OPPO rekordchi selfifon – Reno 3 Pro hamyonbop flagmanini namoyish qildi

  •   DiMaX
  •  2024
  •  02.03.2020 18:11

OPPO rekordchi selfifon – Reno 3 Pro hamyonbop flagmanini namoyish qildi

Yaqinda o‘zining Realme brendiga mansub 5G-flagmani – Realme X50 Pro 5G smartfonini sotuvga chiqargan Oppo bugun yana bir taqdimotini o‘tkazdi. Hindistonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u Reno 3 Pro smartfonini namoyish etdi.

O‘QING: Realme X50 Pro 5G sotuvda: Xiaomi Mi 10 raqibi undan arzon va atigi 35 daqiqada quvvatga to‘ladi!

Yangi flagmanida OPPO selfi sifatiga asosiy e’tiborni qaratgan. Buning uchun u Reno 3 Pro displeyidagi tirqishda qo‘shaloq qamera joylagan. Old kameraning asosiy sensori esa naq 44 megapiksellik bo‘lib, selfi-kameralar orasida bu rekord hisoblanadi. Unga rasmga olinayotgan sahna chuqurligini o‘lchovchi hamda orqa fonni xiralashtiruvchi 2 megapiksellik oddiy datchik hamrohlik qiladi.

Reno 3 Pro boshqa jihatlari bilan an’anaviy hamyonbop flagmanlardan biridek ko‘rinadi. Uning displeyi diagonaliga 6,4 dyuymlik va Full HD+ formatida. AMOLED-matritsali ushbu ekran kadr yangilanishining 90 gerslik chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Daktiloskopik datchik ham displeyning o‘ziga integratsiya qilingan.

O‘QING: Yilning eng zo‘r selfifoni sotuvga chiqdi: chegirma va muddatli to‘lov

OPPO Reno 3 Pro bosh kamerasi esa to‘rtta sensorni o‘z ichiga oladi:

  1. Asosiy – 64 MP, f/1,7
  2. Telefoto – 13 MP, f/2,4, 2 karra zum
  3. Keng burchakli – 8 MP, f/2,2
  4. Badiiy rasmlar uchun oq-qora datchik – 2 MP

Shu bilan birga, Reno 3 Pro modeli tayvanlik chipsoz – MediaTek kompaniyasi yaqinda namoyish qilgan Helio P95 protsessori bazasidagi ilk smartfon ham bo‘ldi. Flagmanning ishlash samaradorligini ta’minlash uchun unga 8 gigabaytlik tezkor xotira yelkadosh bo‘ladi. Bu smartfon doimiy xotirasi 128 va 256 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi.

Reno 3 Pro korpusida ikkita SIM-karta uchun alohida, microSD-karta uchun alohida uyacha mavjud; yana 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham bor. OPPO uning akkumulyatoriga ham ahamiyat qaratgan – 4025 mA/soatlik batareya 30 vattlik VOOC 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Shuning evaziga smartfonni bir soatga ham qolmasdan to‘liq zaryadlash mumkin.

Kompaniya bu mahsulotini faqat Hindiston bozori uchun taqdim etgan va 30 ming rupiydan boshlanuvchi narxlarda sotmoqchi. Bu esa taxminan 412 dollarga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Oppo Nokia 9 PureView versiyasini chiqarmoqchimi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.