Oppo F19s taqdim qilindi, Reno6 Pro'ning Diwali Edition talqini chiqdi

Oppo F19s taqdim qilindi, Reno6 Pro'ning Diwali Edition talqini chiqdi

Oppo yangi smartfon, eski gadjetlar uchun yangi ranglar va turli chegirmlar bilan Divali bayramiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘QING: Oppo kompaniyasi yangi o‘yinbop smartfonni sotuvga chiqarmoqda

Yangi Oppo F19s smartfoni Snapdragon 662 platformasida ishlab, 6GB LPDDR4X toifasidagi (hamda 5 GBgacha virtual) tezkor va 128GB doimiy xotiraga ega. Tashqi xotira kartasi sloti mavjud emas.

Smartfonga 6,43 dyuymli, 1080 x 2,040 piksel rezolyutsiyaga ega (20:9) AMOLED displey o‘rnatilgan. Ekran yangilanish chastotasi 60Hz bo‘lsa-da, sensorli namuna olish chastotasi yuqori — odatiy sharoitda 135Hz, o‘yin rejimida esa 180Hz. Displey sRGB ranglar gammasini to‘liq, DCI-P3 diapazonini esa 92% qamrab olgan. Barmoq izi skaneri ekran ostiga joylangan.

Orqa panelda uchta kamera bor — 48MP asosiy (f/1.7 diafragmali), 2MP makro va 2MP sath kameralari. Selfilar uchun esa 16MP old kamera mavjud. Ham old, ham orqa kamera 30 kadr/sek. da 1080p aniqlikdagi videolarni yoza oladi.

F19s 8 mm dan ham ingichkaroq smartfon bo‘lsa-da, unga 5,000 mAs sig‘imli katta akkumulyator o‘rnatilgan. Qurilma SuperVOOC 2.0 adapteri orqali 33 vattgacha quvvat oladi.

Smartfon 3.5 mm audio jekka ega. Qadoq ichidan quloqchin, quvvatlagich va hatto himoya g‘ilofi ham o‘rin olgan. Bunaqasi hozir kamdan-kam uchraydi!

Aloqa turlariga kelsak, qurilma ikkita 4G SIM karta, Wi-Fi va Bluetooth 5.0 (jumladan, AAC va adtX kodeklari) ni qo‘llab-quvvatlaydi. Lekin NFC mavjud emas. Geojoylashuv ma’lumotlariga esa GPS/GLONAS/Galileo/BeiDou javobgar.

O‘QING: Galaxy S22 Ultra'dan so‘ng, S22 hamda S22+ smartfonlarining renderlari e’lon qilindi

Smartfon ikkita jilovdor rangda mavjud bo‘ladi: Glowing Black va Glowing Gold.

Oppo F19s smartfoniga kompaniyaning rasmiy do‘koni orqali hozirdan buyurtma berish mumkin. Devays 270 dollar narxga ega. Olti oylik ekran himoyasi (ya’ni mazkur davr ichida nosoz ekran bir marta tekinga almashtirib beriladi) va uzaytirilgan kafolat mavjud. Bundan tashqari, kompaniya qator keshbeklarni ham taqdim etmoqda. Smartfonni sotib olsangiz, Oppo Enco W11 quloqchinlarini 50% chegirma bilan xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, Oppo Reno6 Pro 5G smartfoni Divali uchun yangi Majestic Gold rangida taqdim qilindi. Smartfonning texnik jihatlari o‘zgarmagan. Qurilmaning 12/256GB talqinini 3 oktyabrdan boshlab 570 dollarga xarid qilish mumkin.

Reno6 Pro'ni sotib olish bilan Enco W51 TWS quloqchinlari uchun 28% yoki ko‘k rangli Oppo Enco Buds quloqchinlari uchun 10% chegirmaga ega bo‘lasiz. Quloqchin 27 dollar turadi va 3 oktyabrdan sotuvga chiqadi.

O‘QING: Oppo Reno6 Pro 5G'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!