringiz bo‘lsa, so‘zlarni alifbo tartibida saralashda so‘zdagi har bir harfning alifbodagi tartibi hisobga olinadi. Masalan, 2 ta so‘z O harfi bilan boshlansa, ularning ikkinchi harfi taqqoslanadi va h.k. Shuning uchun, Oʻ va Gʻ harflarining muammosi so‘zlar tugaguncha ham davom etmaydi, ya’ni bu ishni odam qo‘li bilan bajarish juda mushkul. Kompyuter tizimlari esa, masalan, Microsoft Word dasturi bu ishni ingliz tilida bir soniyaga qolmasdan bajaradi.

Shu o‘rinda Sh va Ch harflarida ham xuddi shu muammo borligini aytib o‘tish joiz. Bu haqda keyinroq Sh va Ch harflariga bag‘ishlangan maqolada batafsil gaplashamiz.

1.5. Bu belgilarni yozishda har kim o‘ziga qulay usuldan foydalangani tufayli, internetdagi o‘zbekcha materiallarni qidirib topish, ular bilan ishlash yanada qiyinlashadi.

Ishonmasangiz, Google orqali (1) O'zbekiston (2) O`zbekiston (3) O’zbekiston yoki (4) O‘zbekiston deb qidirib ko‘ring, har safar har xil sondagi natijalarni olasiz. Yanayam so‘nggi yillarda Google qidiruv tizimi apostroflar bilan ishlashni takomillashtirib, qidiruvda ularni e’tiborga olmaslikka o‘tdi. Lekin baribir internet birgina Google bilan cheklanmasligini hisobga olsak, bu muammo internetdagi butun o‘zbekcha materiallarni qamrab olgan.

1.6. Bu belgilar tinish belgilari hisoblangani bois ular so‘zni ikkiga bo‘lib yuboradi

Bu yerda «bo‘lib yuboradi» deyilganda so‘zning kompyuter tizimlari tomonidan qabul qilinishi, qayd qilinishi nazarda tutilmoqda.

Mana shu muammo aslida bu belgilarning eng katta muammosi hisoblanadi. Har xil «tryuklar» bilan yuqoridagi 5 ta muammoni bartaraf qilsangiz ham, mazkur muammoni hal qila olmaysiz, chunki bu xalqaro standart – tinish belgilari doim so‘zning tugaganini bildiradi.

Masalan, Ozbekiston degan so‘zni kompyuter tizimlari yaxlit Oʻzbekiston sifatida emas, balki [O] va [zbekiston] tarzida qabul qilinadi. Xuddi shunday, malumot degan so‘z ham [ma] va [lumot] tarzida qabul qilinadi.

Kompyuter tizimlari so‘zni qanday qabul qilishi va tushunishini quyida heshteg (#) yordamida vizual ifodalab berishga harakat qilaman. Heshteg shunday narsaki, u doim yaxlit bir so‘zni qamrab oladi, masalan, Telegramda mana bunday:

Yuqoridagi rasmda ko‘rib turganingizdek, barcha hollarda heshteg faqat so‘zning tinish belgisi qo‘yilgan joygacha qismini qamrab olyapti. Men Telegramda heshtegning qo‘llanilishini misol sifatida keltirdim xolos, tushunishga oson bo‘lishi uchun.

1.7. Hozirgi sharoitda Oʻ va Gʻ harflari hamda tutuq belgisi uchun eng to‘g‘ri belgi qaysi?

Yuqoridagi argumentlardan va manbalardan kelib chiqib, shartli ravishda Oʻ va Gʻ harflari uchun – ʻ (chap bir tirnoq, U+2018), tutuq belgisi uchun esa – ʼ (o‘ng bir tirnoq, U+2019) belgilarini to‘g‘ri deb qabul qilgan edik. Biroq, 1.6. bandda bu belgilar ham aslida xato ekanligini asoslab berdik.

Xo‘sh, unday bo‘lsa, qaysi belgini ishlatish to‘g‘ri hisoblanadi? Bu savolning javobini topish uchun UNICODE saytidagi ushbu eslatmaga yuzlanamiz:

The combinations gʻ (Cyrillic g‘) and oʻ (Cyrillic o‘) are represented using U+02BB ʻ MODIFIER LETTER TURNED COMMA.

The other apostrophe-like signs, which are used for glottal stop, are represented using U+02BC ʼ MODIFIER LETTER APOSTROPHE.

