Operatorlarga internet tezligini ko‘rsatishda «-gacha» qo‘shimchasidan foydalanish rasman taqiqlandi

  •   DiMaX
  •  1094
  •  31.05.2021 09:01

Operatorlarga internet tezligini ko‘rsatishda «-gacha» qo‘shimchasidan foydalanish rasman taqiqlandi

Yaqinda biz 1 iyundan internet yana 15 foizga arzonlashuvi, shuningdek, internet tezligini ko‘rsatishda «-gacha» qo‘shimchasi olib tashlanishi haqida yozgan edik. Endi shu ish rasman amalga oshdi – «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi internet tarif rejalari va xizmatlarini taqdim etishda «-gacha» qo‘shimchalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deb yozadi Daryo nashri.

O‘QING: Oylik internet-to‘plamlar yangilandi: megabaytlar ko‘paygan, narxlar esa oldingidek!

«2021 yil 1 iyundan boshlab tarif rejalari va xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarda internet tezligi uchun belgilangan «-gacha» («do...») qo‘shimchalari o‘rniga aniq va tushunarli ma’lumot berish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», deyiladi xabarda.

Bu internet va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga telekommunikatsiya xizmatlarini uzluksiz, sifatli va shartnomalarda belgilangan hajmda (tezlikda) ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq «Toshkent besh tashabbus harakati» doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotda bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarov internet tezligi haqidagi masalaga to‘xtalib o‘tgandi. «Men sehrgar emasman, internet tezligini oshirib yubora olmayman. Biroq bu borada ishlar olib borilmoqda, qiladigan ishlar bor hali», – deya ta’kidlagandi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tashqi internet kanalining tezligi soniyasiga 1800 Gbitga yetkazilishi ma’lum qilingandi. Loyihaning texnik-iqtisodiy parametrlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 apreldagi qarori bilan qabul qilingan, ammo hujjatda loyihani amalga oshirish muddati ko‘rsatilmagan.

O‘QING: O‘zbekistonda internet nega qimmat? – AKT vazirligi izoh berdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!