O‘n yillikning eng zo‘r o‘nta gadjeti (Time talqini)

  •   DiMaX
  •  1443
  •  21.12.2019 16:56

O‘n yillikning eng zo‘r o‘nta gadjeti (Time talqini)

Yaqinda biz The Verge nashri oxirgi o‘n yilda paydo bo‘lgan, insoniyat uchun katta ahamiyat kasb etgan devayslarning yuztalik reytingini chiqargani haqida yozgandik. Endi esa AQShning nufuzli Time jurnali ham o‘n yillikda taqdim qilingan o‘nta eng muhim qurilmani e’lon qildi.

O‘QING: 2019 yilning eng sara sakkizta smartfoni (IGN versiyasi)

Ushbu reyting gadjetlarning ahamiyati hamda atrofdagi olamga ta’siri darajasiga ko‘ra tuzilgan. Undagi har bir devays bizning hayotimizga, fikrlash tarzimizga u yoki bu darajada ta’sir o‘tkazgan.

  1. Apple iPad (2010)

Time tahririyati fikricha, iPad chiqquniga qadar boshqa planshetlar hayotga unchalik kirishib ketmagan, noqulay edi. Apple plansheti esa noutbuk o‘rnida ham qo‘llash mumkin va hatto qulayroq ekani bilan bozorni zabt etgan va kishilarning turmush tarzini o‘zgartirgan.

  1. Tesla Model S (2012)

Tesla kompaniyasi avtomobillar ham «aqlli» qurilma bo‘la olishini isbotladi. Model S uchun yangi proshivkalar chiqib turadi, bu mashinaning ulkan sensor ekranida funksiyalarning katta jamlanmasi bor, elektrokar avtopilot rejimida ishlay oladi.

O‘QING: Otabek Umarov haydaydigan "Tesla" qanday avtomobil?

  1. Raspberry Pi (2012)

Linux va boshqa operatsion tizimlarda ishlovchi bu mitti kompyuter cheksiz imkoniyatlarga ega. Uning bazasida robotlar, ob-havo stansiyalari, «aqlli» kolonkalar, «bulutli» servislar, retro-o‘yinlar uchun konsollar va boshqa ko‘plab narsalar yaratiladi.

  1. Google Chromecast (2013)

Mazkur pristavka atigi 35 dollar turadi va istalgan televizorni musiqa va videoni striming qiluvchi «aqlli» televizorga aylantira oladi. Yaqinda taqdim etilgan Chromecast Ultra modeli esa Google Stadia o‘yin servisini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

  1. DJI Phantom (2013)

DJI Phantom – dronlar uchun sifat andozasi bo‘lib, YouTube’da paydo bo‘lgan aksariyat lavhalar aynan shu modelda olinadi. Oq korpusli bu dronni boshqarish oson, video olish sifati yuqori.

  1. Amazon Echo (2014)

Ovozli assistentga ega «aqlli» kolonkalar orasida eng ommalashgani shu Amazon Echo bo‘ladi. Amazon joriy yilning o‘zidayoq undan 100 millionta sotgan. U kishilarni o‘z gadjetlari bilan uyalmasdan gaplashishga o‘rgatgan.

  1. Apple Watch (2015)

Smart-soatlarni chiqaruvchi kompaniyalar ko‘a, ammo bunday qurilmalar uchun imkoniyatlar standartini aynan Apple Watch belgilab bergan. 2015 yilda uni faqat mutaxassislar va tajribachilar devaysi, deb hisoblashgan bo‘lsa, hozirda uni dunyo bo‘ylab millionlab sotib olishmoqda.

O‘QING: Qaynonasini o‘ldirgan kelinni Apple Watch fosh etdi

  1. Apple AirPods (2016)

Apple AirPods butkul simsiz quloqchinlarni alohida tur qurilmalar sifatida ajratib berdi. Uning muvaffaqiyatiga dizayni ham sababchidir; garchi uni ko‘plar tanqid qilishsa ham, o‘z turdoshlari orasida ajralib turishini ta’minlaydi.

  1. Nintendo Switch (2017)

O‘yin bozoridagi yirik vakillardan biri Nintendo bo‘lib, uning mazkur pristavkasini televizor bilan ham, portativ konsol sifatida ham qo‘llasa bo‘ladi. Nintendo Switch tashqi ko‘rinishidan smartfonga o‘xshaydi, biroq uning o‘yin imkoniyatlari ancha keng.

  1. Xbox Adaptive Controller (2018)

Mazkur o‘yin kontrolleri imkoniyati cheklangan kishilarga mo‘ljallangan, lekin ayrim o‘yinlarda istalgan geymerga qulaylik baxsh etadi. Xbox Adaptive Controller gadjeti Xbox turkumidagi konsollar bilan ham, Windows tizimli kompyuterlar bilan ham kelishib ishlay oladi.

O‘QING: O‘n yillikning eng zo‘r o‘yinlari ikkita reytingda!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!