Ortga nazar: kutilmagan brendlardan noodatiy telefonlar

Ortga nazar: kutilmagan brendlardan noodatiy telefonlar

Yirik smartfon brendlari bilan yaxshi tanishsiz. Agar saytimizni muntazam ravishda kuzatib borsangiz, ular haqida har kuni yangiliklardan boxabar bo‘lib borasiz. Lekin ba’zida smartfon sanoatiga aloqador bo‘lmagan kompaniyalar ham o‘zlarining asosiy biznesini to‘ldirish maqsadida smartfon yoki oddiy telefon ishlab chiqaradi. Quyida mana shunday misollardan ba’zilariga e’tibor qaratamiz. Bunday smartfonlar juda ham o‘ziga xos bo‘ladi.

Marshall London
Marshall kompaniyasi o‘zining gitara kuchaytirigichlari va boshqa audio uskunalari bilan yaxshi tanilgan. Kompaniya 2015-yilda Android smartfon ham ishlab chiqargan.

Marshall London deb nomlangan ushbu smartfon o‘ta o‘zgacha qurilma edi, sababi u bir emas, ikkita audio jekka ega bo‘lgan. Bu esa bir vaqtning o‘zida ikki kishining smartfondan musiqa tinglashiga imkon yaratgan. Audio jeklarning har biri umumiy signalni qabul qilmasdan, maxsus Wolfson WM8281 tovush konsentratoriga ega bo‘lgan. Bu bilan har bir quloqchinga uzatilayotgan ovoz balandligini alohida nazorat qilishga imkon yaratilgan. Ha aytgancha, Marshall London ovoz nazorati tugmasi ham o‘zgacha edi.

Smartfondagi audio jeklarning qiziq tomoni shundaki, ulardan kiritish porti sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan. Jeklarning biriga gitarani, ikkinchisiga esa quloqchinni ulash mumkin edi. Yuqorida ham ta’kidlaganimizdek, gitara kuchaytirigichlari Marshall'ning asosiy biznesi hisoblanadi. Marshall London smartfoni bu biznesga mukammal bezak bo‘lgan. Smartfonda oldindan o‘rnatilgan bir necha ovoz yozish ilovalari bo‘lgan. Bu dasturlarni M tugmasini bosish bilan ochish mumkin edi.

Misol uchun, LoopStack ilovasi qisqa ovoz yozish va uni eshitib ko‘rish imkonini berardi.

Audio jeklarning biriga mikrofon ulasa ham bo‘ladi. Lekin Marshall London'ning o‘zi yuqori sifatli stereo mikrofonlarga ega edi. Smartfon kuchli old dinamikka ham ega bo‘lgan. Musiqa bilan shug‘ullanuvchilar uchun Marshall London zo‘r smartfon bo‘lgan. Vaholanki, Android smartfon sifatida London unchalik ham yaxshi qurilma emasdi. 4.7" IPS LCD ekran, 720p rezolyutsiya, sekin ishlovchi Snapdragon 410 chipi, 2GB operativka va 16GB doimiy xotiradan ham buni sezish mumkin. Marshall London 585 dollar narxda sotuvga chiqqan. Qurilma texnik jihatdan mukammal bo‘lmasa ham, musiqiy imkoniyatlar borasida hatto hozirgi flagmanlar ham Marshall London'ning oldida ip ehsa olmaydi.

Ulysse Nardin Chairman
Marshall London kompaniyaning biznesi smartfon ko‘rinishida muvaffaqiyat bilan namoyish qilingani namunasi bo‘lsa, Ulysse Nardin Chairman bunday emas. Agar shohona shved mexanik soatlari bilan tanish bo‘lmasangiz, Ulysse Nardin nomini eshitmagan bo‘lsangiz ham kerak.

Kompaniya bir necha o‘n yillardan beri avtomatik soatlar ishlab chiqaradi. Avtomatik soatlar, aslida, mexanik soat bo‘lib, ularda bilagingiz harakatlanishi bilan soat muruvvati avtomatk ravishda buraladi. Bu esa soat faqat uni taqsangizgina quvvatlanadi deganidir. Xuddi shu konsepsiyani telefonlarga ham tatbiq qilish yaxshi fikr bo‘lardi.

Soatsoz kompaniya xuddi shu g‘oyani Chairman telefoni bilan amalga tatbiq qilishga harakat qildi. Telefon orqasida maxsus tosh bo‘lib, u telefon qimirlashi bilan aylanar edi. Prujinani burash o‘rniga bu akkumulyator quvvatini oshirishga xizmat qilardi. Ko‘rinishidan chiroyli bo‘lgan bo‘lsa-da, bu komponent aslida akkumulyator avtonomligini sezilarli darajada oshirmagan.

Bu telefon amaliy ahamiyatga ega bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq shohona mahsulot vazifasini bajarishga mo‘ljallangan edi. Xuddi Ulysse Nardin soatlari bilan bo‘lgani kabi, 1846 dona nusxada ishlab chiqarilgan Chairman telefonlarining har biri sifat yo‘riqnomalariga qat’iy amal qilgan holda qo‘lda yig‘ib chiqilgan.

