OnePlus 5, Mi6, iPhone 7+, Galaxy S8: flagmanlarga xos 6 jihatni taqqoslaymiz

OnePlus 5, Mi6, iPhone 7+, Galaxy S8: flagmanlarga xos 6 jihatni taqqoslaymiz

OnePlus 5 xitoylik startap loyihasining navbatdagi flagmani. Ishlab chiqaruvchining OnePlus One smartfonidan tortib, barcha smartfonlari flagman, ya’ni peshqadam hamda ularning har biri “hit” darajada sotilgan.

OnePlus 5 jihatlari qatorida uni peshqadamlikka olib chiquvchi Qualcomm Snapdragon 835 protsessori, 8 gigabaytli tezkor xotirasini aytish mumkin. OnePlus 5 boshqa o‘ziga xosliklari bilan ham bugungi smartfonlar bilan raqobatga kirisha oladi. Jumladan quyida biz OnePlus 5, Xiaomi Mi 6, iPhone 7 Plus, va Samsung Galaxy S8 mobil aloqa vositalarini taqqoslab ko‘rishga ahd qildik.

OnePlus 5 flagmani 2017 yilning 27 iyunida, Xiaomi Mi 6 esa shu yilning iyunida, Samsung Galaxy S8’ning aprelida taqdim qilingan bo‘lsa, iPhone 7 Plus 2016 yilning sentyabrida namoyish qilingan edi.

Dizayn

OnePlus 5 taqdimotida ishlab chiqaruvchi smartfonning alyuminiy korpusiga qanchalar ishlov berilgani xususida viqor bilan gapirdi. Tan olish kerak, OnePlus 5 ko‘rinishidan iPhone 7 Plus’ni eslatadi va dizayn borasida iPhone 7 Plus bilan bellasha oladi. OnePlus 5 faqatgina chang ta’siridan himoyalangan.

iPhone 7 Plus esa suv va changdan qo‘rqmaydi. Amerikalik gadjet korpusi an’anaviy audio-tuynukdan mahrum bo‘lgan.

Samsung Galaxy S8 dizaynida shisha muhim omil va dizayn yechimida displey muhim o‘rin egallagan. Smartfon sanoatida tomonlar nisbati 16:9 bo‘lgan dizayndan voz kechgan koreyalik, noodatiy 18.5:9 standartidagi displeyni ishlab chiqardi. Smartfon korpusi chang va suvni ichkariga kiritmaydi.

Xiaomi Mi 6 shakli va o‘lchamiga ko‘ra, Mi 5 smartfonini eslatadi. Xiaomi flagmanining 4 tomoni shishali qayrilma burchaklarga hamda po‘lat romga egaligi bilan qimmatbaho smartfonlarni eslatadi. Bu gadjet korpusi 40 bosqichli jarayonda tayyorlangan. Xiaomi Mi 6 korpusi chang va suv ta’siridan himoyalangan. Ahamiyatli jihati – kompaniya Apple singari 3.5 mm.li audio-tuynukdan voz kechgan.

Displey

OnePlus 5 smartfoni 5.5 dyuymli full-HD (1080×1920 piksel), Optic AMOLED matritsali, 2.5D Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan qoplangan displeyga ega. Bu displey sRGB va DCI-P3 rang-tasvir standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Samsung Galaxy S8’ning yirik – 5.8 dyuymli, romsiz ekranining sig‘imi ham yuqori: WQHD+ (2960×1440 pikselli). iPhone 7 Plus esa 5.5 dyuymli full-HD (1080×1920 pikselli) Retina displeyi bilan ta’minlangan. Uning muhim o‘ziga xosligi 3D Touch, Night Shift, Display Zoom kabi texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Dog‘-dug‘ga qarshi qoplama bilan ta’minlangan displey rangdorligi bilan ajralib turadi.

Xiaomi Mi 6 smartfonida ham ilg‘or ekran va displey texnologiyasidan foydalanilgan. Mi 6 flagmani 5.15 dyuymli full-HD (1080×1920 pikselli) displeyga ega. Uning yorqinlik darajasi 600 nit.

