Oddiy smartfonlar urfdan qolmoqdami? Yana ikki smartfon brendi buklafon chiqarmoqchi!

Oddiy smartfonlar urfdan qolmoqdami? Yana ikki smartfon brendi buklafon chiqarmoqchi!

So'nggi yillarda buklamafon ishlab chiqaruvchi brendlar soni bir nechtaga ko'paydi. Bozordagi so'zsiz qirol, Samsung, ham Galaxy Z Fold, ham Galaxy Z Flip uchun bir qancha raqobatchilar orttirdi va bu davom etmoqda. Ma'lum bo'lishicha, endilikda Meizu va Realme kompaniyalari ham o'yinga qo'shilmoqchi.

Xitoyning Meizu brendi yaqinda o'z logotipini yangiladi va hozir Meizu 20 seriyasini taqdim qilishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, kompaniya ijrochi vitse-prezidenti, Huang Jipan bergan ma'lumotlarga ko'ra, Meizu joriy yil oxirigacha o'zining ilk buklamafonini chiqaradi. Hozircha esa uning qanday bo'lishi haqida hech qanday ma'lumotlar oshkor qilinmagan.

Yana bir tomonda esa Realme ham buklamafonlar bozoriga kirishni rejalashtirayotgan ko'rinadi. Kompaniya so'nggi va rivojlangan texnologiyalarga begona emas. Yaqinda u o'zining 240 Vt tezlikda zaryadlanadigan smartfonini taqdim qildi. Va endi kompaniya vitse-prezidenti, Madxav Shet, o'zining Twitter sahifasida "Keyingisi uchun nima xohlaysiz... #realmeFlip yoki #realmeFold" deya tvit qoldirdi. Garchi bu xabar kompaniya rasman Galaxy Z Flip va Z Fold buklamafonlari uchun raqobatchi tayyorlayotganini 100% tasdiqlamasa ham, undan kompaniya hech bo'lmaganda buklanadigan ekranli smartfon ishlab chiqarishni o'ylab ko'rayotganligini bilib olishimiz mumkin.

Shuni ham aytib o'tish kerakki, Google kompaniyasi ham anchadan beri o'zining Pixel Fold nomli buklanadigan ekranli qurilmasini ishlab chiqarishi haqida mish-mish qilib kelinadi. Ehtimol, biz bu haqda yaqinlashib kelayotgan Google I/O tadbirida bilib olishimiz mumkin bo'ladi. 

Buklamafonlar bozorida hozirda 10 ga yaqin brendlar bor va ularning eng oxirgisi Tecno brendi bo'ldi. Kompaniyaning ilk buklamafoni, Phantom V Fold, bozordagi eng arzon narxda taklif qilinayotgan buklamafon bo'lib turibdi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.