OnePlus kompaniyasi «Gazak» va «Lag‘mon» ortidan endi «Kabob» tayyorlayapti!

  •   DiMaX
  •  756
  •  21.08.2020 17:01

OnePlus kompaniyasi «Gazak» va «Lag‘mon» ortidan endi «Kabob» tayyorlayapti!

«Flagmanlar kushandalari»ni tayyorlovchi xitoylik smartfonsoz avvalroq hamyonbop OnePlus Nord modelini taqdim etgan. Biz uning, yana iPhone SE 2020 hamda Google Pixel 4a smartfonlarining kamera imkoniyatlari o‘zaro taqqoslangan videoni e’lon qilganmiz.

O‘QING: Apple rahbari iPhone SE 2020’ning istalgan Android-smartfondan asosiy afzalligini ma’lum qildi

Mazkur kompaniya endi OnePlus 8T rusumli smartfonini tayyorlayotgani haqida yozgan edik. Nemis insayderi Max J. ushbu modelning kodli nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mazkur devaysni kompaniya ichida «Kebab», ya’ni «Kabob» deb atashayotgan ekan!

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, OnePlus kompaniyasi oldin ham o‘z smartfonlariga turli taomlar nomlarini kodli nom tarzida tanlagan. Masalan, OnePlus 8 modelini kompaniyada «Instant Noodle» (tez tayyor bo‘luvchi lag‘mon) deb, OnePlus 7 Pro flagmanini esa «Guacamole» (avokado mag‘zidan tayyorlanuvchi yaxna gazak) deb, OnePlus 6 smartfonini esa «Enchilada» (meksikaliklarning an’anaviy taomi) deb atashgan.

O‘QING: Android 11’ning «shirin» nomi ma’lum bo‘ldi

OnePlus 8T modeliga qaytadigan bo‘lsak, kompaniya uni Qualcomm’ning eng zo‘r flagmani – Snapdragon 865+ protsessori bazasida tayyorlayapti. Mazkur «aslo qotmas» smartfon samaradorligini ta’minlash uchun 8 yoki 12 gigabaytlik tezkor xotira qo‘llanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, OnePlus 8T bosh kamerasida asosiy sensor 64 megapiksellik bo‘ladi, akkumulyatori esa 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. 65 vattlik Super Warp Charging tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida uni atigi yarim soatdayoq to‘liq zaryadlab ulgurish mumkin.

OnePlus 8T namoyish vaqti haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, xitoylik kompaniya uni sentyabr yoki oktyabrda taqdim etadi.

O‘QING: Android 11 sizni yana bitta erkinlikdan mahrum etadi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!