Okay, Google, meni professionalga aylantir!

Okay, Google, meni professionalga aylantir!

Google shunchaki oddiy qidiruv tizimi emas. Kompaniyaga qarashli qo‘shimcha xizmatlar (GMail, YouTube, Drive, Calendar, Hangouts) yoki qidiruv tizimining turli versiyalari (Scholar, Books) dan tashqari, google.com saytiga kirib, oddiy bir veb-sahifani qidirishdan ko‘ra ko‘proq amallarni bajarishingiz mumkin.
Google'ga yiliga 2 trillion (!) qidiruv beriladi. Bu kuniga 5,5 mlrd, soatiga 228 mln, daqiqasiga 3,8 mln yoki soniyasiga 63 ming qidiruv demakdir. Ammo bunday katta raqamlarga qaramasdan, aksariyat foydalanuvchilar saytda mavjud imkoniyatlardan juda kam foydalanadi.
Masalan, undan bir valyuta qiymatini boshqa valyutada ko‘rishingiz, o‘lchov birliklari konvertori sifatida foydalanishingiz, birjalar savdosini kuzatib borishingiz va hattoki qidiruvingizda ma’lum domendagi saytlar chiqmasligini ham belgilab qo‘yishingiz mumkin. Operator so‘zlar va belgilardan foydalanib esa juda xususiy qidiruvlar amalga oshirsangiz yoki vazifalarni bajarsangiz ham bo‘ladi.
Quyida Google'dan maksimal darajada foydalanishingizga imkon beruvchi bir qator usullarni keltirib o‘tamiz. Ularning ba’zilarining amaliy ahamiyati yuqori, ba’zilari esa faqat vaqtingizni chog‘ o‘tkazishga yordam beradi. Hamma ham Google'ga qidiruv beroladi, lekin undan professionallardek foydalanish bilan atrofdagilarni lol qoldirish mumkin. Qani, ketdik!
Operator belgilardan foydalaning
Sayt qo‘shimcha ko‘rsatmalar, tinish belgilari va simvollar vositasida veb-sahifalar ichidagi kerakli ma’lumotni "sug‘urib chiqarish" imkonini yaratadi. Ularni shunchaki so‘rovingizga qo‘shib qo‘ysangiz kifoya.
@ —ijtimoiy teglarni qidiradi: @googler kabi;
$ — ma’lum narxdagi mahsulotni qidiradi: adidas $500;
# — bunga izoh shart emas, bizningcha;
- — shakldosh so‘zlardan faqat bittasini qidiradi. Masalan, Pitbull -singer deb yozsangiz, qo‘shiqchi emas, balki kuchuk haqida natijalar chiqadi.
Hisob-kitob qiling
Matematikadan yaxshi emasmisiz? Unda, Google'ga murojaat qiling. 1+1 bo‘ladimi yoki sin(90)/cos(30) bo‘ladimi, javobingiz soniyaning ulushlarida tayyor bo‘ladi!
Valyutani konversiya qiling
Yaponiyaga sayohat qilishni rejalashtiryapsizmi? Yapon iyenasining so‘mdagi qiymati kerakmi? "Okay, Google" buyrug‘i va "uzs to jpy". Ishingiz hal! Safaringiz bexatar bo‘lsin!
O‘lchov birliklarini konversiya qiling
Yuqoridagidek, bir o‘lchov birligini boshqa o‘lchov birligiga qiyinchiliksiz o‘tkaza olasiz. Masalan, 10 oshqoshiq choyqoshiqda qancha bo‘lishi (ingl. 10 tsp to tbsp), 100 km necha milya bo‘lishi va h.
Vaqtni bilib oling
Chikagodagi do‘stingizga qo‘ng‘iroq qilmoqchisiz, lekin u yerdagi vaqtni bilmaysiz. Shundaymi? Geografiya kitoblariga murojaat qilishingiz shart emas. "Chikagoda soat necha bo‘ldi?" (Google tushunadigan tillardan birida, albatta) deb yozing.

