“Openbucks” startapi asoschisi o‘zining tajribasini IUT talabalari bilan o‘rtoqlashdi

“Openbucks” startapi asoschisi o‘zining tajribasini IUT talabalari bilan o‘rtoqlashdi

2017 yilning 29 noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) hamda AQShning “Openbucks” korporatsiyasi O‘zbekistonda birinchi marotaba avval e’lon qilingan “Silicon Valley Talks” loyihasi doirasida ma’ruza tashkillashtirishdi, deya xabar qilinmoqda universitet saytida.

Eslatib o‘tamiz, IUT va AQShning “Openbucks” korporatsiyasi 2017 yil sentyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasida o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolangan edilar.

Imzolangan Memorandum doirasida IUT va “Openbucks” IT-ta’lim sohasida hamkorlik qilishni rejalashtirishmoqchi. Jumladan, tomonlar “Silicon Valley Talks” shaklidagi startaplar va innovatsion loyihalarni rivojlantirish maqsadida ma’ruzalar o‘qish hamda eng yaxshi amaliyot va ma’lumotlar bilan almashish uchun AQShning yetakchi ekspertlarini taklif qilishmoqchi. “Silicon Valley Talks” tadbiri doimiy asosda o‘tkazilib, tashkilotchilar Kremniy vodiysidagi turli kompaniyalarning vakillarini taklif qilishni rejalashtirishgan.

Tayyorgarlik ishlaridan so‘ng, IUT va “Openbucks” kompaniyasi talabalar uchun dastlabki “Silicon Valley Talks” ma’ruzasini o‘tkazishdi. “Silicon Valley Talks”ning birinchi mehmoni sifatida “Openbucks” korporatsiyasining Bosh direktori Mark Rochman taklif etildi.

Mark Rochman Kremniy vodiysidagi startap, “Openbucks” kompaniyasining asoschisi hisoblanadi. Mazkur servis foydalanuvchilarga bank kartochkalaridan foydalanmagan holda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Plastik kartochkalar texnologiyasi sohasida mutaxassis bo‘lgani sababli, u plastik kartochkalar (bank, sovg‘a, telefon va hkz.) ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “CardUSA” kompaniyasiga asos soldi.

Ma’ruza davomida Mark Rochman Fransiyadan AQShdagi Kremniy vodiysiga ko‘chib o‘tgandan keyingi startap loyihalarni rivojlantirishdagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Xususan, u startaplarni amalga oshirishda qanday qilib muvaffaqiyatga erishish mumkinligi to‘g‘risida gapirib berdi. Mark Rochman g‘oyalar, ularni amalga oshirganlarga tegishli ekanligini qayd etdi.

U loyihaning muvaffaqiyatida jamoaning muhimligiga to‘xtaldi. Uning fikricha, startaplarni yakka tartibda emas, jamoa bo‘lib amalga oshirish lozim.

Shuningdek, u talabalarga kengroq fikrlab, kichikroq startapdan boshlab, dadil harakat qilish lozimligini ta’kidladi.   Innovatsion g‘oyani amalga oshirish, keyin sinab ko‘rish va o‘zgartirish kiritish hamda uni rivojlantirish kerak, dedi u.

Tadbir doirasida “Openbucks” kompaniyasi asoschisi “Silicon Valley Talks” ma’ruzasi qatnashchilarining hamda talabalarning savollariga batafsil javob qaytardi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.