Tarjimasi:

O‘zbek lotin yozuvidagi gʻ (kirillcha g‘) va oʻ (kirillcha o‘) harfiy birikmalarini yozishda ʻ (U+02BB, MODIFIER LETTER TURNED COMMA) (harfni o‘zgartiruvchi teskari vergul) belgisidan foydalaniladi.

Tutuqni bildiruvchi apostrofga o‘xshagan belgini yozishda esa ʼ (U+02BC, MODIFIER LETTER APOSTROPHE) (harfni o‘zgartiruvchi apostrof) belgisidan foydalaniladi.

UNICODE tavsiya qilgan belgilarni indamay qabul qilaveramizmi, deydiganlar uchun haqiqatan ham ular taklif etgan belgilar biz uchun eng to‘g‘risi ekanligini asoslab beraman.

Birinchidan, harfni o‘zgartiruvchi teskari vergul – ʻ (U+02BB) belgisi haqiqatan ham vizual jihatdan yuqorida biz Oʻ va Gʻ harflari uchun shartli ravishda to‘g‘ri deb qabul qilgan chap bir tirnoq – ‘ (U+2018) belgisi bilan bir xil. Ularning ko‘rinishi faqat ayrim shriftlarda biroz farq qilishi mumkin, xolos. Xuddi shunday, harfni o‘zgartiruvchi apostrof – ʼ (U+02BC) belgisi haqiqatan ham vizual jihatdan yuqorida biz tutuq belgisi uchun shartli ravishda to‘g‘ri deb qabul qilgan o‘ng bir tirnoq – ʼ (U+2019) belgisi bilan bir xil.

Ikkinchidan, UNICODE tavsiya qilgan belgilar so‘zni bo‘lib yubormaydi, uning bir butunligiga zarar yetkazmaydi. Esingizda bo‘lsa, chap va o‘ng bir tirnoqlar so‘zni bo‘lib yuborayotgan edi. Buni quyidagi rasmda vizual ifodalab berishga harakat qilaman, yana yuqoridagi misoldagidek heshtegdan foydalanamiz.

Yuqoridagi rasmda ko‘rib turganingizdek, belgilar vizual jihatdan bir xil, lekin UNICODE tavsiya qilgan belgilar so‘zning butunligiga putur yetkazmayapti, shuning uchun ham shu belgilar biz uchun eng to‘g‘risi hisoblanadi.

UNICODE tavsiya qilgan harfni o‘zgartiruvchi teskari vergul – ʻ (U+02BB) belgisini sodda qilib «okina» belgisi deyishimiz ham mumkin. Xuddi shunday, tutuq belgisi o‘rnida ishlatiladigan harfni o‘zgartiruvchi apostrof – ʼ (U+02BC) belgisini esa «okinaning jufti» deb ataymiz, chunki bu belgilar bir-birining jufti hisoblanadi.

Oʻ va Gʻ harflari hamda tutuq belgisi uchun eng to‘g‘ri hisoblangan belgini aniqlab olganimiz bilan bu harflar muammosi hech qachon hal bo‘lmaydi. Chunki, okina va uning juftini xoh kompyuter, xoh mobil klaviaturalardan bo‘lsin, ularni yozish juda qiyin. Ularni klaviaturalardan kiritish chap va o‘ng bir tirnoqdan ham qiyin. Chap va o‘ng bir tirnoqni kompyuter yoki mobil qurilmalarning klaviaturalaridan bir nechta «tryukni» ishlatib yozish mumkindir, lekin okina va uning juftini hech qaysi klaviaturadan yozib bo‘lmaydi, chunki bu belgilar kam ishlatiladigan belgilar sirasiga kiradi. Ularni yozish uchun bu belgilar klaviatura dasturini tuzgan kompaniyalar tomonidan oldindan kiritilgan bo‘lishi lozim, bu esa aksariyat hollarda imkonsiz narsa.

Shuning uchun, ratsional jihatdan eng to‘g‘ri belgini topganimiz bilan, biz muammoning bir qismini hal qilamizu, lekin boshqa muammolar o‘z holicha qoladi, ayrimlari esa kuchayadi. Maqolamiz boshida 5 xil belgi haqida gapirgan bo‘lsin, endi ularning soni 7 taga yetadi. Bu esa, o‘z navbatida, xalq uchun juda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchiman, Oʻ va Gʻ harflaridagi maxsus belgi qanchalik muammo yaratsa, tutuq belgisi ham shunchalik muammo yaratadi, shuning uchun muammoni batamom yo‘q qilish uchun nafaqat Oʻ va Gʻ harflarini almashtirish, balki tutuq belgisini ham almashtirish talab etiladi!

