Oppo Find N buklamafoni taqdim etildi

Oppo Find N buklamafoni taqdim etildi

Bir necha yillik izlanishlardan so‘ng, Oppo kompaniya o‘zining ilk Oppo Find N deb nomlangan buklanuvchi smartfonini taqdim etdi. Bozordagi boshqa raqobatchilardan farqli o‘laroq Find N o‘ziga xos dizaynda ishlab chiqarildi. 

O‘QING: Oppo noodatiy dizayndagi Oppo Air Glass aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi 

Asosiy farqlardan biri shundaki, smartfonning tashqi ekrani 18:9, ichki ekrani esa 8.4:9 forma faktorida. Taqqoslash uchun, Galaxy Z Fold3'ning tashqi ekrani 25:9, Mi Mix Fold esa 27:9 forma faktorida ishlab chiqarilgan. 

Qurilmaning ustunligi faqatgina forma faktorda emas. Uning hajmi ham foydalanish uchun ancha qulay. Oppo Find N buklamafonining tashqi displeyi 5.49 dyuym, ichki displeyi esa 7.1 dyuymni tashkil qiladi. 

Yangi Flexion Hinge - bu 136 ta komponentdan iborat murakkab buklanuvchi mexanizm bo‘lib, u ikkita muhim vazifani bajaradi. Birinchisi, ekranni tomchisimon shaklda buklaydi, bu ekrandagi chiziqni ko‘zga tashlanmasligiga sabab bo‘ladi. Ikkinchisi, smarfon buklanganda uning ikki tomoni hech qanday bo‘shliqsiz bir-biriga to‘liq tegib turadi. 

Shuningdek, ushbu mexanizm smartfonning ikki qismini 50º dan 120º gradusgacha bo‘lgan istalgan burchakda ushlab turishi mumkin. 

Keling, endi Find N'ning texnik jihatlariga nazar tashlaymiz. Qurilmaga maxsus 12 qatlamli Serene displeyi o‘rnatilgan. U Flexion Ultra Thin Glass nomli shisha bilan qoplangan. Boshqa buklamafonlardagi shishalarga nisbatan uning qalinligi 0.03 millimetrni tashkil qiladi. Ushbu omillar smartfon displeyini yanada elastik bo‘lishini ta’minlaydi. 

Ichki tomonga LTPO AMOLED displeyi o‘rnatilgan bo‘lib, u joriy kontentga qarab 1 gertsdan 120 gerts yangilanish chastotasida ishlashi mumkin. Sensorli namuna olish chastotasi 1000 gertsgacha yetishi mumkin. Ikkala displeyning maksimal yorqinligi 1000 nitni tashkil etadi. 

Tashqi tomonga 5.49 dyuymli AMOLED displeyi o‘rnatilgan. U Gorilla Glass Victus shishasi bilan himoyalangan. Tashqi displey standart 60 gertsda ishlaydi. Uning rezolyutsiyasi 1972x988 pikselni tashkil qilsa, asosiy displey rezolyutsiyasi 1792x1920 pikselni tashkil qiladi. 

Oppo Find N buklamafoni maksimal 12GB LPDDR5 tezkor xotira hamda 512GB UFS 3.1 doimiy xotiraga ega bo‘lgan Snapdragon 888 chipida ishlaydi. Qurilmada bir vaqtning o‘zida ekranni ikkiga ajratib, turli xil ammallarni bajarish mumkin. 

Smartfonda umumiy beshta kamera mavjud. Ularning ikkitasi orqa panelda, ikkitasi esa old panelda joylashgan. Find N buklanuvchi smartfon bo‘lgani uchun uning asosiy kameralarini selfi kamera sifatida ham ishlatish mumkin. 

Sony kompaniyasining IMX766 sensori smartfonga asosiy kamera sifatida o‘rnatilgan. Moduldan, shuningdek, 16MP ultrakeng kamera hamda 13MP telefoto kameralar o‘rin olgan. 

Buklamafon 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, uni 33 vattda quvvatlash mumkin. Bundan tashqari, qurilmani 15 vattda simsiz quvvatlash ham mumkin. 

Oppo Find N qurilmasi 23 dekabr sanasida sotuvga chiqadi. 

Smartfonning narxi quyidagicha: 

Oppo Find N 8/256GB - 1200 dollar

Oppo Find N 12/512GB - 1410 dollar 

Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon hozircha faqat Xitoy bozori uchun ishlab chiqariladi. 

O‘QING: Yana bir kompaniya o‘zining birinchi buklamafonini taqdim etadi 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.