"Chikagoda soat necha bo‘ldi?" so‘rovi koreyschada


Birja ma’lumotlarini kuzatib boring
Fond birjasi ma’lumotlarini "stock:" opertori bilan kuzatib boring: stock:microsoft kabi.
Quyosh chiqish va botish vaqtini bilib oling
Quyosh chiqishini tomosha qilish uchun tog‘ga chiqmoqchimisiz? Unda ushbu ma’lumotni Google'dan bilib oling. "Sunrise in Tashkent" yoki "Vosxod solnsa v Andijane", degan so‘rov bering. Afsuski, Google hozircha bu turdagi so‘rovlarni o‘zbekchada tushunmaydi.
Domen bo‘ylab qidiring
Saytimizda Samsung Galaxy Note haqida qanday ma’lumotlar keltirilganligini bilmoqchimisiz? Unda site:terabayt.uz Samsung Galaxy Note deb qidiruv bering. "site:" operatori qidiruv faqat ma’lum domen ichida amalga oshirilishini ko‘rsatadi.
Domenni natijalar orasidan o‘chirib qo‘ying
Har safar biror ma’lumot qidirganingizda Wikipedia chiqishi sizga yoqmasa, buning ham imkoni bor. Masalan, -site:wikipedia.org O‘zbekiston deb, yozsangiz, natijalar qatorida ushbu saytdan ma’lumot chiqmaydi.

So‘rov natijalari orasida Wikipedia'dan natija ko‘rsatilmadi


.edu domenidagi saytlarni qidiring
Agar qidiriayotgan ma’lumotingiz, ta’lim sohasiga oid bo‘lsa, eng mos natijaga ega bo‘lish uchun site:edu deb qidiring, bunda faqat .edu domenidagi saytlardan ma’lumot chiqadi.
URL'ni qidiring
Agar sizga 2009-yilda e’lon qilingan sahifalar kerak bo‘lsa, inurl: 2009 deb qidirishingiz mumkin. Shunda Google 2009-yilgi sahifalarni ko‘rsatadi.
Saytlar haqida ma’lumotga ega bo‘ling
"info:" operatoridan foydalanib, Google ma’lum bir sayt to‘g‘risida nimalarni bilishi haqida ma’lumot oling. Biz haqimizda bilmoqchi bo‘lsangiz, info:terabayt.uz deb qidiring.
Sevimli jamoangiz yangiliklaridan boxabar bo‘ling
Agar sport sizning hobbiyingiz bo‘lsa, o‘yin ketayotgan paytdagi ochkolarni bilib olish uchun ikkala jamoa nomini yozib qidiruv bering. Yoki o‘zingiz qiziqqan klub nomini yozib, ular kimga qarshi va qachon o‘yinga tushishini bilib oling.
Patentlarni qidiring
Saytga "patent" so‘zidan so‘ng patent raqamini kiriting. Masalan, Patent 10198649 deb yozib ko‘ring. Qani, qaysi taniqli kompaniya mahsuloti patent raqami chiqarkan?
Fayllarni qidiring
PDF formatidagi fayl kerakmi? Unda "filetype:" operatoridan foydalaning. Masalan, Inson huquqlariga oid PDF hujjat kerak bo‘lsa, "filetype:pdf Human Rights", qidiruvini bering. Bu operator nafaqat PDF formatdagi, balki .docx, .avi, .jpeg va .png formatdagi hujjatlarni ham qidiradi.
O‘chirilgan saytarni ko‘ring
Ba’zan, saytlar o‘chirib qo‘yiladi. Biroq Google bilan o‘sha saytning kesh variantini qidirsangiz bo‘ladi. Bu uchun "cache:" operatoridan foydalanasiz: cache:terabayt.uz
So‘zning izohini ko‘ring
Agar lug‘at ishlatish sizga yoqmasa, "define:" operatoriga murojaat qilsangiz bo‘ladi. Masalan, define:vigorous.
Kalitso‘z sarlavhada bo‘lsinmi?
Qidirayotgan kalitso‘zingiz sahifa sarlavhasida bo‘lishi uchun "intitle:" operatori qo‘l keladi. intitle:baxt kabi. Agar birdan ortiq kalitso‘z sarlavhada bo‘lishini kerak bo‘lsa, "allintitle:" dan foydalaning: "allintitle:Samsung Uzbekistan"
Aniq birikmani qidiring
Qo‘shtirnoq belgisidan foydalanish qidiruv natijasida aniq siz qidirgan ma’lumot bo‘lishini ta’minlaydi. Qani, ko‘ring-chi, siz haqingizda ham ma’lumot chiqarmikan. Shaxsan men ham qidirib ko‘rdim.
Google'ga qarshi "ringga tushing"
Zerikkanda Google'ga qarshi X va 0 o‘ynini o‘ynashingiz mumkin. Buning uchun oddiygina "tic tac toe" deb yozing.

O‘QING: Google Chrome’ni sahifalarni bir zumdayoq ochishga majburlaymiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.