OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

  •   DiMaX
  •  9883
  •  29.08.2017 16:22

OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

Firibgarlar hamma zamonlarda va hamma yerlarda ham bo‘lgan. Ammo axborot texnologiyalari asrida ular ham «zamonaviylashib», internet-hiylalarga moslashib olishgan. Hiylagarlar ko‘proq qayerda bo‘ladi – bozorda. Bugungi kunda esa ustasi faranglar onlayn savdo maydonlariga ham kirib kelishgan.

Tahririyatimizga murojaat etgan bir foydalanuvchimiz shunaqa aldovga uchib, katta pulga kuyib qolganini bayon etar ekan, shaxsini sir tutgan holda, bu voqeani saytimizda yoritishimizni so‘radi. Zero, boshqa ko‘ngli toza insonlar ham firibgarlar «o‘lja»siga aylanmasin, deydi u.

Xullasi kalom, voqeani uning tilidan bayon etamiz:

* * *

«O‘zbekistondagi ommabop onlayn savdo maydonlaridan bo‘lgan OLX.UZ saytida iPhone 7 sotilayotganligi haqidagi e’longa ko‘zim tushib qoldi. Uning narxini bilish uchun e’lon muallifi bilan bog‘landim. U esa menga bir telefon raqamini berdi va unga Telegram messenjeri orqali murojaat qilishimni so‘radi.

Doimiy xotirasi 128 gigabayt bo‘lgan iPhone 7 modelining narxini so‘rasam, 399 AQSh dollari, deya javob berdi. Asosan rus tilida yozishdik.

Men tovarni olish uchun nima qilishim kerakligini so‘radim, sizlarga ishonsa bo‘ladimi, deb savol berdim. U esa, o‘zlarining butun dunyo bo‘yicha ulgurji holda tovar yetkazib beruvchi ekanligini aytdi. Mahsulotni CPC FARNEEL tizimi orqali jo‘natishlarini aytib, http://cpc.farnell.com/ manzilini ham berdi. Bu ishonchli kompaniya ekanligini ta’kidladi.

Men esa, gapiga ishonch hosil qilish uchun o‘zini tanishtirishini va suratini menga jo‘natishini so‘radim. Keyin bolasini ko‘tarib tushgan suratini yuborib, shu farzandini o‘rtaga qo‘yib qasam ichdi.

Menga isbot sifatida CPC FARNEEL orqali jo‘natilgan pochta qog‘ozini yuborganidan so‘ng ularga ishonib, tovarni olishga rozi bo‘ldim va qanday qilib buyurtma berishni so‘radim.

U Buyuk Britaniya, Turkiya va Nigeriyada filiallari borligini aytdi. Tovarni olish uchun ularga Western Union tizimi orqali to‘lov qilishim kerak ekan. To‘lovni faqat o‘zimizdagi Hamkorbank yoki Kapitalbank orqali amalga oshirishimni ham so‘radi. Pul yetib borganidan keyin, ularning buxgalteri pul tushganini tasdiqlashi bilanoq tovarni menga jo‘natishini va xaridimning kelishini bir sayt orqali nazorat qilishim mumkinligini aytdi.

Mana, o‘sha yozganidan bir parcha:

«Eto nadejnaya kompaniya, ne gryazniy biznes

Mi postavlyayem vo mnogiye strani daje Uzbekistan

Vi mojete otslejivat tovari

Veb-sayt: http://pluslognetwork.com/label.php

Nomer otslejivaniya: 14988180xx»

Men shundan keyin men ishondim va pulni qaysi manzilga jo‘natishim kerakligini so‘radim. Sotuvchi meni ishontirish uchun o‘zini musulmon qilib ko‘rsatishdan ham toymadi:

«brat / sestra, vam nechego bespokoitsya, dostavka na 100% bezopasen, i vi poluchite produkti rovno cherez 2 dnya posle togo kak kompensatsiya inshaAllax, vse mi xotim, chtobi eto dolgosrochniy biznes, tak chto vi mojete kupit bolshe produktov ot nas...»

Shu tariqa, mendan mamlakat, shahar va uy manzilimni yozib jo‘natishni so‘radi va pul o‘tkazish uchun manzilni berdi.

Avvaliga ishonmay turdim, birozdan keyin u menga qo‘ng‘iroq qildi va pulni 30 daqiqa ichida jo‘natishim kerakligini, aks xolda tovar bir necha kun kech kelishini aytdi.

Men pulni jo‘natdim va ularga buni aytdim. Pul o‘tganligi to‘g‘risida bankning kvitansiyasini suratga olib jo‘natishimni so‘rashdi. Kvitansiyani olib, buxgalter to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlaganidan so‘ng o‘zlari aloqaga chiqishlarini aytishdi.

