OpenAI o'zining GPT-4 katta til modelini taqdim qildi. U nimalarga qodir?

OpenAI o'zining GPT-4 katta til modelini taqdim qildi. U nimalarga qodir?

O'tgan yili OpenAI taqdim qilgan ChatGPT sun'iy intellekti o'zining ajoyib matn yaratib berish texnologiyasi bilan juda qisqa vaqt ichida katta shuhrat qozondi. Biroq, u bir qancha kamchiliklarga ega bo'lgan GPT-3 texnologiyasida ishlar edi. Bugun esa OpenAI uning yangi avlodini taqdim qildi.

OpenAI o'zining GPT katta til modelining yangi avlodi, GPT-4 versiyasini chiqardi. U hozirgi ChatGPT texnologiyasidan ancha xavfsizroq va kreativroq hisoblanadi. Ma'lum bo'lishicha, yangi GPT versiyasi Amerikaning advokatlar uchun Uniform Bar imtihonidan 90 foizli baho olgan. ChatGPT xuddi shu imtihondan 10 foizli baho olgan edi.

Foto: 9To5Google

GPT-4 ning yana bir eng e'tiborli xususiyati – bu uning endi nafaqat matnlar balki suratlar bilan ham ishlay oladi. Bunga misol qilib, OpenAI o'zining GPT-4 sahifasida bir nechta mahsulotlar: tuxum, sut, un va boshqalarni o'z ichiga olgan surat bilan ular orqali nimalar tayyorlash mumkinligini so'raydi. Natijada esa GPT-4 texnologiyasi keltirilgan masalliqlardan qanday pishiriqlar tayyorlash mumkinligini matn ko'rinishida chiqarib beradi.

Shuningdek, endi GPT-4 hozirgi GPT-3 dan ko'ra ko'proq so'rov matnini qabul qila oladi – 25 ming so'z.

"Garchi ko'pgina real holatlarda odamlarga qaraganda kamroq qobiliyatli bo'lsa-da, turli xil professional va akademik mezonlarda inson darajasida ishlay oladi", – deydi OpenAI o'zining GPT-4 texnologiyasi haqida.  

GPT-4 API xizmatidan foydalanish uchun navbatga turishingiz kerak, ammo katta til modelining o'zi allaqachon ChatGPT'ga biriktirilgan va undan siz ChatGPT Plus pullik obunasi (oyiga 20 dollar) orqali foydalanishingiz mumkin (agar O'zbekistonga qo'yilgan cheklovlarni aylanib o'ta olsangiz).

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!