Ogoh bo‘ling! Galaxy S10 va Note10'larning o‘ta katta kamchiligi topildi!

Ogoh bo‘ling! Galaxy S10 va Note10'larning o‘ta katta kamchiligi topildi!

Revolyusion ekanligi ko‘p ta’kidlanayotgan Galaxy S11 flagmani ustidagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Vaholanki, avvalgi modellar bilan qator muammolar ora-ora paydo bo‘lib turibdi. Xuddi shunday muammolardan biri haqida Galaxy S10 va Note10 foydalanuvchilari, albatta, xabardor bo‘lishlari shart.
BleepingComputer sayti tomonidan Galaxy S10 smartfonining barmoq izi skanerida xavfsizlikka doir kattagina kamchilik borligi oshkor qilindi. Tasodifan anqilangan ushbu muammo shuki, qurilmaning so‘nggi avlod barmoq izi skaneri autentifikatsiyasini arzon-garov silikon g‘ilof yordamida osonlikcha chetlab o‘tish mumkin. Telefonning ham old, ham orqa tomonini qoplovchi 3,5 dollar atrofidagi ushbu g‘ilof barmoq izi skanerini “chalg‘itish“ xususiyatiga ega. Buning natijasida, skaner har qanday barmoq izida ham ekran qulfini ochib yuboradi. Bundan tashqari, bank ilovalarida ham barmoq izi biometrik ma’lumotlaridan foydalaniladi. Bu esa ushbu vaziyatda xakerga foydalanuvchining kredit kartasi va bank hisobiga kirish imkonini yaratib beradi.
Muammo faqat S10'ning o‘zida emas. Ushbu lineykadagi boshqa qurilmalar ham sinab ko‘rilganda, ularda ham ayni kamchilik aniqlandi. Bu hali hammasi emas. Eng so‘nggi Galaxy Note10 va Note10+ larga ham aynan mana shunday datchik qo‘yilgan. Demak, ularda ham xuddi shunday muammo bo‘lishi aniq.
The Sun nashri ushbu kamchilikni videoda ko‘rsatib berganidan so‘ng, Samsung'ning mijozlar bilan ishlash bo‘limi bu muammoni tan oldi va rasmiy bayonot e’lon qildi. “Ushbu muammo kompaniya ichida o‘rganib chiqilmoqda. Barcha mijozlardan Samsung mahsulotlari uchun maxsus ishlab chiqarilgan va kompaniya tasdig‘idan o‘tgan aksessuarlardan foydalanishni maslahat beramiz“, deyiladi bayonotda.
Masalaning qiziq jihati shuki, Galaxy smartfonlarining ultratovushli barmoq izi skanerlari hozirga qadar eng ishonchli ekranosti skaner bo‘lib kelgan edi. Kompaniya ushbu kamchilikni (foydalanuvchiga maxsus dastur jo‘natish orqali) hal qilish-qilmasligi hozircha noma’lum, biroq bu borada biror harakat qilinmasa, Samsung katta muammo girdobida qolishi shubhasiz.
Galaxy S11, ta’kidlanayotganidek, misli ko‘rilmagan kamera moduli, yangicha dizayn, keyingi avlod xotira sig‘imi va hokazolarga ega bo‘lishi mumkin, lekin uni ham qandaydir 3 dollarlik g‘ilof bilan buzib kirish mumkin bo‘lsa, Samsung'ning o‘rniga Apple yoki Google smartfonlarini tanlash ma’qulroqdir.

O‘QING: Samsung ekranosti selfi kamerali smartfonlar chiqarishni keyingi yildanoq boshlaydi