Men naq 3 soat ularning aloqaga chiqishlarini kutdim. Nihoyat, xabar keldi, unda «Pochtani jo‘natish bo‘yicha muammo yuzaga keldi, boshqa davlatlarga 1 donadan ko‘proq mahsulot buyurtma berish kerak ekan», deyilgan ekan. Menga yana bitta telefon xarid qilishimni, evaziga esa yana 1 ta telefonni bepul berishlarini aytishdi. Jami uchta tovar – bittadan iPhone 7, iPhone 5s hamda iWatch jo‘natamiz, deyishdi. Buning uchun esa qo‘shimcha atigi 100 dollar yuborishimni so‘rashdi.

Bundan asabiylashib ketdim va pulimni qaytarishlarini so‘radim. Ular esa: «Pulni qaytarishning iloji yo‘q, pullar kompaniya xarajatlari uchun sarf etildi. Tovarni olish uchun 100 dollar jo‘nating va muammo hal bo‘ladi», deyishdi.

Boshqa pulim yo‘qligini, bu firibgarliklari yaxshi ish emasligini aytdim va pullarimni qaytarishlarini so‘radim. U yana rasm yuborib, «Men ham insonman, bolalarimga harom pul topib yedirmayman», deganicha, Allohni o‘rtaga qo‘yib qasam ichdi. Bu gaplaridan keyin unga ishonib, yana qo‘shimcha 100 dollar pul yuborish uchun bankka bordim. Biroq bu safar u pul jo‘natish uchun boshqa manzil yuborgan edi.

Pulni jo‘natayotganimda, bank xodimlari menga, ikki haftacha oldin ham bir yigit Nigeriya davlatiga bir necha marta pul yuborganini va aldanib qolganini aytishdi. U ham telefon buyurtma berish uchun pul o‘tkazgan ekan, afsuski, uni ham aldashibdi. Buni eshitsam ham, oldin jo‘natgan pulim qaytishidan umidvor bo‘lib, yana 100 dollar yubordim.

Bir necha soatdan so‘ng u tovar Buxoroda ekanligini, kurer haqi uchun yana 97 dollar jo‘natsam, tovarni menga dushanba kuniga yetkazishlarini aytdi.

Men bu pulni bir necha oy ishlab topganimni, bunaqa harom yo‘l bilan topilgan pul buyurmasligini aytdim va pulimni qaytarishlarini so‘radim. U esa, «Ertaga gaplashamiz», deb xabar yozdi va shu bilan haligacha undan javob kelmadi.

O‘sha voqeadan keyin, kuni kecha yana OLX.UZ’ga yana o‘sha – tanish mavzudagi e’longa ko‘zim tushdi. Xayolimdan «Toshkentda unga yordam berib turadigan sheriklari bor, shekilli», degan fikr o‘tdi. Mana o‘sha e’lonlari:

Ko‘rib turganingizdek, firibgarning e’lon berish uchun qo‘llaydigan niki (yuzer ismi) – reynolds, uning joylashuv yeri esa Toshkent shahri Bektemir tumanida bo‘lib ko‘rinyapti. ShU FIRIBGARDAN EHTIYoT BO‘LINGLAR!

Xullas, meni-ku yaxshilab chuv tushirishdi. Endi qancha urinmayin, baribir pullarimni qaytara olmayman. Sizlardan iltimos, buni maqola qilib tarqatinglar, toki boshqa kishilar bularning yolg‘oniga uchib, mendek jabr ko‘rib qolishmasin.

Yana bir iltimos – telefon raqamim haqida hech kim bilmasligini istardim».

* * *

Mana, aziz o‘quvchi, o‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, bir soddadil hamyurtimiz firibgarga ishonib, bir necha oy ishlab topgan pulidan ayrilib qolgan. Siz ham shu tariqa hiylalar qopqoniga tushmaslik uchun, hamisha ogoh bo‘lishga chaqiramiz.

Masalan, ayni shu voqea misolida oladigan bo‘lsak, smartfonning narxi o‘ta arzonligi ham kishini hushyorlikka chorlovchi sababdir. Axir, 128 gigabaytlik xotiraga ega bo‘lgan iPhone 7 narxi taxminan 730-750 AQSh dollari oralarida bo‘lishi mumkin. Poytaxtimizdagi «Malika» savdo markazi do‘konlarida ham bu modelga taxminan 5 840 000 so‘m narx belgilangan.

Bundan tashqari, o‘zi O‘zbekistonda bo‘lmagan, pulni olganligini tasdiqlovchi, tovarni yetkazib berishini kafolatlovchi biror hujjati bo‘lmagan kishiga ishonish ham, yumshoqroq qilib aytganda, soddalikdir.

Shuning uchun ham internet-firibgarlardan ehtiyot bo‘lishingizni, mazkur voqeadan imkon qadar yaqinlaringizni boxabar etishingizni, ular ham aldanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingizni eslatib o‘tmoqchimiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.