O‘rama smartfonni ishlayotgan holida «jonli» videoda ko‘ramiz!

  •   DiMaX
  •  839
  •  27.10.2020 16:37

O‘rama smartfonni ishlayotgan holida «jonli» videoda ko‘ramiz!

Xitoylik taniqli displeysoz – BOE Technology kompaniyasi SID Display Week 2019 ko‘rgazmasida ekrani trubacha shaklida o‘raluvchi smartfon prototipini namoyish etgan edi. Joriy yilning boshidagi CES 2020 tadbirida TCL kompaniyasi ham shunday texnologiyaga ega smartfon tayyorlayotganini aytgan.

O‘QING: TCL cho‘ziluvchan ekranli smartfon va Z-simon buklamafon yaratdi! («jonli» videolar)

Endi esa ana shu – TCL o‘rama smartfoni yoqiq holda ko‘rsatilgan «jonli» video internetga chiqdi. Qisqa lavhada aks etishicha, diagonaliga 4,5 dyuymlik ekranga ega smartfonning displeyi 6,7 dyuymgacha «kattaygan»ini ko‘ramiz:

TCL ta’kidlashicha, ayni damda bunday ekranlarni 200 ming martadan oshiq o‘rab-yoyish mumkin. Bu yil kuzgi IFA ko‘rgazmasida aytishi bo‘yicha, kompaniya shunday displeyga ega smartfonni bu yilning oxirigacha bozorga chiqarishni rejalashtirmayapti.

Lekin DisplaySearch hamda DSCC asoschisi va yetakchi tahlilchisi Ross Yang (Ross Young) bu borada boshqacha fikrda. Unga ko‘ra, turli displeysozlar o‘rama ekran texnologiyasi bo‘yicha poygaga kirishgan; shunday ekan, o‘raluvchi smartfonlar davriga ham oz vaqt qolgan.

O‘QING: Sharp birinchi o‘rama televizorini «jonli» videoda ko‘rsatdi!