Oppo «damini olsin» – Xiaomi ham mikroskop-kamerali, undan tashqari biryo‘la ikkita 108MP kamerali smartfonlar chiqaryapti! (+«jonli» surat)

  •   DiMaX
  •  1446
  •  13.03.2021 09:54

Oppo «damini olsin» – Xiaomi ham mikroskop-kamerali, undan tashqari biryo‘la ikkita 108MP kamerali smartfonlar chiqaryapti! (+«jonli» surat)

Kuni kecha Oppo korporatsiyasi Find X3 turkumida to‘rtta smartfonini taqdim etdi. Standart talqindagi flagman hamda uning Find X3 Pro versiyasi bosh kamerasida naq 60 karralik zumga ega mikroskopik datchik qo‘llangan.

O‘QING: Xitoylik kamerofon iPhone 12 Pro Max’ni mahv etib, DxOMark reytingida kuchli beshlikka kirdi!

Xiaomi ham qo‘l qovushtirib o‘tirmagan ekan – Redmi brendi ostida xuddi shunday mikroskop-kamerali smartfonni allaqachon tayyorlab qo‘yganini e’lon qildi. Korporatsiyaning yangi mahsulotlar bo‘yicha direktori Van Teng Tomas (Wang Teng Thomas) buning isboti sifatida xuddi shu kamerada olingan rasmni e’lon qildi:

Ushbu suratda glutamat natriy (E621 nomi bilan tanilgan ozuqaviy qo‘shimcha) tuzining kristallari aks ettirilgan. Tasvirga olgan kamera Redmi’ning aynan qaysi modelida qo‘llashi aytilmagan, aftidan, uni brendning navbatdagi flagmanlaridan biriga o‘rnatishadi.

O‘QING: 108 MP ham ommabop Xiaomi flagmaniga naf bermadi, lekin u baribir Galaxy Note 20 Ultra’lardan yuqorida!

Bunisi ham mayli, Xiaomi navbatdagi smartfonlaridan birida 108 megapiksellik optik sensordan birdaniga ikkitasini qo‘llamoqchi! Xiaomi Group China prezidenti hamda Redmi brendi bosh direktori Lu Veybing (Lu Weibing) bu haqda Weibo ijtimoiy tarmog‘ida xabar bergan.

«Yaqinda men Redmi Note 9 Pro bosh kamerasi 108 megapiksellik datchikka ega ekanligini o‘ylab qoldim. Xo‘sh, biz smartfonga optik formati 1/1,52 dyuymlik shunaqa moduldan ikkitani o‘rnatsak-chi? Bunday telefon siz uchun qiziqarli bo‘ladimi?» deb so‘ragan u.

Unga yozilgan izohlarda ayrim Weibo foydalanuvchilari buning keragi yo‘qligini, umuman, smartfonda 108 megapiksellik kamera ishlatishning o‘zi noto‘g‘ri yo‘nalish ekanligini ta’kidlashgan. Ba’zilar esa uning o‘rniga zamonaviy, sezgirligi kuchliroq sensorlar qo‘llash ma’qulligini aytishgan.

Lekin shu kabi oldingi so‘rovlarni kuzatsak, Xiaomi odatda biror yechimni tayyorlab bo‘lib, keyingina u haqda muxlislarining fikrini so‘raydi. Shunga qaraganda, mikroskopik kamerali Redmi flagmani kabi, qo‘shaloq 108 megapiksellik kameraga ega smartfon ham tayyor, shekilli.

O‘QING: 2020 yilning eng zo‘r to‘rtta kamerofoni (DxOMark reytingi)