Original iPhone X displeyining qalbakisidan farqlari (+video)

  •   DiMaX
  •  1691
  •  29.05.2018 13:43

Original iPhone X displeyining qalbakisidan farqlari (+video)

Apple korporatsiyasining yubiley superflagmani – iPhone X anchagina qimmat turishidan tashqari, buzilib qolsa uni ta’mirlatish ham arzonga tushmaydi. Xususan, kupertinolikning o‘z tarmog‘iga tegishli bo‘lmagan ustaxonalarda bu smartfonga original bo‘lmagan qismlar qo‘yib berishlari ehtimoli yuqori.

O‘QING: Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

 Jumladan, iPhone X ekrani sinib qolsa, unga Apple servis markazlarida o‘rnatiladigan original OLED-displey hamda boshqa ustaxonalarda qo‘yib beriladigan nooriginal ekranlar o‘zaro jiddiy farqlarga ega.

Quyida shulardan asosiylarini ko‘rib chiqamiz:

  1. Tashqi ko‘rinishi. Bir qaraganda, original va nooriginal displeyni ajratish qiyin. Ularning farqlari faqat ekranning orqa tomonini ko‘zdan kechirgandagina namoyon bo‘ladi. Nooriginal displeyning orqa tomonida Apple konnektori yo‘q, bu esa uzatiladigan signal sifatiga ta’sir etishi mumkin.
  2. Ekran qalinligi. Nisbatan arzon turuvchi ekranlar Apple qo‘llaydigan original displeyga qaraganda qalinroq bo‘ladi.
  3. Smartfon qalinligi. Original bo‘lmagan displey o‘rnatilganidan so‘ng iPhone X qalinligi sezilarli darajada oshadi. O‘zi shundog‘am anchagina og‘ir va qalin – 7.56 millimetr bo‘lgan ayfon qalinligi endi 8.05 millimetrga borib qoladi.
  4. Avtomatik yorqinlik va Face ID. Tekshirib ko‘rilgan nooriginal displeylarda ekran yorqinligining avtomatik sozlanishi funksiyasi ishlamagan. Ammo yuzni tanish funksiyasi me’yoriy tarzda ishlashda davom etgan.
  5. 3D Touch. Ekranga teginishlarning davomiyligi va kuchliligiga ko‘ra turli funksiyalarni taqdim etuvchi ushbu texnologiya original bo‘lmagan displeylarda me’yorida ishlamaydi. Masalan, ulardan ayrimlarida turli darajadagi teginishlarga interfeysning ma’lum bir qismigina javob bergan, boshqalarida esa displey 3D-teginishni umuman farqlay olmagan.
  6. Tasvir sifati. Begona displeylarda kontent originalidagidek tiniq bo‘lmaydi. Ularda ranglar Apple qo‘llayotgan ekranlardagi kabi yorqin va jonli chiqmaydi. Umuman olganda, iPhone X’ga ko‘pchilik ta’mirlash markazlarida original OLED-displey emas, balki arzon LCD-panellar qo‘yib berishadi. Natijada superflagmanning yuksak texnologik displeyi go‘zalliklaridan, imkoniyatlaridan mahrum bo‘lasiz.

O‘QING: iPhone sotishdagi eng keng tarqalgan aldovlar va ularga aldanmaslik yo‘llari

Mana, quyidagi videolavhada original hamda nooriginal iPhone X displeylari orasidagi farqlarning bariga o‘zingiz guvoh bo‘ling:

Xullasi kalom, har qanday smartfonning ekranini almashtirganda originalini o‘rnatgan ma’qul. Undan ham yaxshisi – albatta, telefoningizni shikastlanishdan saqlaganingiz yaxshi.

O‘QING: Ekranni turli qirilish-chizilishlardan tozalashning 6 uslubi