OnePlus atigi 200 dollarga naq 6000 mAh batareyali smartfon tayyorladi!

  •   DiMaX
  •  1799
  •  28.08.2020 14:58

OnePlus atigi 200 dollarga naq 6000 mAh batareyali smartfon tayyorladi!

«Aslo qotmas» smartfonlar tayyorlovchi xitoylik kompaniya avvalroq hamyonbop OnePlus Nord modelini taqdim etgan. Biz uning, yana iPhone SE 2020 hamda Google Pixel 4a smartfonlarining kamera imkoniyatlari o‘zaro taqqoslangan videoni e’lon qilganmiz. Endi esa...

O‘QING: OnePlus kompaniyasi «Gazak» va «Lag‘mon» ortidan endi «Kabob» tayyorlayapti!

«Flagmanlar kushandalari»ni taqdim etib kelayotgan kompaniyaning OnePlus Nord modeli o‘rta narx toifasiga mansubdir. Uning navbatdagi smartfoni – OnePlus 8T modeli Snapdragon 865+ bazasidagi, kuchli va qimmat flagman bo‘ladi.

Biroq ishlab chiqaruvchi haqiqatan arzon bo‘lgan yana bir telefon tayyorlayapti. Insayderlarga ko‘ra, OnePlus Clover nomli ushbu qurilma uchun atigi 200 dollar narx belgilanadi – bunaqasi hali bo‘lmagan!

AndroidCentral nashri OnePlus Clover haqidagi eksklyuziv ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniya bu mahsulotini Qualcomm Snapdragon 460 protsessori hamda o‘ta sig‘imdor – 6000 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlaydi. Uning zaryadlanish quvvati 18 vattlik; smartfon narxini hisobga olsak, bu yaxshi ko‘rsatkich.

OnePlus Clover displeyi diagonaliga 6,52 dyuymlik bo‘lib, IPS texnologiyasi bo‘yicha tayyorlangan va 1560x720 piksellik aniqlikda tasvir uzata oladi. Smartfonning tezkor/ichki xotirasi tegishlicha 4/64 gigabayt hajmga ega bo‘lib, unga yana microSD formatli xotira kartasi ham qo‘yish mumkin. Korpusida quloqchin uchun an’anaviy 3,5 millimetrlik audiotirqish bo‘lib, orqa panelida daktiloskopik datchik joylashadi.

Arzon smartfonlar qatoriga kirsa-da, OnePlus Clover uch modulli kamera bilan ta’minlanadi. Ulardan asosiy sensor 13 megapiksellik bo‘lsa, qolgan ikkitasi 2 megapiksellik datchiklardir.

Android 10 bazasida tayyorlangan OxygenOS 10 grafik qobig‘i bilan ishlovchi OnePlus Clover kuzda taqdim etilishi kutilmoqda, lekin sanasi hali aniq emas.

O‘QING: Beshta narx toifasidagi eng zo‘r Android-smartfonlar (AnTuTu reytinglari, 2020 yil iyul)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!