«One million Uzbek Coders» loyihasiga start berildi

  •   DiMaX
  •  4605
  •  21.11.2019 21:41

«One million Uzbek Coders» loyihasiga start berildi

Yurtimizda «Bir million o‘zbek dasturchilari» bepul onlayn kurslari ochilayotgani haqida xabar bergan edik. 21 noyabr kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida ushbu – «One million Uzbek Coders» loyihasiga start berildi.

O‘QING: Microsoft’ning bepul videodarslari bilan Python dasturlash tilini o‘rganing!

Loyihaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqov, Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat va kelajak ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Qarqoviy, BAA sun’iy intellekt texnologiyalari vaziri Umar bin Sulton al-Olama va boshqalar qatnashdi.

«Har bir muvaffaqiyat oddiy narsadan boshlanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Bir million dasturchi» g‘oyasi ham bir qarashda juda oddiy. Lekin tasavvur qiling, tashabbus butun mamlakatimiz bo‘ylab davom etib, uzoq-uzoq hududlargacha yetib borishi g‘oyaning qanchalik buyukligi, keng qamrovliligi va uning istiqboli juda yuqoriligini bildiradi», – dedi Abdulla Aripov.

«Bir million dasturchi» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «Dubay Future Foundation» jamg‘armasi, Toshkent shahridagi INHA universiteti, AT-akademiyasi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyiha ixtisoslashtirilgan onlayn portal (UzbekCoders.uz) orqali aholiga bepul masofaviy ta’lim olish imkoniyatini beradi. Barcha xohlovchilar loyiha ishga tushirilishi bilanoq ishtirok etish uchun ariza topshirishlari mumkin. Dasturning asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash bo‘yicha ularga kerakli bilim va ko‘nikmalar berishdir.

O‘QING: Telegram’da yangi tanlov: sovrin jamg‘armasi 100 000 dollar!

Birinchi bosqichda loyiha global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 4 ta mutaxassislikni o‘z ichiga oladi: Ma’lumotlarni tahlil qilish, Android-ishlanmalar, FrontEnd-ishlanmalar hamda FullStack-ishlanmalar. Umumiy kurs 120 soatlik ta’lim uchun mo‘ljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi va shundan so‘ng ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar grantlarni qo‘lga kiritish uchun o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkaza olishadi va «Udacity» platformasidagi yuzdan ortiq «Nanodegree» dasturlarining birida o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun nomzod yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi va eng yuqori ball bilan to‘plagan 150 nafar talaba ro‘yxatiga kirishi kerak. Shuni ta’kidlash joizki, «Nanodegree» diplomlari «Google», AT&T, «Autodesk», «Salesforce» va boshqa ko‘plab AT-gigantlar tomonidan tan olinadi.

Aytish lozimki, birinchi marotaba dasturchilarni masofaviy o‘qitish loyihasi Birlashgan Arab Amirliklarida «One Million Arab Coders» nomi ostida start olgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida bir qator sohalarda, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati loyihani O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganib, konsepsiyasini mamlakat sharoitiga moslashtirish rejasini ishlab chiqdi va «One Million Uzbek Coders» deb nomlangan loyihani yo‘lga qo‘ydi.

Mazkur tadbir doirasida Toshkent shahridagi INHA universiteti dasturchilarining ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tadi.

O‘QING: Dasturchi bo‘lishning 6 yo‘li

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!