Oppo Ace 2 namoyish qilindi: ko‘p tomonlama rekordchi flagman!

  •   DiMaX
  •  1006
  •  14.04.2020 12:09

Oppo Ace 2 namoyish qilindi: ko‘p tomonlama rekordchi flagman!

Xitoylik sermahsul smartfonsozlardan bo‘lmish Oppo kompaniyasi yaqindagina Find X2 hamda Find X2 Pro flagmanlarini namoyish qilgan edi. bulardan ikkinchisi AnTuTu benchmarkining eng qudratli smartfonlar o‘ntaligida yetakchi bo‘lgan.

O‘QING: Eng zo‘r flagmanlarda eng keraksiz va hatto zararli bir funksiya bor!

Kompaniya endi yana bitta flagman modeli – Oppo Ace 2 smartfonini taqdim etdi. Ha, payqaganingizdek, uning nomidan avvalgi smartfonlarda bo‘lgan Reno qismi olib tashlangan.

Oppo kechagina e’lon qilgan videoda ko‘rganimizdek, Ace 2 flagmani hatto AnTuTu yetakchisi – Find X2 Pro modelidan ham oshiq, ya’ni 627 553 ball bilan rekord o‘rnatgan! Shuningdek, taqdimotda ma’lum bo‘lishicha, u simli usulda 65 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvatlanuvchi dunyodagi ilk smartfondir.

Shu bilan birga, Oppo Ace 2 simsiz usulda hozirgacha bozorga chiqqan modellar orasida eng yuqori – 40 vattlik asosda quvvatlana oladi. Yana bir jihati, uning o‘zi boshqa qurilmalarga 10 vattlik texnologiya bo‘yicha simsiz zaryad bera oladi. Ya’ni, Ace 2 – quvvatlashning barcha variantlariga ega hamda yetarlicha baquvvat yagona smartfondir.

O‘QING: Dunyodagi eng kuchli smartfon, protsessor va proshivkalar TOP-o‘ntaliklari (Master Lu reytinglari, 2020 yil 1-chorak)

Oppo Ace 2 texnik ta’minoti asosini Snapdragon 865 protsessori tashkil etadi. Uni tezkor xotirasi 8/12, ichki xotirasi esa 128/256 gigabaytlik variantlarda chiqarishyapti, lekin LPDDR5 chiplari faqat 12 gigabaytligida qo‘llanmoqda.

OLED-displey diagonaliga 6,55 dyuymlik, tasvir aniqligi 2400x1080 piksellik bo‘lib, 90 gerslik kadr yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekranning sensor qatlami bo‘lsa 180 gerslik chastotada yangilanadi; daktiloskop ham displeyning o‘ziga joylangan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Ace 2 ekrani DCI-P3 rang hududini 100 foiz qamrab oladi va yorqinligi 500 kd/m2.gacha boradi.

Flagmanning bosh kamerasi to‘rtta datchikni o‘z ichiga oladi; asosiy sensor – 48 pegapiksellik Sony IMX586 moduli. Unga 8 MPlik keng burchakli datchik, 2 MPlik makrokamera va 2 MPlik chuqurlik sensori hamrohlik qilgan. Ekranning tirqishiga joylangan old kamera aniqligi esa 18 megapiksellik.

Oppo Ace 2 akkumulyatori 4000 mA/soatlik, aniqrog‘i – unda har biri 2000 mA/soatlik bo‘lgan ikkita batareya birlashgan. Aytish kerakki, zaryadlash quvvati 50 vattdan yuqori bo‘lgan barcha smartfonlarda shunaqa yechim qo‘llanadi.

O‘QING: Dunyodagi eng qudratli smartfon endi Lite-versiyada chiqyapti

Rekordchi flagmanning korpusi o‘lchamlari 160x75,4x8,6 millimetrlik bo‘lib, 186 gramm tosh bosadi. Unda eng yangi – Wi-Fi 6 interfeysi, kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli hamda zamonaviy USB-C porti, Dolby Atmos texnologiyali stereodinamiklar qo‘llangan. Qurilma Android 10 operatsion tizim asosida tayyorlangan ColorOS 7.1 grafik qobig‘i boshqaruvi ostida ishlaydi.

Kompaniya bu flagmanini Xitoy bozoriga 20 apreldan, qora va binafsharang korpuslarda chiqaradi. Narxlari esa tezkor/ichki xotira hajmiga qarab quyidagicha:

OPPO Ace 2 8/126 GB — $567

OPPO Ace 2 8/256 GB — $623

OPPO Ace 2 12/256 GB — $652

Darvoqe, 40 vattlik tezkor simsiz quvvatlash stansiyasi alohida, 35 dollardan sotiladi.

O‘QING: Redmi Note 9 5G ham tayyor: atigi 140 dollarlik 5G-smartfon tezkor quvvatlana oladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!