Oppo yangi "kamerafon"ni taqdim qildi!

Oppo yangi

Oppo kompaniyasi Xitoyda o'zining Find X6 seriyasidagi yangi smartfonlarini taqdim qildi. Qatorda ikkita: Oppo Find X6 va Oppo Find X6 Pro modellari mavjud va ular bilan quyida batafsil tanishishingiz mumkin.

Oppo Find X6 Pro

Pro model "shouning haqiqiy yulduzi" hisoblanadi. Uning eng o'ziga xos xususiyati kameralarida – smartfon orqa tomonida uchlik kameralar tizimiga ega.

Kameralarning asosiysi Sony'ning 1 dyuymli IMX989 sensori bo'lib, biz uni avval Xiaomi 13 Pro va Vivo X90 Pro smartfonlarida ko'rgan edik. Ushbu 23 mm fokus uzungligiga ega bo'lgan kamera 50 MP bo'lib, u tasvirni optik barqarorlashtirish, f/1.8 diafragma va boshqa bir qancha xususiyatlarga ega. Qolgan ikki kameralar ham 50 MP va ularning ikkovi 1/1,56 dyuymli IMX890 sensori bilan jihozlangan. Ultra-keng kamera sensori 15 mm fokus uzunligi va f/2.2 diafragma, periskop kamera sensori esa 65 mm fokus uzunligi va f/2.6 diafragmaga ega. Ushbu kameralar sizga 4K formatida sekundiga 60 kadr tezlikda videolar olish imkonini beradi.

Bu uchchala kameralar bilan LED chirog'ini yumaloq orol o'z ichiga oladi va uning o'rtasida siz Hasselblad brendi tushirilganligini ko'rishingiz mumkin. Bu siz tasvirga olish borasida ranglar moslashishi uchun Hasselblad Natural Colour, panoramali suratlar olish uchun XPAN rejimi, shu bilan birga Hasselblad Pro rejimi va boshqa xususiyatlarga ega bo'lishingizni anglatadi. Yanada oddiyroq tushuntiradigan bo'lsak, tasvirga olishda fotografik kompyuter amallarini Hasselblad amalga oshiradi. Shuningdek, tasvir sifatini yaxshilash va unga sun'iy intellekt bilan ishlov berishning bir qismini Oppo'ning MariSiliconX chipi amalga oshiradi va uning nomini ham siz kamera orolida ko'rishingiz mumkin.

Old tomonga o'tadigan bo'lsak, ekran yuqori markazidagi yumaloq tirqishda selfilar uchun 32 MP (Sony IMX709, f/2.4) kamera joylashgan.

Kameralardan tashqari qurilmaning boshqa xususiyatlari ham juda ajoyib. Oppo Find X6 Pro smartfoni Corning Gorilla Glass Victus 2 bilan himoyalangan 6.82 dyuymli 3168×1440 piksel rezolyutsiyasidagi AMOLED ekranga ega, albatta, 120 gerts yangilanish tezligi bilan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, uning flagmani ekrani 2500 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladi. Taqqoshlash uchun Samsung'ning eng so'nggi Galaxy S23 Ultra flagmani ekrani maksimal 1750 nit yorqinlikka chiqa oladi.

Qurilma kapoti ostiga Snapdragon 8 Gen 2 chipseti 12/16 GB LPDDR5X RAM va 256/512 GB UFS 4.0 xotira (microSD uyasi yo'q) o'rnatilgan. Ular 5000 mA/soat batareya bilan ColorOS 13.1 versiyasida ishlaydi. Batareyani esa USB-C porti orqali 100 Vt tezlikda simli (28 daqiqada 100%), 50 Vt tezlikda esa simsiz (52 daqiqada 100%) zaryadlash mumkin. Oppo smartfon batareyasi 1600 marta zaryadlash siklidan keyin ham o'zining 80% original holatini saqlab qola olishini va'da qiladi.

Qurilmaning qolgan e'tiborga molik xususiyatlari sifatida uning IP68 bilan suv va changga chidamli ekanligi, infraqizil nur uzatuvchisi va Wi-Fi 7 texnologiyasi qo'llab-quvvatlanishini keltirish mumkin.

Oppo Find X6

Boshlang'ich modelga to'xtaladigan bo'lsak, u bilan Pro o'rtasida "katta jarlik" bor. Qurilmaga 6.74 dyuymli 2772×1240 piksellar o'lchamidagi 120 gerts yangilanish tezligiga ega AMOLED displey qo'yilgan va uning maksimal yorqinligi 1450 nit. U Dimensity 9200 chipsetida ishlaydi va Pro model kabi xotira variantlariga ega. Ushbu model birozgina kichikroq batareya bilan taklif qilinadi: 4800 mA/soat batareyani simli 80 Vt tezlikda quvvatlash mumkin. Simsiz zaryadlash esa imkonsiz. Smartfon suv va changdan IP64 bilan himoyalangan.

Oddiy model ham uchlik 50 MP kameralarga ega, lekin ular Pro model kameralari kabi kuchli emas. Asosiy kamera sifatida qurilmaga IMX890 sensori o'rnatilgan. Aytish kerakki, bu Pro modelning 1 dyuymli sensoridan kichikroqdir. Ultra-keng sensor ham biroz kichik – 1/2.76 dyuym. Faqat periskop kamera o'zgarishsiz qolgan. Albatta, bu juda yomon degani emas. Masalan, bu kameralar bilan ham siz 60 kadr/sekund tezlikdagi 4K videolar olishingiz mumkin.

Narxlar va takliflar

Oppo Find X6 Pro smartfoni jigarrang, yashil va qora ranglarda taklif qilinadi. Bunda jigarrang variantdagi smartfon orqasining yuqori oq rangli qismi metallga o'xshash shisha, qolgan pastki jigarrang qismi esa teri bilan qoplangan. Yashil va qora rangli variantlar esa ko'rinishidan barmoq izini saqlamaydigan shishadan tayyorlangan. Kamera oroli esa aerokosmik alyuminiydan yasalgan.

Oddiy model esa oltin, yashil va qora ranglarda chiqariladi.

Narxlar quyidagicha:

  • Oppo Find X6 Pro 12/256 GB – 5,999 yuan, ≈871 dollar
  • Oppo Find X6 Pro 16/256 GB – 6,499 yuan, ≈943 dollar
  • Oppo Find X6 Pro 16/512 GB – 6,999 yuan, ≈1015 dollar

  • Oppo Find X6 12/256 GB – 4,499 yuan, ≈653 dollar
  • Oppo Find X6 16/512 GB – 4,999 yuan, ≈726 dollar

Oppo Find X6 seriyasi hozirda faqat Xitoyda sotuvga chiqarilgan. Smartfonlarning global bozorga chiqarilishi haqida hozircha hech qanday ma'lumotlar yo'q.