OnePlus eng arzon smartfoni – iPhone SE 2020 kushandasini namoyish qildi!

  •   DiMaX
  •  1486
  •  22.07.2020 09:58

OnePlus eng arzon smartfoni – iPhone SE 2020 kushandasini namoyish qildi!

«Aslo qotmas» smartfonlar chiqarib kelayotgan OnePlus kompaniyasining yangi – OnePlus Nord modeli suratlari va videosini e’lon qilgan edik. Shuningdek, rasmiy taqdimotdan oldin u do‘konlarga ham chiqqan.

O‘QING: Qaysi smartfonlar ishlatilsa ham narxini ko‘p yo‘qotmaydi?

OnePlus, nihoyat, uzoq kutilgan (dastlab OnePlus 8 Lite yoki OnePlus Z deb nomlanishi taxmin qilingan) shu hamyonbop qurilmasi namoyishini o‘tkazdi. OnePlus Nord modeli – kompaniyaning keyingi yillarda taqdim etib kelayotgan smartfonlari orasida narxi 500 dollarga yetmaydigan ilk vakildir. Uning taqdimoti onlayn formatda, to‘ldirilgan borliq unsurlari qo‘shilgan holda tashkillashtirildi.

OnePlus Nord ekrani diagonaliga 6,44 dyuymlik bo‘lib, AMOLED-matritsa qo‘llanilgan. Displey tasvir aniqligi Full HD+ formatida, unda kadr yangilanish chastotasi 90 gersga teng. Ekranning o‘ziga barmoq izi skaneri integratsiya qilingan va yuzasiga Gorilla Glass 5 himoya shishasi yotqizilgan.

O‘QING: Dunyodagi eng qudratli o‘nta smartfon (AnTuTu global reytingi, 2020 yil iyun)

Ekranning yuqori chap burchagida qo‘shaloq selfi-kamera uchun tirqish o‘yilgan – bunaqa yechimni OnePlus avval umuman qo‘llamagan edi. Old kameraning asosiy moduli 32 megapiksellik Sony IMX616 datchigi bo‘lsa, ikkinchisi – 8 megapiksellik, keng burchakli ob’yektivga ega sensordir. Uning ko‘rish burchagi 105 naq darajaga teng, shu boisdan OnePlus Nord egasiga guruhli selfi tushirish uchun selfi-tayoqning keragi ham bo‘lmaydi.

Smartfonning bosh kamerasi esa tikka joylashgan to‘rtta modulni va fotochaqnoqni o‘zida jamlagan. Bular – 48 MPlik Sony IMX586 datchigi ( f/1,75 diafragmali, optik barqarorlashtirish); 8 MPlik o‘ta keng burchakli kamera (f/2,25, ko‘rish burchagi 119 daraja); 2 MPlik makrokamera (f/2,4) hamda 5 MPlik sahna chuqurligi datchigidir.

OnePlus Nord modeli uchun Snapdragon 765G protsessori tanlangan; bu – yangi smartfonning aprelda namoyish qilingan flagmanlar – OnePlus 8 hamda OnePlus 8 Pro qurilmalaridan qolishadigan yagona jihatidir.

Kompaniya uni 8 va 12 gigabaytlik tezkor, 128 hamda 256 gigabaytlik ichki xotirali konfiguratsiyalarda taklif etadi.

O‘QING: EHTIYoT BO‘LING: Android 11 Beta’ni ushbu smartfonlarga o‘rnatish xavfli!

Qurilmaning avtonomligi uchun 4115 mA/soatlik akkumulyator mas’ul; 30 vattlik Warp Charge tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan uni atigi 30 daqiqada 70 foizga to‘ldirish mumkin. OnePlus Nord korpusida 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ko‘zda tutilmagan. Unda rasman namdan himoya bo‘lmasa-da, kompaniyaning ta’kidlashicha, 300 nafar muhandislar jamoasi smartfonni turli usullarda, shu jumladan tomchi va sun’iy ter bilan ham sinab ko‘rishgan va qurilma bunga bardosh bergan.

 OnePlus Nord qadoqdanoq Android 10 operatsion tizim talqini bazasiga qurilgan OxygenOS 10.5 grafik qobig‘i bilan taqdim etiladi. Kompaniya uni ikki xil – Blue Marble hamda Gray Onyx rangli korpuslarda, 4 avgustdan sotuvga chiqaradi. Smartfonning tezkor/ichki xotirasi 8/128 gigabaytlik varianti uchun 399 yevro, 12/256 gigabaytligi uchun esa 499 yevro miqdorida narx belgilangan.

Darvoqe, mazkur kompaniya OnePlus 8T rusumli yana bitta smartfon tayyorlamoqda...

O‘QING: Galaxy S20 turkumida tayyorlanayotgan eng arzon smartfon hali chiqmagan OnePlus 8T bilan raqobatlashadi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!