Oldingi proshivkalardan tezroq, ishonchliroq va chiroyliroq MIUI 12.5 qobiq dasturi taqdim qilindi

Oldingi proshivkalardan tezroq, ishonchliroq va chiroyliroq MIUI 12.5 qobiq dasturi taqdim qilindi

Bugun Xiaomi kompaniyasi Xitoy poytaxti Pekinda katta marosim o‘tkazib, eng so‘nggi flagmanlari va yangi MIUI 12.5 interfeysini taqdim qildi.

Yangi proshivka MIUI 12'ning davomchisi bo‘lib, unda xavfsizlik sozlamalari anchayin kuchaytirilgan, ilovalar barqarorlashtirilgan. MIUI 12.5 bilan, shuningdek, Windows'ga ulangan qurilmalarda bildirishnomalar qabul qilish va hech qanday qiyinchiliksiz ba’zi amallarni bajarish mumkin.

O‘QING: 108 MP ham ommabop Xiaomi flagmaniga naf bermadi, lekin u baribir Galaxy Note 20 Ultra’lardan yuqorida!

Xiaomi yangi proshivka nomiga qarab: «Ko‘p narsa o‘zgarmabdi», degan xulosaga kelmaslikka chaqirdi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, MIUI 12.5 yangi yil uchun asosiy dasturiy ta’minot yechimi hisoblanadi. Xiaomi'dagilar yangi qobiq dasturini nega «MIUI 13» deb nomlashmaganini aytishmadi, lekin, bizningcha, bu yerda irim qilishgan (13 soniga baxtsizlik ramzi deb qaralishini yaxshi bilasiz).

MIUI 12.5 tizim estetikasi va vizual dizaynini yaxshilagan — kompaniya rahbari sahnada turgani holda yangi interfeysni iOS bilan taqqoslab ko‘rsatdi va tranzitsiya effektlari har ikki qobiqda deyarli o‘xshash ekanini ta’kidladi. Xiaomi, shuningdek, o‘z smartfonlaridagi tizim ilovalari Apple, Huawei, Oppo, vivo va Meizu'lardagiga qaraganda kamroq ekani bilan ham maqtandi.

Dasturchilar MIUI 12.5'ning asosiy strukturasini qayta yozib chiqishgan, shu sababdan yangi proshivka 20% kamroq xotira, 25% kamroq quvvat sarflaydi, fon xotirasi esa 35% ga kamayadi. Ilovalar va ularning yuklanmasi haqida gapirar ekanmiz shuni ham aytib o‘tish kerakki, Sozlamalar, Kamera, Telefondan boshqa tizim ilovalarini o‘chirib yuborish mumkin.

O‘QING: Apple ustidan kulgan Xiaomi’ning o‘zi ham Mi 11 qadog‘idan zaryadnikni olib tashlayapti! («jonli» suratlar)

MIUI 11 va MIUI 12'larda bo‘lgani singari yangi proshivkada ham o‘ziga xos dinamik oboy bor. Bu oboyda Xitoyning Sichuan provinsiyasida joylashgan To‘rt opa-singil tog‘i tasvirlangan bo‘lib, ekran tasviri ayni damdagi ob-havoga moslashadi. Tovushlarni ham o‘zingizga moslashtirib olishingiz mumkin.

Xavfsizlik masalasiga to‘xtalsak, MIUI 12.5'da istalgan ilovaga geoma’lumot, shaxsiy ma’lumot va bufferni o‘qishni, parollar va nozik ma’lumotlarni saqlashni taqiqlab qo‘yishingiz mumkin.

Bir necha smartfon ilk yopiq beta sinovlarida ishtirok etish huquqiga ega, biroq smartfonlarning barchasi Xitoy hududida bo‘lishi talab qilinadi. Barcha Mi 10 modellari, Redmi K30 lineykasi vakillari va 2019 yil chiqqan Redmi Note 7 hamda Xiaomi Mi 9lar ham betada ishtirok etishi mumkin.

Ilgariroq, 28-dekabrdanoq MIUI 12.5 qobiq dasturiga o‘tuvchi 23 ta smartfon ro‘yxatini e’lon qilgan edik.

O‘QING: 2020-yilning eng ommabop 20 smartfoni

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!