II. YeChIMLAR

2.1. Oʻ va Gʻ harflari uchun diaktrik belgili harflardan foydalanish

Diaktrik belgi deganda, harfning ustiga yoki ostiga muayyan belgilarni qo‘shish orqali yangi harflar yoki tovushlar hosil qilinadigan belgilar tushuniladi. Diaktrik belgilar juda ko‘p, ularga qiziqqanlar Vikipediyadagi ushbu maqola orqali tanishishi mumkin.

Demak, O‘ harfi uchun quyidagi asosiy diaktrik belgili harflar mos kelishi mumkin:

Yuqoridagi belgilardan birinchi uchtasi Oʻ harfi uchun asosiy da’vogar deb hisoblayman. Quyida izohlarimni keltirib o‘taman.

1) Ö – diyerezisli O (umlautli O ham deyiladi), kengaytirilgan lotin alifbosi tarkibiga kiradi. Bu belgi ko‘pchilikka tanish, chunki 1993 yilgi lotin alifbomizda hozirgi Oʻ harfi uchun aynan shu Ö ishlatilgan, biroq oradan atigi ikki yil o‘tib, 1995 yilda bu harf O‘ harfiy birikmasi bilan almashtirilgan. Qolaversa, bu harf turk, ozarbayjon, turkman kabi turkiy xalqlar alifbosida hamda nemis va boshqa tillar alifbosida ham mavjud. Bu belgini aksariyat mobil qurilmalar klaviaturalarida ham qiyinchiliksiz yozish mumkin (yangi o‘zbek lotin alifbosi uchun klaviatura terilmasi ishlab chiqilgunicha vaqtinchalik yechim sifatida).

2) Ŏ – brevisli O, diaktrik belgisi kirillchadagi Oʻ harfidagi belgi bilan bir xil. Shuningdek, Gʻ harfi uchun Ğ harfi qabul qilinadigan bo‘lsa, u bilan juda mos tushadi. Natijada, qabul qilinayotgan harflardagi diaktrik belgilarning turi ko‘paymaydi va bu odamlarga ancha qulaylik yaratadi.

3) Õ – tildali O, diaktrik belgisi hozirgi paytdagi Oʻ harfining yozma ko‘rinishidagi to‘lqinli chiziqcha bilan bir xil, biroq shundan boshqa afzalligi yo‘q biz uchun, shuning uchun bu harfni da’vogarlar safidan chiqarish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

4) Ō (makronli O) va Ô (sirkumfleksli O) harflari bizga umuman notanish, shuning uchun ulardan foydalanmagan ma’qul.

5) Ó (akutli O) va Ò (gravisli O) harflaridagi diaktrik belgilar bir-biriga vizual jihatdan yaqin bo‘lgani bois odamlarda ikkilanish va chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababdan bu harflarni ham da’vogarlar safidan chiqarganimiz yaxshi.

Yuqoridagilarni xulosa qilib, Oʻ harfi uchun Ö yoki Ŏ eng maqbul variant, deb hisoblayman.

Endi Gʻ harfiga kelsak, uning uchun quyidagi asosiy diaktrik belgili harflar mos kelishi mumkin:

1) Ğ – brevisli G, kengaytirilgan lotin alifbosi tarkibiga kiradi. Bu belgi ko‘pchilikka tanish, chunki 1993 yilgi lotin alifbomizda hozirgi Gʻ harfi uchun aynan shu Ğ ishlatilgan, biroq oradan atigi ikki yil o‘tib, 1995 yilda bu harf Gʻ harfiy birikmasi bilan almashtirilgan. Qolaversa, bu harf turk, ozarbayjon, turkman kabi turkiy xalqlar alifbosida ham mavjud. Bu belgini aksariyat mobil qurilmalar klaviaturalarida ham qiyinchiliksiz yozish mumkin (yangi o‘zbek lotin alifbosi uchun klaviatura terilmasi ishlab chiqilgunicha vaqtinchalik yechim sifatida). Shuningdek, Oʻ harfi uchun Ŏ harfi qabul qilinadigan bo‘lsa, diaktrik belgisi u bilan juda mos tushadi. Natijada, qabul qilinayotgan harflardagi diaktrik belgilarning turi ko‘paymaydi va bu odamlarga ancha qulaylik yaratadi.Yuqoridagi belgilardan faqat birinchisi Gʻ harfi uchun asosiy da’vogar deb hisoblayman. Quyida izohlarimni keltirib o‘taman.

