OGOH BO‘LING: FaceApp foydalanuvchilari – firibgarlar nishonida!

  •   DiMaX
  •  2857
  •  23.07.2019 12:44

OGOH BO‘LING: FaceApp foydalanuvchilari – firibgarlar nishonida!

AppStore do‘konidagi rasmiy FaceApp ilovasi mana shu ko‘rinishga ega

 

Keyingi kunlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham FaceApp fotoredaktori juda ommalashganidan xabaringiz bor. ESET antivirus kompaniyasi esa ushbu ilova foydalanuvchilariga yo‘naltirilgan firibgarlik xavfi haqida xabar bermoqda.

O‘QING: FaceApp atigi 10 kunda bir million dollar daromad keltirdi – ko‘proq kimlar hisobidan?

ESET kompaniyasining ta’kidlashicha, firibgarlar FaceApp mashhurligidan foydalanish payiga tushib qolishgan. Ular mazkur ilova ishqibozlariga uning yanada ko‘proq funksiyalarga ega bo‘lgan, FaceApp Pro nomli qalbaki versiyalarini taklif etishmoqda. Ko‘pgina holatlarda firibgarlar uning bepul versiyasini yuklab olish mumkin bo‘lgan soxta saytlar ham yaratishgan.

O‘sha saytdan ilovani yuklab olishga harakat qilsangiz, ko‘plab qalqib chiquvchi oynalar paydo bo‘ladi. E’tiborsizlik qilgan foydalanuvchilar bu yerda pulli ilovalarga yoki reklamalarga obunani rasmiylashtirib qo‘yishlari mumkin. Shuningdek, bildirishnomalar olib turish so‘rovi ham keladiki, ular ham firibgarlik sxemasining bir qismi hisoblanadi.

AppStore do‘konidagi rasmiy FaceApp ilovasi mana shu ko‘rinishga ega

Shunaqa qalbaki ilovalardan birini hatto Google Play do‘koniga ham joylashni uddalashibdi. Uning havolasi mediafire.com fayl alishish servisiga eltadi, u yerdan esa ziyonkor dasturiy ta’minot yuklanishi ehtimoli yuqori.

Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun, ESET tavsiyasiga ko‘ra, ilovalarni hamisha rasmiy Google Play yoki App Store kataloglaridan yuklab olish darkor.

O‘QING: FaceApp’ni qo‘ying, undan ham zo‘ri chiqdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!