Bazaviy model narxi 14 000 AQSh dollaridan boshlangan (bu shohona shved soatlari standartlariga ko‘ra, o‘rta narx). Ammo agar qo‘lda kesilgan 17 karatlik 3 000 dona olmos ham o‘rnatilishini xohlasangiz, telefon narxi 100 ming dollardan ham oshishi mumkin edi. 3 mingta olmoslarni telefonga qo‘yib chiqish uchun 700 ish soati va yetti oy muddat kerak bo‘ladi.

Telefonning o‘ziga qaytsak, Ulysse Nardin Chairman 2009-yilgi telefonlarga qaraganda nisbatan kuchli qurilma edi. Telefon 2.8" tachskrin, 5MP kamera, Wi-Fi aloqasi va hatto barmoq izi skaneriga ham ega bo‘lgan (qiyos uchun, birinchi barmoq izi skaneriga ega iPhone 2013-yilda chiqqan — iPhone 5s). Yomon emas, lekin ko‘pchiligimiz uchun o‘ta qimmat.

Puma Phone
Puma Phone (Sagem tomonidan ishlab chiqarilgan) akkumulyator avtonomligini uzaytirishning nisbatan amaliy usulini o‘zida mujassam etgan edi — telefon orqasida quyosh paneli bo‘lgan. Telefonni bir soat quyosh nurida olgan quvvat yarim soat musiqa tinglash yoki 30 ta SMS yozib jo‘natishga yetishi aytilgan. Leekin, aslida, telefondagi quyosh paneli umuman yaxshi ishlamagan.

2010-yilda taqdim qilingan telefonning 240x320p rezolyutsiyaga ega 2.8" rezistiv tachskrin ekrani va 3.15MP kamerasi bor edi. Wi-Fi mavjud bo‘lmagan.

Telefon GPS, velo treker, yugurishni kuzatib borish funksiyasi va qadamlarni sanab borish xususiyatlariga ega bo‘lgan. Puma telefonidan sportga ixtisoslashgan telefon kutamiz-da!

Puma Phone smartfon bo‘lmasa ham, Facebook, Twitter, Flickr va YouTube, Puma Icon Messaging va chat kliyentga ega edi. 240x180p rezolyutsiyali old kamerasi bilan esa 3G video qo‘ng‘iroqlarni ham amalga oshirish mumkin bo‘lgan. Telefon narxi 450 dollar bo‘lgan.

Adidas miCoach
Aka-uka Dasslerlar o‘rtasidagi raqobat faqat sport kiyimlari bilan chegaralanib qolmagan. 2008-yilda Samsung F110 telefoni Adidas miCoach sifatida qayta taqdim qilingan.

miCoach Adidas yurak urishi nazorati tasmasi va oyoq kiyimga o‘rnatiluvchi yugurish sensori bilan simsiz ulana olardi. miCoach dasturiy ta’minoti treynerlik vazofasini yaxshi bajara olgan. Masalan, dastur sizga 1 km masofaga imkon qadar tez yugurish topshirig‘ini berishi mumkin edi. Ushbu mashq turi yugurishingizni baholab, joriy salomatlik darajangizni aniqlab berardi.

Telefon bilan bir necha fitness maqsadlar, masalan, «Yugurishni o‘rganish», «Vazn tashlash», «Tezroq yugurish», «Uzoqroq yugurish» kabilarga erishish mumkin bo‘lgan. Mashg‘ulotlar borasidagi ma’lumot kompyuteringizga sinxronlanib borilardi.

Hozirda yuqoridagi funksiyalarning aksariyati aqlli tasma va aqlli soatlarda mavjud, biroq ba’zi smartfonlar maxsus tashqi sport moslamasini ulashga mo‘ljallangan ANT+ ni hali ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Vodafone 555 Blue
Vodafone 555 Blue telefoni Facebook uchun mo‘ljallangan edi. HTC ChaCha yoki HTC First'lardan farqli o‘laroq bu telefon sizni Facebook'ka ulashdan boshqa vazifani bajarmagan.

ChaCha kabi Vodafone 555 Blue landshaft displeyi (2.4", 320x240p) va moddiy QWERTY klaviaturasiga ega edi. Klaviaturaning pastki o‘ng burchagida Facebook logotipi tushirilgan tugmacha bo‘lgan. Uni bosish bilan Facebook tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish mumkin edi.

Qurilma smartfon bo‘lmasa ham, unga Vodafone Live! portalidan Java dasturlarini yuklash imkoni bo‘lgan. Bular qatoriga ba’zi o‘yinlar kirgan. 2011-yilda chiqarilgan va 60 funt sterling narxga ega bu telefon 2G aloqasiga ega edi.

Tasvirlar GSMArena.com saytidan olindi.

O‘QING: Dunyodagi eng qimmat 10 smartfon

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.