2) Ḡ (makronli G) va Ǵ (akutli G) harflari bizga umuman notanish, shuning uchun ulardan foydalanmagan ma’qul.

3) Ǧ (karonli G) va Ĝ (sirkumfeksli G) harflaridagi diaktrik belgilar bir-biriga vizual jihatdan yaqin bo‘lgani bois odamlarda ikkilanish va chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababdan bu harflarni ham da’vogarlar safidan chiqarganimiz yaxshi.

Yuqoridagilarni xulosa qilib, Gʻ harfi uchun Ğ eng maqbul variant, deb hisoblayman.

Demak, quyidagi o‘zgarish amalga oshirilgani eng maqbul variant:

Oʻ / oʻ > Ö / ö yoki Ŏ / ŏ

Gʻ / gʻ > Ğ / ğ

Oʻ harfi uchun qaysi birini tanlashni har xil usullarda aniqlash mumkin: ovoz berish, so‘rovnoma o‘tkazish, ilmiy mushohada va h.k. Har ikkisidan biri tanlansa ham bu biz lotinsevarlar uchun yutuq hisoblanadi.

2.2. Tutuq belgisini nima qilamiz?

Yuqoridagi barcha muhokamalardadan bir narsa aniq bo‘ladiku, tutuq belgisi yaratadigan muammolar Oʻ va Gʻ harflari yaratadigan muammolar bilan bir xil, shunday ekan tutuq belgisini ham shu holicha qoldirish yaxshi ish emas. Alifboni isloh qilishga bel bog‘ladikmi, uni oxirigacha yetkazishimiz, alifbodagi har qanday xato va kamchiliklarni tuzatishimiz darkor.

Tutuq belgisi yuzasidan oldimizda 3 ta yo‘l bor:

1) Tutuq belgisini o‘zbek lotin yozuvidan olib tashlash

Bu fikrim ancha keskin tuyulishi mumkin, lekin quyida buni asoslab beraman.

Birinchidan, kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tilayotgan paytda shunga o‘xshash uchta ish qilingan:

birinchisi – kirill yozuvimizdagi yumshatish belgisi (, myagkiy znak) shunchaki olib tashlangan, masalan, aprel > aprel bo‘lib o‘tgan;

ikkinchisi – ob’yekt, sub’yekt kabi rus tilidan o‘zlashgan so‘zlardagi ayirish belgisi (’, tvyordiy znak) ham olib tashlangan, masalan, ob’yekt > obyekt, sub’yekt > subyekt bo‘lib o‘tgan lotinga;

uchinchisi – mo‘’jiza, mo‘’tabar kabi o‘zbekcha so‘zlardagi ayirish belgisi (lotindagi tutuq belgisi) ham muayyan sabablarga ko‘ra olib tashlangan edi, xususan, mo‘’jiza > moʻjiza, mo‘’tabar > moʻtabar bo‘lib o‘tgan lotinga.

Ikkinchidan, o‘zbek tilidagi tutuq belgili so‘zlarning aksariyati (ruschadan o‘zlashgan so‘zlar chiqib ketsa, hammasi, menimcha) bizga arab tilidan kirib kelgan. Bunday so‘zlarning arabchasida «ayn» harfi bo‘lgani uchun lotin yozuviga shu «ayn» harfi tutuq belgisi (ʼ) bo‘lib kirgan. Biroq, masalaning boshqa tomoni shundaki, bu prinsip doim ham ishlayvermagan, balki bu lug‘at tuzuvchilarning xatosidir, balki boshqa qoida sabab, arabcha so‘zlardagi «ayn» ba’zan o‘zbek tilida shunchaki tashlab ketilgan. Masalan, quyidagi misolga qaraylik:

Taʼqib – bu so‘zning arabchasida «ayn» harfi mavjud, shuning uchun o‘zbek tiliga o‘zlashganda ham tutuq belgisi bilan olingan. Quyidagi skrinshot O‘zbek tilining izohli lug‘atidan olingan (A.Madvaliyev tahriri ostida, 2006–2008)

