OPPO ilk smart-televizorlarini taqdim etdi: 4K formati, NFC’li pult, korpusdan chiquvchi kamera...

  •   DiMaX
  •  472
  •  20.10.2020 11:51

OPPO ilk smart-televizorlarini taqdim etdi: 4K formati, NFC’li pult, korpusdan chiquvchi kamera...

Smartfon bozoridagi eng muvaffaqiyatli kompaniyalar reytingida ommabop OPPO ham bor. Xitoyning eng qimmat elektronika brendlari ro‘yxatida ham u kuchli beshtalikka kirgan. Uning arzonchi subbrendi esa...

O‘QING: Bu kompaniya eng kuchli flagmanlar reytingini ostin-ustun qilib yubordi! (AnTuTu, 2020 yil sentyabr)

 Bizga ko‘proq telefonlari bilan tanish bo‘lgan bu ishlab chiqaruvchi o‘zining dastlabki aqlli televizorlarini namoyish qildi. Ularning birinchisi OPPO S1 rusumli flagman model bo‘lib, diagonaliga 65 dyuymlik ekranida QLED-panel qo‘llangan. Displeyi 4K formatida (3840x2160 piksellik) tasvir uzata oladi, unda kadr yangilanish chastotasi 120 gersga teng. Bu smart-televizor NTSC rang makonini 120 foizga qamrab oladi, yana Super HDR, Dolby Vision, HDR 10, HDR 10+ hamda HLG texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

OPPO S1 modelining «elektron yuragi» – MediaTek MT9950 protsessori bo‘lib, televizor 8,5 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik ichki xotiraga ega. Gadjetning korpusida uchta HDMI 2.1 va ikkita USB Type-A portlari mavjud; unga Wi-Fi 6 hamda Bluetooth 5.0 interfeyslari ham joriy etilgan.

Mazkur televizorning o‘ziga xosliklaridan biri sifatida atigi 1 soniyada yoqilishi ta’kidlanmoqda. Bundan tashqari, OPPO S1 korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi kamerasi hamda NFC modulli masofadan boshqaruv pulti bilan ham maqtana oladi. Televizorning akustika tizimi Dolby Atmos texnologiyasiga ega bo‘lgan 18 ta dinamikni o‘z ichiga oladi.

OPPO S1 o‘z yurtida 1 noyabrdan sotuvga chiqadi, uning uchun 1050 AQSh dollariga teng narx belgilangan.

O‘QING: 4K-televizorlar savdosida yuksalish: bozorning yarmini ikkitagina kompaniya band etdi!

Kompaniyaning ikkinchi – OPPO R1 smart-televizori ikki xil – ekranining o‘lchami diagonaliga 55 va 65 dyuymlik variantlarda taqdim etilgan bo‘lib, ichki xususiyatlari o‘zaro farq qilmaydi. Har ikkalasi 4K formatida (3840x2160 piksellik aniqlikda) tasvir uzatadi. Mazkur turkum gadjetlar ekrani HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va DCI-P3 rang makonini 93 foizga qamrab oladi.

OPPO R1 televizorlarida MediaTek MT9652 protsessori qo‘llangan, tezkor/ichki xotira hajmi ham kichkinaroq – tegishlicha 2/32 gigabaytlik. Audiotizimi ham sodda: har biri 10 vattlik ikkita dinamik, Dolby Audio texnologiyasi. Bulardan tashqari, unda Bluetooth 5.0 va Wi-Fi 6 modullari, HDMI 2.1 porti mavjud. Mazkur devayslarning NFC chipli pulti yordamida smartfondagi tasvirni televizor ekraniga uzatish mumkin.

Flagman televizordan farqli ravishda, OPPO R1 modellari Xitoyda allaqachon sotuvga chiqdi. Kompaniya uning 55 dyuymlik varianti uchun 500 dollarga, 65 dyuymligi uchun esa 650 dollarga yaqin narx belgilagan.

O‘QING: Redmi bu mahsuloti bilan bozorni «portlatdi»!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.