OLX.uz’dan qalbaki dollarga Iphone 12 Pro Max olgan fuqaro ushlandi

  •   DiMaX
  •  651
  •  11.08.2021 10:53

OLX.uz’dan qalbaki dollarga Iphone 12 Pro Max olgan fuqaro ushlandi

Yurtimizdagi eng ommabop onlayn savdo maydonlaridan biri bo‘lgan Olx.uz platformasida turli g‘araz niyatli kimsalar ham uchrab turadi. Jumladan, unda «Turkiyaga ishlashga yuboruvchi» firibgar qo‘lga olingani, kishilarni chuv tushirib kelayotgan qurolli jinoyatchi ushlangani, iPhone X va iWatch’ni ko‘rishga olgan xaridor qochib ketgani haqida va boshqa xabarlarni e’lon qilganmiz.

O‘QING: OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

Xabar.uz nashri ushbu onlayn bozorda yaqinda sodir etilgan yana bir jinoyat haqida yozmoqda. Mazkur voqea yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro Q.K. qalbaki valyuta kupyuralarni muomalaga kiritib, o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida OLX.uz internet savdo do‘koni orqali fuqaro R.ning iPhone 12 Pro Max rusumli uyali aloqa vositasini xarid qilishga kelishib, uchrashgan vaqtida unga uyali aloqa vositasi uchun qalbaki 1 150 AQSh dollari berib ketganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Narpay tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro O.U. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqaro U.ning 2 dona Samsung Galaxy A21S rusumli uyali aloqa vositasining har birini 2 mln so‘mdan xarid qilishga kelishib, savdolashilgan 4 mln so‘m o‘rniga qalbaki 400 AQSh dollarini berganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

O‘QING: AliExpress’dagi soxta «chegirma»lar: onlayn savdoda sizni qanday laqillatishadi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.