Oppo Reno8 seriyasi taqdim etildi

Oppo Reno8 seriyasi taqdim etildi

Bir necha haftadan beri mish-mishlardan tushmay kelayotgan Oppo Reno8 seriyasi nihoyat taqdim etildi. Reno8 modeli 80 vatt quvvatlash texnologiyasi va Dimensity 1300 chipi bilan jihozlanadi. Pro model Snapdragon 7 Gen1 chipi bilan debyut qilgan bo‘lsa, Pro+ model Dimensity 8100 Max chipiga ega bo‘ldi. 

Har uchala smartfonga AMOLED displey, 50MP asosiy kamera va 80 vatt SuperVOOC quvvatiga ega 4,500 mAs akkumulyator o‘rnatilgan. Pro versiyalarga qo‘shimcha kamera sozlanmalari va Oppo Find X5 Pro flagmanida bo‘lgan MariSilicon X NPU chipi qo‘shilgan.

Reno8 Pro+ 

Seriyadagi eng kuchli model 120 gertsda ishlovchi 6.7 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Uning yuqori qismidan 32MP selfi kamera o‘rin olgan bo‘lib, u avtofokus funksiyasiga ega. Shuningdek, smartfonning pastki va yuqoridagi ramkalari 2.37 millimetr, yon tomonlari esa 1.4 millimetrga ingichkalashgan. Kompaniya ushbu modelni eng ingichka ramkalarga ega bo‘lgan Reno smartfoni demoqda. 

Reno8 Pro+ model 12GB gacha LPDDR5 operativ xotira va 256GB UFS 3.1 xotirasi bilan birlashtirilgan Dimensity 8100 Max chipiga ega.  Orqa tomonda FInd X5 Pro bilan bir xil bo‘lgan 50MP Sony IMX766 sensori joylashgan bo‘lib, smartfondagi MariSilicon X NPU chipi bilan birga u sun’iy intellekt shovqinini kamaytirish va 4K Ultra tungi videoga olish imkoniyatlarini taqdim etadi. Orqa paneldan, shuningdek, 8MP ultrakeng va 2MP makro kameralar o‘rin olgan.  

Smartfon Android 12 operatsion tizimiga asoslangan ColorOS 12.1 grafik qobig‘ida ishlaydi. Qurilmaga 80 vattda quvvat oluvchi 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. 

Reno8 Pro+ kulrang, qora va yashil ranglarda taqdim etildi. Uning narxi quyidagicha:

8/256GB - 556 dollar

12/256GB - 600 dollar 

Smartfon 1 iyun sanasidan sotuvga chiqadi. 

Reno8 Pro 

Oppo Reno8 Pro - bu Qualcomm kompaniyasining yangi Snapdragon 7 Gen1 chipsetiga ega birinchi smartfonlardan biri bo‘ldi. Yangi 7 seriyali chip 4 nanometrli jarayonda asosida yaratilgan bo‘lib, Kyro CPU klasteri va Adreno 662 grafik protsessoriga ega. Oppo ushbu modelni Mari X Silicon X NPU chipi va xuddi Reno8 Pro+ modelidagi kabi 50 megapikselli Sony IMX766 sensori, 8 megapikselli ultra keng qamrovli kamera hamda 2 megapikselli makro kameralar bilan jihozladi.

Ushbu model 120 gertsda ishlovchi 6.62 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Displeydagi 32MP selfi kamera esa Pro+ model kabi avtofokus funksiyasiga ega emas. Qurilmaga 80 vattda quvvat oluvchi 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. 

Reno8 Pro ko‘k, qora va gradiyent ranglarda taqdim etildi. Uning narxi quyidagicha:

8/128GB - 450 dollar

8/256GB - 480 dollar

12/256GB - 525 dollar 

Qurilma 11 iyun sanasidan sotuvga chiqadi. 

Reno8 

Seriyadagi eng arzon smartfon 90 gerts chastotada ishlovchi 6.43 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Orqa paneldan 50MP asosiy, 2MP monoxrom va 2MP makro kameralar o‘rin olgan. Qurilma Dimensity 1300 chipi hamda 80 vattda quvvat oluvchi 4,500 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. 

Reno8 modelining narxi quyidagicha:

8/128GB - 375 dollar

12/256GB - 440 dollar 

Ushbu model 1 iyun sanasidan sotuvga chiqadi.

O‘QING: Redmi Note 11T Pro va Note 11T Pro+ smartfonlari taqdim etildi 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!