Platforma va samaradorlik

OnePlus 5 smartfoni Android 7.1.1 Nougat’ning o‘zlashtirilgan OxygenOS interfeysi boshqaruvida ishlaydi. Unga chastota tezligi 2.4 Ggs bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 835 protsessori o‘rnatilgan. Smartfonning 6/64 yoki 8/128 GB talqinlari mavjud. Telefon aloqaning 4G LTE (VoLTE), 2 diapazonli Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac, Bluetooth v5.0, NFC, GPS/ A-GPS tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi va USB Type-C (v2.0) porti orqali tezkor quvvat oladi. Flagman 153 gramm tosh bosadi, o‘lchami: 154.2×74.1×7.25 mm.

Mi 6 ham 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 835 protsessoriga, Adreno 540 video kartasiga ega. Gadjet  2.45 Ggs chastota tezligida ishlaydi Devays uchun 6 gigabaytli tezkor xotira o‘rnatilgan. Mi 6 USB Type-C porti orqali tezkor quvvat oladi.

iPhone 7 Plus esa Apple’ning 4 yadroli A10 Fusion protsessorida ishlaydi. Uning chastota tezligi 2.34 Ggs. Flagman 3 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlangan. Lightning porti quvvatlashda, ma’lumot almashishda qo‘l keladi. Gadjetda Apple Pay to‘lovlari uchun NFC chipi ham o‘rnatilgan.

Samsung Galaxy S8 esa Exynos 9985 chipiga ega. U imkoniyatlariga ko‘ra, Qualcomm Snapdragon 835 bilan bir xil. Smartfonda 4 gigabaytli tezkor va 64 Gb doimiy xotira mavjud. Galaxy S8 Android 7.0’ning o‘zlashtirilgan UX interfeysida ishlaydi. Unda USB Type-C porti mavjud. Samsung Galaxy S8’ning Snapdragon 835 protsessoriga ega talqini AQShda sotilmoqda.

Antutu benchmarkining ma’lum qilishicha, 2017 yilning may holatida Xitoydagi eng tezkor ishlaydigan smartfonlar o‘ntaligida Xiaomi Mi 6 samarali ishlashda iPhone 7’dan o‘zib ketib, 2-o‘rinni egallagan. 1-o‘rinda hanuz iPhone 7 Plus flagmani turibdi. Samsung Galaxy S8’ga bu reytingda 5-o‘rin nasib qilgan.

Kamera

OnePlus 5, iPhone 7 Plus hamda Xiaomi Mi 6 flagmanlari qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga ega. Bu bosh kameralarning tuzilishi va funksiyasi bir xil: qo‘sh kameralardan biri keng burchakli surat olsa, boshqasi fokusni o‘rnatadigan teleob’yektiv vazifasini bajaradi. Ularning piksel sig‘imlari turlicha. Shuningdek, bu smartfonlar “Portret” janrida ham ijod qilishadi.

OnePlus 5 bosh kamerasining bitta sensori 16 megapikselli (Sony IMX398, 1.12 mikron piksel, yorug‘lik linzasi f/1.7) bo‘lsa, 2-sensor 20 megapikselli. Uning old kamerasi uchun 16 MP sensor tanlangan.

Xiaomi Mi 6 esa har biri 12 megapiksel bo‘lgan 2 ta sensorli bosh kamerasi (1.25μm mikron) bilan maqtana oladi. Bu bosh kamera iPhone 7 Plus kabi, u ham 2 karralik sifatni yo‘qotmay turib yaqinlashtirish funksiyasiga ega. Mi 6 kamerasi fazali avtofokus, 4 o‘qli optik barqarorlashtirish texnologiyasi, surat fonini xiralashtirish funksiyalariga ega. Smartfonning selfi-kamera sig‘imi 8 MP.

iPhone 7 Plus smartfonining bosh kamerasi 2 ta 12 MP sig‘imli sensorlardan iborat. Ulardan biri — 28 mm, linzasi f/1.8, boshqasining kamera hajmi 56 mm, optik linza turi f/2.8 ga teng. Ya’ni, katta hajmli linza yorug‘likni yaxshiroq o‘tkazadi va manzarani  detallarga boy ravishda suratga olishda imkon yaratadi.

iPhone 7 Plus uchun 7 megapikselli old kamera datchigi tanlangan. Bu kamerada ham panorama janrida surat olish mumkin.

