Olx.uz platformasida «Turkiyaga ishlashga yuboruvchi» firibgar qo‘lga olindi

  •   DiMaX
  •  226
  •  10.06.2021 09:53

Olx.uz platformasida «Turkiyaga ishlashga yuboruvchi» firibgar qo‘lga olindi

Yaqindagina biz Olx.uz platformasida kishilarni chuv tushirib kelayotgan qurolli jinoyatchi qo‘lga olingani haqida yozgan edik. Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi ushbu resurs orqali kishilarni chuv tushirib kelayotgan yana bir firibgarning qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

O‘QING: OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

Xabarga ko‘ra, Jizzax viloyati, Sh.Rashidov tumani, Yangi hayot ko‘chasida yashovchi mavsumiy ishchi 34 yoshli M.I.A. Turkiya davlatiga borib ishlashni rejalashtiradi. Biroq u xorijga borib ishlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiy mehnat agentliklari orqali emas, balki Olx.uz platformasidan izlaydi.

O‘z navbatida, M.I.A. Olx.uz platformasida ishlash uchun Turkiyaga yuborish bo‘yicha professionalga aylangan «Jamshid» ismli shaxsning «firibgarlik to‘ri»ga ilinadi.

Olx.uz platformasida ish izlayotgan M.I.A. «Turkiya davlatiga ishga yuborimiz» nomli e’longa ko‘zi tushadi. E’lonni joylashtirgan firibgar «Jamshid» bilan muloqotga kirishadi, u M.I.A.ni Turkiya davlatiga ishga yuborib, unga oyiga 1000-1500 AQSh dollari oylik maosh to‘laydigan ish o‘rni topib berishni va’da qiladi va M.I.A.ning ishonchiga kirib, undan Turkiya davlatiga borish uchun viza va yo‘l xarajatlari uchun avvaldan 500 AQSh dollari zarurligini bildiradi.

Mo‘may oylik daromad haqida eshitgan M.I.A. «Jamshid»ning «firibgarlik to‘ri»ga ilinadi va oshna-og‘aynisi, qarindosh-urug‘laridan yig‘ib-terib jami 1,5 mln. so‘m mablag‘ to‘playdi va ushbu pullarni o‘zi biron marotaba yuzma-yuz ko‘rib gaplashmagan, faqat Telegram ijtimoiy tarmog‘ida yozishmalar orqali tanishgan «Jamshid»ning plastik kartasiga tashlab beradi. Firibgar shuncha mablag‘ni qo‘lga kiritgandan so‘ng, M.I.A. bilan o‘zaro yozishmalarni o‘chirib tashlaydi va u bilan aloqani to‘xtatadi.

M.I.A.ning Prezident portaliga yo‘llagan murojaati Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan ko‘rib chiqilib, noma’lum shaxsga nisbatan firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va tergov harakatlari davomida firibgar «Jamshid»ni aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, fuqaro M.I.A.ning Prezident portaliga murojaati ijobiy hal etilishini ta’minlash va firibgar «Jamshid» jinoiy harakatlariga chek qo‘yish orqali fuqarolarning undan jabr ko‘rishini oldini olish maqsadida, mazkur jinoyatni sodir etish usullari Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan Farg‘ona shahar IIO FMBga borib o‘rganib chiqiladi.

Jinoyatni sodir etish uslublari tahliliga tayangan holda o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, ushbu firibgarlik jinoyati Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahrida yashovchi, 24 yoshli T.J.G‘. tomonidan sodir etilganini aniqlanib, qo‘lga olinadi.

Natijada T.J.G‘.ning Olx.uz platformasidagi jinoiy faoliyatiga barham berildi. Hozirda T.J.G‘.ga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘QING: iPhone, Malibu va massaj – internetda eng ommaviy qidiruvlar

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!