Taqiq – bu so‘zning ham arabchasida «ayn» harfi bor, lekin o‘zbek tiliga o‘zlashganda hech qanday tutuq belgisi yo‘q. Quyidagi skrinshot O‘zbek tilining izohli lug‘atidan olingan (A.Madvaliyev tahriri ostida, 2006–2008)

Bunaqa misollar ko‘proq bo‘lishi ham mumkin, men hozircha shu ikkitasi bilan cheklandim. Shu paytgacha bir nechta holatda tutuq belgisi olib tashlangan ekan, nimaga uni barcha tutuq belgili so‘zlarga nisbatan qo‘llamaymiz? Bundan ko‘rinadiki, tutuq belgisi olib tashlansa biz ko‘p narsa yutqizmaymiz. Faqat ayrim so‘zlarda omonimlik xususiyati paydo bo‘ladi xolos, bu esa tilimizda mavjud hodisa:

taʼlim > talim

maʼnaviyat > manaviyat

surʼat > surat (omonimlik xususiyati paydo bo‘ladi)

Tutuq belgisining olib tashlanishi tilimizga va yozuvimizga juda ko‘p jihatdan foydalar keltiradi, xususan:

a) tutuq belgisining har xil ifodalanishi muammosining bartaraf etilishiga (yuqorida bu haqda juda ko‘p muammolarni sanab o‘tganman)

b) internetda belgilar bilan bog‘liq muammoning kamayishiga.

2) Tutuq belgisi o‘rniga boshqa biror harfiy belgini joriy qilish

Agar tilshunoslarimizning (va boshqalarning) hammasi bir ovozdan tutuq belgisidan voz kecha olmaymiz deb, unga asosli sabablar keltira olsa, biz uchun ikkinchi yo‘l bu belgini boshqa biror harfiy belgi bilan almashtirish hisoblanadi.

Tutuq belgisining hozirgi shakli qanday muammolarni keltirib chiqishini yuqorida sanab o‘tdik, shuning uchun uni xuddi kirill yozuvidagi ayirish belgisi (’) kabi biror harfiy belgi bilan almashtirsak, muammoning yechimini topgan bo‘lamiz. Chunki kirill yozuvidagi ayirish belgisi (’) yozishga qulay (uni ham kompyuter, ham mobil qurilmalar klaviaturalaridagi kirillcha terilmada yozish qulay), so‘zni ikkiga bo‘lib yubormaydi (kompyuter tizimlari kirill yozuvidagi ayirish belgisi bor so‘zlarni ham bir butun so‘z sifatida qabul qiladi va tushunadi, ko‘rinishi ham unikal (uni boshqa biror belgi bilan adashtirib yuborish juda qiyin).

Shunga o‘xshash ishni belaruslar ham lotin alifbosida joriy qilishgan, garchi ularda lotin yozuviga o‘tilmagan bo‘lsada. Belarus lotin alifbosida kirill yozuvidagi apostrof belgisi o‘rniga «j» harfi kiritilgan, masalan: ab'yekt > abjekt.

Esingizda bo‘lsa, yuqoriroqda bu holatda bizda lotin yozuviga o‘tishda «ob’yekt», «sub’yekt» kabi rus tilidan o‘zlashgan so‘zlardagi ayirish belgisi (’, tvyordiy znak) olib tashlangani haqida yozgan edik: ob’yekt > obyekt, sub’yekt > subyekt bo‘lib o‘tgan lotinga.

Xo‘sh, tutuq belgisini qaysi belgiga almashtirish maqsadga muvofiq? Bu borada hozircha menda aniq bir taklif yo‘q. Agar o‘zbek lotin yozuvini isloh qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh shunday qarorga keladigan bo‘lsa, eng mos belgini UNICODE tizimidan topish muammo emas.

Ko‘zingizga juda notanish ko‘rinyaptimi? Shuning uchun ham tutuq belgisini yozuvimizdan umuman olib tashlash tarafdoriman men. Qolaversa, UNICODE belgilari yaxshilab o‘rganib chiqilsa, bundan yaxshiroq variant chiqishi mumkin, bunga ishonaman.

3) Tutuq belgisini shundayligicha qoldirish

Mabodo, ishchi guruh yuqoridagi ikki taklifdan hech biriga ko‘nmasa, tutuq belgisini shundayligicha qoldirishga, u keltirib chiqaradigan muammolarni ham shundayligicha qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Bunday bo‘lmasligiga umid qilib qolaman.

