O‘ta arzon Galaxy A2 Core taqdim etildi: Redmi Go’ning asosiy raqibi!

  •   DiMaX
  •  3279
  •  16.04.2019 10:46

O‘ta arzon Galaxy A2 Core taqdim etildi: Redmi Go’ning asosiy raqibi!

Nihoyat, Samsung kompaniyasi Android Go tizimli uchinchi smartfoni – Galaxy A2 Core’ni namoyish qildi. Mazkur platformaga ega avvalgi ikkita model Galaxy J turkumida bo‘lsa, bunisi Galaxy A seriyasiga mansub, ammo o‘ta arzon – narxi 76 AQSh dollariga teng!

O‘QING: RASMAN: Samsung hamyonbop turkumidagi smartfonlarini endi ishlab chiqarmaydi! (+video)

Shunday qilib, Samsung Galaxy A2 Core diagonaliga 5 dyuymlik ekranga ega, uning tasvir aniqligi esa 960x540 pikselni tashkil etadi. Arzon bo‘lsa-da, smartfon naq sakkiz yadroli Exynos 7870 protsessori bilan ta’minlangan, unda tasvirlarni qayta ishlash uchun GPU Mali-T830 grafik chipi mavjud.

Galaxy A2 Core kompaniyaning bu yilgi eng arzon smartfoni bo‘lib, tezkor xotirasi ham shunga yarasha – 1 gigabaytlik. Gadjetning so‘nggi avlod, lekin «qisqartirilgan» Android 9.0 Pie (Go Edition) operatsion tizimida ishlashini hisobga olsak, shuning o‘ziyam yetarli. Tezkor xotirasi 16 gigabayt, yana unga 256 gigabaytgacha hajmli microSD-karta qo‘yish mumkin.

Plastikdan ishlangan korpusining o‘lchamlari 141,6x71x9,1 millimetrni, vazni esa 142 grammni tashkil etadi. Aytish kerakki, Hindistonda bo‘lib o‘tgan mazkur taqdimotga qadar Samsung’ning eng kichik o‘lchamli smartfoni boshqasi edi.

O‘QING: Galaxy A20e – hamyonbop turkumning eng ixcham, lekin «beli baquvvat» vakili!

Qurilmaning asosiy kamerasi 5 megapiksellik tasvir datchigiga hamda F/1,9 diafragmali ob’yektivga ega. Selfilar uchun ham 5 megapiksellik modul ajratilgan, ammo uning ob’yektivi F/2,2 diafragmali. Galaxy A2 Core barmoq izi skaneriga ega emas, akkumulyatori 2600 mA/soatlik. Smartfon to‘rtinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i – LTE modemi, Wi-Fi 802.11n hamda Bluetooth 4.2+LE adapterlari hamda GPS moduli bilan ta’minlangan.

Samsung mazkur smartfonini Xiaomi’ning eng arzon Redmi Go modeli bilan bir xil narxda taqdim etgan, demak – ularni solishtirish o‘rinli. Janubiy koreyaliklarning gadjeti protsessorning samaradorligi (Galaxy A2 Core chipi 8 yadroli, Redmi Go’da esa – 4 yadroli) hamda doimiy xotirasi (16 GB, xitoyliklarda esa – 8 GB) borasida ustun. Lekin «xitoycha Apple»ning arzon modeli 8 MPlik kamerasi va 3000 mA/soatlik batareyasi (janubiy koreyaliklar smartfonida – tegishlicha 5 MP va 2600 mA/soat) bilan raqibidan yuqori.

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi’ning eng arzon Redmi Go smartfonini Terashop.uz internet-do‘konimizdan atigi 603 000 so‘m evaziga sotib olish mumkin. Samsung telefonlarini esa 451 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda xarid qilish imkoni bor.

O‘QING: AnTuTu narxiga munosib smartfonlar reytingini e’lon qildi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!