Xitoylik kompaniya olti oyoqli o'rgimchak-robot taqdim qildi

Xitoylik kompaniya olti oyoqli o'rgimchak-robot taqdim qildi

Xitoyning Shenzhen XiaoR Geek Technology kompaniyasi bir qarashda o'rgimchakni eslatib yuboradigan XR Hexapod R1 nomli robotni taqdim qildi. Hozirda u moliyalashtirilish uchun Kickstarter'ga joylangan.

O'z nomidan ma'lumki, robot oltita oyoqqa ega va ular alyuminiydan yasalgan. O'rgimchaklardan farqli o‘laroq, XR R1 turgan joyida 360 gradusga burila oladi. Shuningdek, u "qizib olish" (oldinga va orqaga qisqa burilish harakatlari), "provokatsiya" (ikki old oyoqlarini silkitish) kabi o'nlab dasturlangan harakatlarni amalga oshira oladi.

Garchi o'rgimchaklarda bo'lganidek sakkizta bo'lmasa ham, XR R1 bitta "ko'z"i bor va bu unga ranglarni ajratish, QR-kodlarni o'qish, liniya bo'ylab yurish va yuzni aniqlash imkonini beradi. XR R1'ni boshqarish uchun sizga smartfoningiz, kompyuteringiz yoki geympadning o'zi kifoya bo'ladi.

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, Raspberry Pi 4B bilan ishlaydigan to'rt yadroli ARM protsessori "o'rgimchak yuragi" hisoblanadi va u ochiq kodli operatsion tizimda ishlaydi. Shuningdek, qurilma 4GB operativ xotiraga ham ega. Uning "ko'zi" esa 2 megapikselli Robot-Eye 3.0 kamera sensori bilan jihozlangan. Qurilmaning 4,000 mA/s sig'imli batareyasini USB 2.0 Micro-B porti orqali quvvatlashingiz mumkin. 350x350x250 mm o'lchamdagi robot og'irligi 3.2 kilogrammni tashkil qiladi.

Yuqorida aytilganidek, loyiha hozirda kraudfanding jarayonida. Unga hozirdanoq 899 dollar narxda buyurtma berish mumkin. Uni yetkazib berish keyingi yilning fevral oyidan boshlanadi. Robot sotuvga chiqarilganida esa uni 1,299 dollar narxda sotish rejalashtirilgan. Qolaversa, robotning pastroq texnik xususiyatlarga ega XR E1 modeli 699 dollar va yuqori texnik xususiyatlarga ega bo'lgan XR J1 modeli 1899 dollar narxda ham taklif qilinmoqda.

O'QING: Lenovo o‘zining cho‘ziladigan ekranli sirli noutbukni ko‘rsatdi (video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!