Yozuvida apostrof mavjud ukrainlar va belaruslarning bu boradagi muammo va yechimlari bilan qiziqib ko‘rdim. Ikkalasida ham yozuvi kirill alifbosiga asoslangan, biroq ular ruslarning kirill yozuvidan farqli o‘laroq ayirish belgisini emas, apostrof belgisidan foydalanishadi. Bu haqda yuqorida ham bir ikki misollarni keltirgan edim.

Apostrof borasida UNICODE quyidagi qoidani ilgari suradi – apostroflarning 3 xil turi mavjud:

(1) ' – APOSTROPHE (apostrof), UNICODE kodi – U+0027. Uni yozuv mashinkasidagi apostrof ham deyishadi.

(2)  – RIGHT SINGLE QUOTATION MARK (o‘ng bir tirnoq), UNICODE kodi – U+2019

(3) ʼ – MODIFIER LETTER APOSTROPHE (harfni o‘zgartiruvchi apostrof), UNICODE kodi – U+02BC

Ingliz tilida apostrof uchun (1) va (2) turidagi apostroflardan foydalanaverishadi, chunki yuqorida aytganimdek, aksariyat kompyuter tizimlari, dasturlar (1) apostrofni avtomatik ravishda (2) apostrofga aylantirib beradi. Lekin ingliz tilida apostrof boshqa maqsadda, to‘g‘riroq aytganda o‘z maqsadida – biror so‘zga qo‘shimcha qo‘shganda, ikkita so‘z qo‘shib yuborilganda ularni qisqartirganda va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.

Biroq, o‘zbek tilida, shuningdek, ukrain va belarus tillarida esa apostrof boshqa maqsadda – so‘zning orasida ishlatiladi. Shuning uchun ingliz tilidagi apostrof qoidasi bu tillarga mos tushmaydi. Shuni inobatga olgan holda ham belarus, ham ukrain tilida yuqoridagi 3 xil apostrofdan eng to‘g‘risi (3) ʼ – MODIFIER LETTER APOSTROPHE (harfni o‘zgartiruvchi apostrof) ekani ta’kidlangan va hujjatlashtirilgan. Shunday bo‘lsada, ularda ham apostroflarni chalkashtirib ishlatish holatlari ko‘p kuzatilar ekan.

Agar o‘zbek lotin yozuvida ham tutuq belgisi qoldiriladigan bo‘lsa, uning uchun eng to‘g‘ri belgi – MODIFIER LETTER APOSTROPHE (ʼ, U+02BC) ekanligi hujjatlashtirilishi lozim. Biroq, xuddi ukrainlar va belaruslarda bo‘lganida bizda ham odamlar bu belgini boshqa apostroflar bilan chalkashtirib ishlatish holatlari bo‘lishi aniq, buni albatta hisobga olish lozim.

III. XULOSA O‘RNIDA

Bu muammolar, o‘z navbatida, o‘zbek lotin yozuvi uchun imloni tekshiruvchi, grammatikani tekshiruvchi, matnni nutqqa aylantiruvchi hamda nutqni matnga aylantiruvchi dasturlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda. To‘g‘ri, Microsoft Word dasturiga o‘zbek lotin yozuvi uchun imloni tekshirish funksiyasi qo‘shildi, lekin uning ishlash prinsipini tayyorlashda mazkur muammoning oldini olish uchun alohida qoidalar kiritildi. Hozirgi kunda kompyuter texnologiyalari rivojlanib, bu muammoning ham oldini olsa bo‘ladi, faqat ish ko‘payadi xolos. Lekin bu yechimlar hech qachon universal bo‘lmaydi, hammasi xususiy hol uchun o‘rinli bo‘ladi xolos.

Hozir butun dunyoda rivojlanib borayotgan sun’iy intellekt sohasining bir qismi hisoblangan tabiiy til bilan ishlash (Natural Language Processing) sohasi rivoji uchun yuqoridagi muammolar qanchalik tez hal bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Ana shundagina o‘zbek tilida ham matnni o‘qib eshittirish yoki aksincha nutqni matnga aylanirish funksiyalari, yaqin kelajakda esa virtual ovozli yordamchilar (Siri, Google Assistant, Amazon Alexa kabi) va boshqalar paydo bo‘lishini orzu qilishimiz mumkin.