Samsung Galaxy S8 esa “bir ko‘zli” va bu 12 megapikselli (1.4µm mikrong) kamera  ‘Dual Pixel’, ya’ni qo‘sh pikselli texnologiyaga ega. U suratni optik barqarorlashtiradi. Flagman uchun 8 MP selfi-kamera tanlangan.

To‘g‘ri, yaxshi surat uchun piksel va funksiyalarning o‘zi kifoya emas. Kamera ilovasining suratni qayta ishlash algoritmi ham munosib o‘rin egallaydi.

Akkumulyator

OnePlus 5 sig‘imi 3300 mA soat bo‘lgan, Dash charge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega “quvvat toshi” bilan ta’minlanga bo‘lsa, Xiaomi Mi 6 flagmani 3350 mA soat sig‘im tokni jamlaydigan batareyaga ega bo‘lgan va unga Qualcomm Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy qilingan.

Yangi iPhone avvalgilariga qaraganda kuchli akkumulyatorga ega bo‘ldi. Uning elektr sig‘imi 2900 mA soat, ya’ni iPhone 6s Plus (2750 mAs)’dan 5 %ga ko‘p. iPhone 6s Plus bilan solishtirganda, u bir soatga ko‘p va iPhone 6s’dan 2 soat ko‘proq ishlaydi. Afsuski, bu gal ham ayfonda tezkor quvvatlash tizimi o‘rnatilmagan.

Galaxy S8’ning akkumulyator sig‘imi 3000 mA soat.  Galaxy S8 ekranini Full HD+ rejimiga to‘g‘irlab qo‘ysayiz, undan o‘rtacha 1,5 kun, jumladan 6 soat faol foydalanish mumkin. Smartfonni USB Type-C porti orqali yoki simsiz tezkor quvvatlash  mumkin.

Narx-navo

OnePlus 5 xalqaro smartfon bozoriga $479 dollardan boshlab sotuvga chiqariladi. Bu pulga uning 6 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega talqinini xarid qilish mumkin. Smartfonning 8 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira talqini $539 dollarga baholangan.

Samsung Galaxy S8’ning eng arzon talqini, ya’ni 4/64 gigabaytli modeli jahon smartfon bozorida o‘rtacha 800 AQSh dollardan sotilmoqda.

iPhone 7 Plus flagmaniga 3 GB tezkor xotira o‘rnatilgan. Uning 32/128/256 GB doimiy xotira talqinlari mavjud. Uning eng arzoni xalqaro smartfon bozorida 900 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Xiaomi Mi 6 flagmanining 6/64 GB xotirali varianti uchun ishlab chiqaruvchi 364, 128 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqini uchun 420 AQSh dollari so‘ramoqda.

Xulosa 

Yuqoridagi smartfon modellari bugungi texnologiya sanoatining peshqadam gadjetlari. Apple va Samsung peshqadam sifatida sifatli va qimmat “aqlli telefon”larni taqdim qilayotgan bo‘lsalar, xitoylik ishlab chiqaruvchilar ularning texnologiyalarini o‘zlashtirib, ular bilan raqobat qila oladigan, shuningdek, 2 barobargacha arzon smartfonlar bilan bozordagi raqobatni va smartfon sanoatidagi rivojlanishni kuchaytirmoqdalar. Kim uchundir brend, bu — brend va uning uchun qimmat narx to‘lash tabiiy. Kim uchundir esa, yangi va arzon brendlarga ishonch bildirish — ham cho‘ntak uchun, ham ham brend rivoji uchun ahamiyatli.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.